Bugungi kunda aksar insonlarning dinu diyonatdan yiroqlashib ketishlarining sabablarini o‘rgangan olimlar quyidagi xulosalarini bayon qildilar:
1) Ruhiyatga beparvo bo‘lib, bor e’tiborlarini tana go‘zalligi-yu, tashqi ko‘rinishlarni sayqallashga qaratishlaridir.
Alloh taolo insonni tana va ruhdan iborat qilib yaratdi. Ayrim insonlar bizni ezguliklarga undab turadigan, Allohga qurbat hosil qilishimizga sabab bo‘ladigan ruhiyatni oziqlantirish o‘rniga, tanani rohatiga qaratdilar. Ularning asosiy maqsadi yeb-ichish, huzur-halovatda yashash, kayfu-safodan iborat bo‘lib qoldi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan oldin aytgan vasiyatlarini unutdilar.
«الصلاة الصلاة وما ملكت أيمانكم»
Namozga ehtiyot bo‘ling! Namozga mustahkam bo‘ling! Qo‘l ostingizdagilarga yaxshi munosabatda bo‘ling!
Holbuki, namoz ruhiy ozuqalarning eng asosiysidir.
Bizning ruhimizni oziqlantiradigan namozlarimiz qay ahvolda?!
2) Aqida (e’tiqodning) zaifligi va shar’iy ilmlarga bee’tiborlik.
Asri saodatda yashab o‘tgan sahobai kiromlar bilan bizning bugungi kundagi ahvolimizni taqqoslasak, Alloh taoloning shariatidagi hukmlarga amal qilish, amrini bajo keltirish va qaytarganlaridan saqlanishda juda katta farqni ko‘ramiz. Buning asosiy sababi, ularning mustahkam e’tiqodlaridir.
Bizning aqidamizning ahvoli qanday?!
Shar’iy ilmga e’tiborimiz qanday ahvolda?! Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz Islom ummatini shariat ilmlarini puxta egallashga chaqirmadilarmi?! Ul zot o‘zlarining muborak hadisi shariflarida:
«مَن يُرِدِ اللهُ به خيرًا يُفَقِّهْهُ في الدِّينِ»
(صحيح البُخاري؛ برقم: 71)
«Kimgaki Alloh yaxshilikni iroda qilsa uni dinda faqih qilib qo‘yadi», deganlar (Imom Buxoriy “Sahih” 71-raqam, “Fathul Boriy”)
3) Islom dini haqida noto‘g‘ri tushunchaning shakllanishi.
Jamiyatda ayrim kishilarning Islom haqidagi xato e’tiqodlari shunday shakllanib qolganki, ularning fikricha din faqat rasm-rusumlardangina iborat bo‘lib, u faqat masjidda, uning na insonga, na jamiyatga, na borliqqa aloqasi bor, degan botil e’tiqod butun vujudlariga singib ketgan. Holbuki, Islom manbalarida, insonni hayotiga tegishli yuz mingdan ortiq mavzu va masalalarni o‘z ichiga olgan fiqh qitoblari mavjuddir. Alloh o‘zining dinida bayon qilmagan biror narsaning o‘zi yo‘q.
{وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ}
[النحل:89]
Sizni esa (Ey Muhammad), ana ular (o‘z ummatingizga) guvoh qilib keltirurmiz. Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo‘lgan Kitob (Qur’on)ni nozil qildik. (Nahl surasi 89-oyat).
4) Keragidan ortiq darajada dunyo bilan mashg‘ul bo‘lish.
Dunyo muhabbati, mol-mulkka o‘chlik, hukmronlikka intilish, mashhurlik vasvasasi va hokazolar…
Bularning barchasi insonni diyonatdan uzoqlashishiga sabab bo‘ladigan omillardir
5) Ko‘ngilochar narsalarning ko‘payib ketishi.
Ayniqsa, hozirgi texnika asrida insonlarni o‘ziga asir qilib olgan, vaqtlarini yeb bitirayotgan “o‘rgimchak to‘ri”, televizor, telefon, turli ijtimoiy tarmoqlar. Bu kabi umr zavoli bo‘lgan “ko‘ngil ovunchoqlarini” yana uzoq davom ettirish mumkin…
Bularning barchasi oxiratni unitishimizga sabab bo‘ladi.
6) Sodir etilgan gunoh ma’siyatlar sabab Allohning rahmatidan noumid bo‘lish.
Haqqa qaytishda insonga ro‘baro‘ bo‘ladigan xatarlardan biri Shaytonning doim avvalgi gunohlar inson bilan Allohning o‘rtasida g‘ov bo‘ladi degan gumonni urchitaverishidir.
Alloh taolo o‘zining muborak kalomida shunday marhamat qiladi.
{إنَّ اللَّهَ لاَ يَغْفِرُ أَن يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَن يَشَاء وَمَن يُشْرِكْ بِاللَّهِ فَقَدِ افْتَرَى إِثْمًا عَظِيمًا}
[النساء:48].
Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqani O‘zi xohlagan kishidan kechiradir. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, ulkan gunohni to‘qibdir (Niso surasi 48-oyat).
7) Oxirat kuniga bo‘lgan ishonchning ozligi.
Taassufki, aksar insonlar bu haqiqatni his qilmaydilar. Agar qayta tirilish, mahshar kuni, Allohning huzurida tik turib hisob berish haqida fikr yuritganlarida edi, hech qachon Allohning chegaralarini bosib o‘tmagan bo‘lar edilar.
8) Shaytonga qarshi kurashmay qo‘yish.
Alloh maxluqotlarini yaratgan kunidan boshlab shayton (alayhil la’na) Odam va uning naslini halokatga duchor qilishni o‘ziga maqsad qilib olgan.
{إِنَّمَا يَدْعُو حِزْبَهُ لِيَكُونُوا مِنْ أَصْحَابِ السَّعِيرِ}
[فاطر:6]
Albatta, shayton sizlarga dushmandir, bas uni dushman tutinglar! U o‘z firqasini (o‘ziga ergashganlarni) do‘zax ahlidan bo‘lishga da’vat qilur (Fotir surasi 6-oyat).
Shaytonning vasvasalari va u nobakorning inson xayoliga kelmagan ming bir hiyla-nayranglariga uchib oxiratdagi saodatni qo‘ldan boy bermayapmizmi?!
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi Avazxo‘ja Baxromov manbalar asosida tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi