Kecha, 22 oktyabr kuni Malayziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Xendi Assan O‘zbekiston musulmonlari idorasiga keldi. Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari elchi bilan muloqot o‘tkazdilar. Uchrashuvda muftiy hazratlari Xendi Assanni elchi etib tayinlangani bilan qutlab, diniy idora faoliyati, diniy ibodatlarni emin-erkin va tinchlik-osoyishtalikda ado etib kelinayotgani, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan juda katta ishlar qilingani haqida gapirib berdilar.
Muloqot davomida muftiy hazratlari bir tarixiy voqeani shunday hikoya qilib berdilar:
– Men Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy masjidida imom-xatib bo‘lib 30 yil ishladim. Ko‘p davlat rahbarlari bilan uchrashdim. Ayniqsa, 1987 yilda Malayziya bosh vaziri Muhammad Muxatir janoblari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv hamon yodimda. U kishining oliyjanobligi, oqil va dono siyosatchi ekani menda juda katta taassurot qoldirgan. Shundan menda Malayziya xalqiga mehr uyg‘ongan.
Malayziya elchisi Xendi Assan shunday so‘zlarni bayon qildi:
– O‘zbekiston bilan Malayziya davlatlarini bir-biriga bog‘laydigan juda ko‘p rishtalar bor, ayniqsa, Imom Buxoriy nomini eshitganda, butun Malayziya xalqi quvonadi. Muftiy hazrat siz eslab o‘tgan Malayziya bosh vaziri Muhammad Muxatir janoblari esa O‘zbekiston va Malayziya davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatgan birinchi diplomat hisoblanadi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan Malayziyaga nisbatan vizasiz tartib joriy etilganidan keyin sayyohlar soni ortdi. Bu zaminning ziyorat turizmi borasidagi salohiyati juda katta. Shu yil oktyabr-noyabr oylarida Malayziyaning Salava shtati muftiysi O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilgan. Islom ulamolari o‘rtasidagi mana shunday tashriflarning ko‘payishi juda yaxshi natijalarni beradi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Zuhd – dunyoga bemayl, behavas bo‘lishlik, nafsini tiyishlik, taqvodorlik demakdir. Shunday ekan o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: badavlat odam ham zohid bo‘ladimi?
Sufyoni Savriy rahimahulloh hazratlaridan: “Badavlat odam ham zohid bo‘ladimi?” deb so‘ralganida, u zot: “Ha! Agar mol-dunyosi ko‘payganida shukr qilsa, kamayganida ham shukr, ham sabr qilsa”, deb javob bergan ekanlar.
Aliy roziyallohu anhu: “Agarda bir kishi yer yuzidagi hamma narsani qo‘lga kiritib, u orqali Allohning rizosini ko‘zlasa, demak, u zohiddir! Agar u hamma narsani tashlasa-yu, bundan Allohning roziligini maqsad qilmasa, demak, u zohid emasdir”, deganlar.
Podshoh zohidning oldiga borib: “Sening o‘ta zohidligingni bilib, oldingga keldim”, debdi. Zohid esa: “O‘zimdan-da zuhdda mahkamroq kishiga yo‘llab qo‘yaymi seni?” debdi. “Mayli”, debdi podshoh. Zohid esa: “Bu sensan... Chunki men bu o‘tkinchi dunyodan yuz o‘girdim. Sen bo‘lsang boqiy jannatga orqa o‘girgansan (ya’ni, haqiqiy yuz o‘giruvchi sensan)”, debdi.
Mol-dunyoni ko‘paytirish yoki vaqtinchalik lazzat uchun abadiy jannatdan voz kechish mumkinmi?!
Alloh taolo aytadi: «Ayting: “Albatta, namozim, ibodatim va hayotu mamotim olamlar Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir”»[1].
Xalifa Hishom ibn Abdulmalik Solim ibn Abdullohni ka’baning oldida ko‘rib: “Mendan birorta hojatingizni so‘rang”, dedi.
U zot javoban: “Allohga qasamki, men Allohning uyida turib Allohdan boshqadan so‘rashdan hayo qilaman”, dedi. Baytullohdan chiqqanidan so‘ng Hishom ibn Abdulmalik: “Allohning uyidan ham chiqdingiz, endi so‘rang!” – dedi. “Dunyo hojatlaridanmi yoki oxiratmi?” – dedi Ibn Abdulloh. Hishom ibn Abdulmalik: “Dunyo hojatlaridan”, dedi. Shunda Ibn Abdulloh: “Dunyoga molik bo‘lgan Zotdan so‘ramadim-u, qanday qilib egasi bo‘lmagandan so‘rayman”, degan ekan.
Bir solih zotga: “Dunyodan yuz o‘girib, go‘sht, tuxum va lazzatli taomlarni tark etgan kishi haqida nima deysiz?” – deb savol berishdi. U: “Zuhd bilan lazzatli narsalardan voz kechishning bir-biriga nima aloqasi bor?! Xohlagan narsasini yeyaversin va Allohga haqiqiy taqvo qilsin”, dedi.
Agar haromdan hazar qilib, haloldan yesangiz, Alloh buni yomon ko‘rmaydi. Alloh harom qilgan narsalardan chetlanib, lazzatli narsalarni yeyayotgan bo‘lsangiz, buning ham karohiyatli joyi yo‘q.
Ota-onangizga yaxshilik qilayapsizmi?!
Yaqin qarindoshlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz bilan munosabatlaringiz qanday?!
Qiynalganlarga yordam beryapsizmi?!
Achchig‘ingiz chiqqanda g‘azabingizni yenga olayapsizmi?!
Sizga yomonlik qilganlarga ham yaxshilik qilish qo‘lingizdan kelyaptimi?!
Kamiga sabr qilib, ko‘piga shukr qilyapsizmi?!
Mana shu savollarga to‘liq javob bera olsangiz, bilingizki siz Allohning roziligiga erishasiz.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] An’om surasi, 162-oyat.