Bugun, 18 oktyabr kuni Makka shahrida o‘tayotgan Islom olami uyushmasi Oliy kengashining 43-sessiyasida dastlabki notiqlar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nutq so‘zladilar.
U kishi o‘z nutqlarida musulmonlar o‘rtasida birdamlik, hamjihatlikni kuchaytirish, o‘zaro ahillikka erishish, turli ixtilof va firqachilikka barham berish kerakligi, sessiyaning qabul qilinadigan qarorlarida musulmonlarning umummanfaatini nazarda tutish maqsadga muvofiq bo‘lishi borasida to‘xtalib o‘tib, bu ishlar ayniqsa bugungi kunda davr talabi ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, O‘zbekistonda olib borilayotgan din sohasidagi islohotlar haqida gapirib berdilar.
Anjuman ishtirokchilari muftiy hazratlarining nutqlarini diqqat bilan tinglab, mazkur nutqdan ta’sirlanganliklarini, hazratning aytgan so‘zlari ularda katta taassurot qoldirganini bayon etdilar.
Anjumanda muhokama qilinayotgan masalalar haqida saytimizda batafsil yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda.
Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan.
Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda.
Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi.
Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy, Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.
Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati