Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Sa’d kelayotgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mana bu mening tog‘am. Bas, kim menga o‘z tog‘asini ko‘rsata oladi!», dedilar”.
Termiziy rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kishini tog‘am deyishlariga sabab, ma’lumki, U zotning onalari Omina binti Vahb Bani Zahra qabilasidan bo‘lganlar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu ham Banu Zuhra qabilasidan bo‘lganliklari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini tog‘am deganlar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohu anhuning to‘liq qismlari Sa’d ibn Molik ibn Uhayb ibn Abdumannof ibn Zuhra ibn Kilob ibn Murra bo‘lib, nasablari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Kilob ibn Murrada birlashadi.
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohu anhu birinchi bo‘lib islomga kirgan kishilardan hisoblanadilar. U kishi bu haqda shunday deganlar:
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men Islomga kirgan kunimdan avval birov islomga kirmagan edi. Ta’kidki, yetti kungacha Islomning uchdan biri bo‘lib terdim»
Buxoriy rivot qilgan
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohu anhu Islomga qanday kirganlari quyidagilarni aytadilar: “Islomga kirishimdan uch kun ilgari tushimda o‘zimni qatma-qat zulmatlarning ichida qolganimni ko‘rdim, uning to‘foni ichida tipirchilab turganimda birdan menga oy nur sochib qoldi. Men u tomon yurdim. O‘z oldimda ul oyga mendan oldin borganlarni ko‘rdim. Zayd ibn Xorisa, Ali ibn Abu Tolib va Abu Bakr siddiqni ko‘rdim. Ularga:
«Bu yoqqa qachon keldingiz?», dedim.
«Bu soatda», dedilar.
Erta bilan menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yashirin ravishda Islomga da’vat qilayotganliklarini xabari yetdi. Shunda Alloh menga yaxshilikni iroda qilganini, meni zulmatlardan nurga chiqarishini iroda qilganini bildim. Bas, U zot tomon shoshilib bordim. Jiyod darasida uchratdim. Namoz o‘qib turgan ekanlar. Musulmon bo‘ldim. Tushimda ko‘rganlardan boshqa mening oldimga tusha olmagan…”.
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohuanhu Islomga kirganlarida u kishi o‘n yetti yoshda edilar. U kishi yoshliklaridan baquvvat, shijoatli bo‘lib o‘sib ulg‘aydilar va ko‘plab fazilat va baxtlarga ega bo‘ldilar. Jumladan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qo‘riqchi bo‘lishlik baxtiga erishganlar:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida bir kecha uyqulari qochdi va:
«Sahobalarimdan bir solih kishi meni kechasi qo‘riqlaganida edi», dedilar.
Biz shundoq holda turganimizda silohning shitirlagani eshitilib qoldi. Bas, U zot,
«Kim bu?», dedilar.
«Sa’d ibn Abu Vaqqos», dedi
«Nimaga kelding», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
«Ko‘nglimga Nabiy sollallohu alayhi vasalam haqida havf tushib, U zotni qo‘riqlagani keldim», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga duo qilib, so‘ngra uyquga ketdilar”.
Termiziy va Muslim rivoyat qilishgan.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhu vasallamning istaklariga binoan Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuni ko‘ngillariga U zotni qo‘riqlashlikni solib qo‘ydi. Bu esa Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuga Alloh taolo tomonidan berilgan fazilatlardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘ngillarini topib, istaklarini bajarib, duolarini olish yuksak darajadir. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu ana shunday kishilardan edilar.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti 3 kurs talabasi Toshmatov Karimulloh
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Baquvvat va bo‘yi uzun bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tib ketdi. U zot sahobalar bilan birga o‘tirgan edilar. Sahobalar uning kuch va quvvatidan hayron qolib deyishdi:
– Yo Allohning Rasuli! Qani endi uning mana shu kuchi Allohning yo‘lida ishlatilganida edi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga dedilar:
– Agar u go‘dak bolalari uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u qari ota-onasi uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u riyo va faxrlanish uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir!
Insonlar faqatgina jangga qilich yalang‘ochlab chiqishni jihod deb o‘ylashadi. Qolgan narsalar ularning nazdida go‘yo bir maromdagi oddiy urf-odatlar. To‘g‘ri, jang qilish Alloh yo‘lidagi ishlar ro‘yxatining avvalida turadi. Ammo negadir «Allohning yo‘lida» deyilsa, eng avval miyaga jihod keladi. Holbuki, halol tirikchilik qilish ham Allohning yo‘lidagi ish!
Sahobalar insonning kuchi va quvvati faqat Allohning yo‘lidagi jihodda ishlatilishi kerak deb o‘ylashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tushunchalarini to‘g‘rilab qo‘ydilar. Ularga kishi xotini va bola-chaqasining tashvishida ko‘chaga chiqsa, ota-onasining xizmati uchun ko‘chaga chiqsa, uylanish uchun mahrga yaroqli narsa topish ilinjida uchun ko‘chaga chiqsa, u ham Allohning yo‘lida yurganini anglatdilar!
Alloh yo‘lida qilgan har bir halol amalingizning ajrini tasavvur qilib ko‘ring! Farzand va ayolingiz yaxshi yeb, yaxshi kiyinishi uchun ko‘chada, uyingiz tartibli bo‘lishi uchun uyingizda ishlashingiz oddiygina odatiy ish emas, Alloh yo‘lidagi kundalik jihoddir!
Ota-onangizni shifoxonaga olib borishingiz oddiy ish emas. Bu yaxshilik Alloh yo‘lidagi amalingizdir!
Bir bemorni ko‘rgani borishingiz oddiy insoniy burch emas. Bu Alloh yo‘lidagi ko‘ngil olishdir!
Birovning otasi yoki onasi vafot qilganida borib ta’ziya bildirishingiz oddiygina ijtimoiy ko‘rinish emas. Bu Alloh yo‘lida bir-biriga qilinadigan rahm-shafqatdir!
Toat, yaxshilik va ma’ruf ishda hayot kechirish barchasi Alloh yo‘lida hayot kechirishdir. Bu ishlardagi ajrni tasavvur qilsak, Alloh yo‘lidagi kurash bizga yengil kechadi!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi