Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta bo‘ladi. Oilalarda parokandalik bo‘lsa, jamiyatning ham tinchi yo‘qoladi va alaloqibat tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtiyor jamiyat shakllanadi. Chunki o‘zaro mehrli bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ham bir-biriga mehribon bo‘ladi. Bu xususda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
Al-Mug‘ira bin Shu’ba roziyallohu anhu aytadilar: Men bir ayolga sovchi qo‘ydim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mendan: “Uni ko‘rdingmi?”, deb so‘radilar. Men: Yo‘q, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uni ko‘rgin, ko‘rib (bilib) turmush qurishlik o‘rtangizda ulfat va muhabbat paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Oilada yuksak ma’naviy muhitni tashkil etish juda muhim. Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er-xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi.
Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishi darkor. Er o‘z o‘rnini yo‘qotgan, xotin esa erning mavqeiga da’vogarlik qilgan oilalarda nafaqat notinchlik bo‘ladi, balki el-yurt, mahalla-ko‘y orasida ham bunday oilaning hurmati bo‘lmaydi. Zero, oilani boshqarish mas’uliyatini Alloh taolo Qur’oni karimda erkaklarning zimmasiga yuklagan.
Yana bir muhim masala: oilani bus-butun saqlab qolishdir. Dinimizda oila qurishga targ‘ib etish bilan birga, uni yaxshilik bilan tutishga buyurilgan. Agar er-xotin o‘zaro kelisha olmagan taqdirlarida isloh qilish uchun har ikki tomondan hakamlar jalb etish lozim bo‘ladi.
Qur’oni karimda shunday deyilgan:
“Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir” (Niso surasi, 35-oyat).
Ushbu oyati karimadan er-xotinning orasini isloh qilish g‘oyat savobli amal ekani ayon bo‘ladi. Shuning barobarida, oilani saqlab qolish masalasiga jamiyat a’zolari befarq bo‘lmasligi shariatimiz talabidir. Illo, dinimiz bo‘linishni, ajralishni emas, birlashishni, jipslikni yoqlaydi.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi Miryoqubboy Mirkarimboy jome masjidi imom-xatibi
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov