O‘zbekiston musulmonlari idorasining tashabbusi bilan “Eng ma’rifatli imom” tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish belgilanib, mazkur tanlovni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha katta tayyorgarlik ishlari ko‘rildi. Tanlovda o‘z hududida ma’naviy-ma’rifiy ishlarda faollik ko‘rsatgan, yuqori kasbiy mahoratga ega, xalq orasida yuksak obruga ega bo‘lgan, tashabbuskor, innovatsion g‘oyalar yaratuvchisi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydalana oladigan eng iqtidorli imom-xatiblarni aniqlashdan iborat.
Uch bosqichda o‘tkazilishi belgilangan tanlovning birinchi shahar va tumanlararo bosqichi joriy yil 5,6 oktyabr kunlari Nukus shahri, Ellikqala va Amudaryo tumanlarida o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi Muhammadayyub Homidov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining qoraqalpog‘istonlik ulamolar va diniy soha xodimlariga yo‘llagan salomini yetkazdi. So‘ng Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamsutdin Bauatdinov so‘zga chiqib, bunday diniy-ma’rifiy tanlovlarni o‘tkazishda tashabbuskorlik ko‘rsatgan Diniy idora Rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi va ishtirokchilarga omadlar tiladi.
Tanlovda turli nominatsiyalarda imomlardan tashqari masjidlarda fidokorona xizmat qilib kelayotgan xodimlar ham Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tarafidan «Faxriy yorliq» va esdalik sovg‘alar bilan munosib taqdirlandi.
“Eng ma’rifatli imom” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblari:
I o‘rin: Matsapayev Abduraxman (Amudaryo tumani “Yusuf eshon bobo” jome masjidi imom-xatibi);
II o‘rin: Abudjanov Toirjon (Turtkul tumani “Turtkul” jome masjidi imom-xatibi);
III o‘rin: Jumamuratov Yaqub (Taxiyatosh tumani “Muhammad Murod eshon” jome masjidi imom-xatibi).
“Eng namunali imom-noibi”
- Jolaushiyev Aybek (Nukus shahri Imom eshon Muhammad jome masjidi imom-noibi),
“Eng ko‘p obuna uyushtirgan imom”
- Idrisov Azat (Qorauzyak tumani “Idris eshon” jome masjidi imom-xatibi),
“Eng targ‘ibotchi imom”
- Seytjanov Bekmurza (Chimboy tumani “Xan” jome masjidi imom-xatibi),
“Eng xushovoz muazzin”
- Allambergenov Ilhom (Nukus shahri “Imom eshon Muhammad” jome masjidi muazzini),
“Eng ishbilarmon mutavalli”
- Abdijamilov Baxram (Nukus shahri “Imom eshon Muhammad” jome masjidi mutavallisi)
“Eng mirishkor bog‘bon”
- Najimov Raxmanberdi (Kegayli tumani “Eshon qal’a” jome masjidi bog‘boni),
“Eng namunali masjid”
- Taxiyatosh tumani “Sariq eshon” jome masjidi (masjid imom-xatibi Umirzaqov Rafatdin)
“Eng namunali tahoratxona”
- Turtkul tumani “Yonboshqal’a” jome masjidi tahoratxonasi (masjid imom-xatibi Qlichev Dosnazar)
Islamatdin Allanov
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Bismillahir Rohmanir Rohim
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.
Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.
Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.
Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.
Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.
Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.
Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.
Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.
Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.
Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:
– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;
– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;
– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;
– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;
– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;
– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;
– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;
– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;
– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.
Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.
Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.
Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:
“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.
Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!
Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!
Hurmat va kamoli ehtirom ila,
O‘zbekiston hojilari,
Makka shahri Arafot vodiysi,
2025 yil 5 iyun