gulf-times.com nashrining bergan ma’lumotlariga ko‘ra Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekistonda Islom moliya tizimi katta qadamlar bilan rivojlanmoqda. Xalqaro banku tizimlarini o‘ziga jalb qilayotgan mintaqada xususiy banklar, kapital bozorini rivojlantirish va moliyaviy texnologiyalarni joriy etishga imkon yaratilgan.
O‘zbekistonning Yaqin Sharq va Janubi-sharqiy Osiyo islomiy investorlariga o‘z eshiklarini ochishi jarayoni Islom taraqqiyot bankining ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Islom taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekiston hukumatiga 1,3 milliard AQSH dollari miqdoridagi shariy moliya tizimini joriy etish, infrastrukturani modernizatsiya qilish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit ajratgani sohani rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Halol jamg‘armalash va mikromoliyalashni o‘z ichiga oluvchi islomiy moliya vositalarini joriy etishda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shariat asosidagi kreditlash tizimi O‘zbekistondagi 6 ta bankda yo‘lga qo‘yilish arafasida. Ular Asaka bank, O‘zSQB, Turonbank, Hamkorbank, Kapitalbank va Asia Alliance Bank lar ekani aytib o‘tilgan. Trustbank va InFinBank tomonidan ham ushbu yo‘nalishda hamkorlikni amalga oshirish harakatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Qirg‘izistonda ham bir qator islomiy moliya va bank xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bahraynning Al Baraka Bank Group tashkiloti Bishkekda joylashgan BTA Bank bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Islomiy moliya xizmatlari Rossiyada ancha oldin yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada islomiy banklarning faoliyatida rivojlanish kuzatilmagan. Bunga sabab sifatida esa banklarning likvidligi masalasi qayd etilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.