Kecha, 23 oktyabr kuni Quddus shahridagi “Al-Aqso” masjidi imom-xatibi Yunus Saloh Odil boshchiligidagi delegatsiyani O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qabul qildi.
Uchrashuvda muftiy hazratlari mehmonlarning tashrifi bilan qutlab, mamlakatimizning ushbu muqaddas diyor bilan aloqalari rivojlanib borayotgani haqida so‘zlab berdilar. Masjidul Aqso mo‘min-musulmonlar uchun Makka va Madina shaharlaridagi Masjidul Haromlardan keyingi uchinchi ulug‘ qadamjo hisoblanishi to‘g‘risidagi nodir ma’lumotlarni bayon qildilar.
Yunus Saloh Odil janoblari mana shunday ulug‘ allomalar yetishib chiqqan tabarruk O‘zbekiston zaminini ziyorat qilganidan baxtiyor ekanini izhor qildi. Mehmon safar davomida olgan tassurotlarini o‘z xalqiga so‘zlab berishini va ularni bu diyorlarni ham ziyorat qilishga chorlashini ta’kidladi. O‘z navbatida o‘zbekistonliklarni ham Quddusi sharif ziyoratiga taklif etdi.
Shuningdek, uchrashuvda ziyorat turizmini rivojlantirish va ikki davlat ulamolari hamkorligini yo‘lga qo‘yish borasida fikr-mulohazalar almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Buxgalteriya bo‘limi mudiri o‘rinbosari Burxon Nazarovning padari buzrukvorlari Baxtiyor hoji otaning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhum otaxonning yaqinlariga, xususan, Burxon Nazarovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun peshin namozidan so‘ng poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Katta Qozirobod" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz