Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Fevral, 2025   |   26 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:04
Peshin
12:41
Asr
16:25
Shom
18:12
Xufton
19:25
Bismillah
25 Fevral, 2025, 26 Sha`bon, 1446

Rossiyada o‘tkaziladigan Qur’on musobaqasida vakilimiz qatnashadi

17.10.2018   3346   1 min.
Rossiyada o‘tkaziladigan Qur’on musobaqasida vakilimiz qatnashadi

Bugun, 17 oktyabr kuni “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi-2018” Respublika bosqichi 18-25 yoshlilar o‘rtasidagi hifz yo‘nalishi 1-o‘rin sohibi, Andijon shahridagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” islom bilim yurti talabasi Muhammadiso qori Mahmudov shu yilning 18-21 oktyabr kunlari Qur’oni karimni tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasida o‘tkaziladigan XIX Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida ishtirok etish uchun Moskva shahriga jo‘nab ketadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur musobaqaning tashkilotchisi Rossiya musulmonlari diniy idorasi va Rossiya muftiylari kengashidir. Musobaqaning final bosqichida butun dunyodan 30 nafardan ortiq qorilar ishtirok etadi.

Shu yilning 21 oktyabr kuni Moskvadagi Crocus City Hall konsert zalida Qur’on bayrami o‘tkaziladi. Bayram tadbirida XIX xalqaro Qur’oni karim musobaqasining final bosqichi bo‘lishi aytilmoqda. Bu haqda Islam-today nashri xabar berdi. Shuningdek Qur’on bayrami mehmonlari turli ijodiy jamoalar chiqishlarini, mahorat darslarini, ko‘rgazmalarni, trening va bolalar shaharchalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘lishi qayd etilgan.

Xalqaro aloqalar bo‘limi

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ro‘za - majburiy ochlik emas!

24.02.2025   3571   4 min.
Ro‘za - majburiy ochlik emas!

Ro‘zaning  falsafasi – Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh

Ro‘za ibodati  faqat moddiy hayotni istaydigan kishilar uchun yot yoki inkor etiladigan ibodatdir. Chunki bunday kishilar faqat tananing ehtiyojilarini tan oladilar, ruhiyatni e’tiborga olmaydilar. Faqat dunyo hayotiga ishonadilar va oxirat kuniga e’tibor qaratmaydilar. Shuning uchun ham bunday kishilar shahvoniy istaklarni cheklaydigan, oz muddat bo‘lsa ham nafsni tarbiyalaydigan ibodatni yoqtirmaydilar.
Ba’zi odamlar faqat daromadni ko‘paytirish va turmush darajasini oshirish haqida o‘ylaydi, ammo bundan pokroq hayot kechirish uchun vosita sifatida foydalanishga ahamiyat bermaydi.
Ovqat inson organizmi uchun ikkita asosiy vazifani bajaradi.
Birinchisi – tananing harakatlanishiga yordam beradigan issiqlik bilan ta’minlash.
Ikkinchisi – tananing eskirgan hujayralarini yangilash va o‘sishini ta’minlaydi.

Diyetolog olimlarning aytishicha, inson tanasi kunlik faoliyatini ta’minlash uchun ma’lum miqdorda kaloriya talab qiladi. Lekin amaldachi? Agar insonga 100 kaloriya kerak bo‘lsa, u kamida 300 kaloriya iste’mol qiladi, hatto ba’zan 1000 kaloriyagacha yetishi mumkin!
Ovqat – inson uchun yoqilg‘i. U tanani quvvatlantirish uchun zarur. Avtomobil yoki boshqa texnika bilan inson organizmining farqi shundaki, mashinaning yoqilg‘i baki aniq bir miqdorni sig‘dira oladi va haddan tashqari to‘lish imkoniyati yo‘q. Ammo inson oshqozoni kengayish qobiliyatiga ega va keragidan ko‘p yeyilsa ham sig‘averadi.
Avtomobil yoqilg‘i bilan ta’minlanganda, u bakdagi so‘nggi tomchisigacha ishlatadi. Lekin insonning oshqozoni kerakli miqdorni qabul qilgandan so‘ng, ortiqcha qismni yog‘ shaklida to‘playdi, bu esa vazn ortishiga sabab bo‘ladi. Agar mashinada ortiqcha yoqilg‘i to‘planishi mumkin bo‘lganida, u tanaga plastik moddalar qo‘shish yoki g‘ildiraklarni kattalashtirish kabi tasavvur qilib bo‘lmaydigan natijalarga olib kelgan bo‘lar edi!
Inson ajablanarli mavjujotdir, u har doim yetarli miqdordan ko‘proq narsaga intiladi. Ba’zan u o‘z tanasiga zarar yetkazadigan narsaga erishish uchun hatto urishishgacha boradi. Qo‘lidagi ortiqcha resursni muhtoj kishilarga yordam berish yoki kambag‘allarga oziq-ovqat sifatida tarqatish o‘rniga, o‘zi uchun zaxira qilib to‘playdi.

Bir kuni men ko‘p tamaki chekishni yaxshi ko‘radigan bir do‘stim bilan uchrashdim. Uni afsus bilan kuzatib turdim va Allohdan uni bu illatdan xalos qilishini so‘radim. U esa kulgan holda: "Alloh duoyingizni qabul qilmasin, men sigaretning lazzatidan mahrum bo‘lishni istamayman", dedi.
Bu so‘zlar meni juda hayratlantirdi. Chunki inson – o‘ziga zarar yetayotganini bilgan holda ham, o‘z zarariga harakat qiladigan yagona mavjudotdir!
Ro‘za tutishning asosiy tarbiyaviy maqsadi – insonni kerakli miqdor bilan kifoyalanishga o‘rgatish va uni ortiqcha iste’mol qilishdan tiyishdir. Lekin ko‘pchilik bu ma’noda ro‘za tutmaydi, balki kunduzi o‘zini tiyib, iftor vaqtida ko‘proq ovqat yeyish bilan bu odatni buzib qo‘yadi.

Ro‘zaning eng muhim jihatlaridan yana biri – u insonni turli qiyinchiliklarga chidamli qilishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertalab uylarida oziq-ovqat bor-yo‘qligini so‘rar edilar. Agar yo‘q deyilsa, u holda "Men bugun ro‘za tutishni niyat qilaman" der edilar va kunlarini odatdagidek o‘tkazar edilar.
U zot hech qachon ochlikdan shikoyat qilmasdilar. Chunki Allohga bo‘lgan ishonchlari komil edi: "Albatta, har bir qiyinchilikdan keyin yengillik keladi" (Inshiroh surasi, 5-6).
Butun jamiyat ham xuddi shunday ruhiy qudratga ega bo‘lsa, muammolarga yuzlanganida yengil va xotirjam qolishi mumkin. Jamiyat hayotida ba’zan qattiq qiyinchiliklar ro‘y beradi: hosil kamayib ketadi, iqtisodiy inqiroz yuzaga keladi, odamlar och qolishadi. Ular bu holatni norozilik bilan qarshi oladilar va sabr qilishga majbur bo‘ladilar.
Lekin ro‘za tutish majburiy ochlik emas! U musulmon kishining o‘z xohishi bilan Allohga yaqinlashish yo‘lidir. Inson Alloh uchun och qoladi, shahvatlarini tiyadi, sabri evaziga ajr umid qiladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kimki Ramazon ro‘zasini iymon va ixlos bilan tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi".
Bu hadisdagi "iymon va ixlos" so‘zlari katta ma’noga ega. Bu degani, kishi qilgan amalining mukofotini darhol olmaydi, balki uni Allohning huzuridagi zaxiralar qatorida saqlaydi.

Homidjon qori ISHMATBЕKOV