Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2025   |   21 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2025, 21 Zulqa`da, 1446

O‘zbekistonlik imomlar al-Azhar universitetida kasb-mahoratini oshiradi

12.10.2018   4100   2 min.
O‘zbekistonlik imomlar al-Azhar universitetida  kasb-mahoratini oshiradi

Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” jome masjidiga yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Al-Azhar majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Toyyib tashrif buyurdi va juma namozini ado etdi. Shayx Ahmad at-Toyyib hazratlari yurtimiz haqida o‘z fikr va taassurotlarini bildirib, jumladan shunday dedi:
– Bismillahir rohmanir rohiym! Assalomu alaykum va rohmatullohu va borakatuh! Men kamina va Azhari sharifning muhtaram ulamolaridan tashkil topgan delegatsiyamiz nomidan O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildiramiz. Shunday ne’matni nasib etgani uchun Alloh taologa hamdu-sanolar aytamiz. Biz O‘zbekistonni ziyorat qilar ekanmiz, butun dunyoni o‘z ilm nuri bilan nurafshon etgan, Allohning kalomini bizlarga yetkazib kelgan ulug‘ allomalar yurtini ziyorat qilayotganimizdan behad mamnunmiz. Biz ayni damda hozir bo‘lib turgan ushbu muborak masjid, Abu Bakr Qaffol Shoshiy nomlari bilan atalar ekan, bu zot o‘zining fiqh ilmiga qo‘shgan ulug‘ hissalari bilan, islom olamida nom qozongan bo‘lib, butun dunyodagi madrasa va islomiy ta’lim dargohlarida asarlari ta’lim berib kelinadi. Biz Al-Azhar universitetida Imom Moturudiy, Imom Nasafiy, Imom Samarqandiy asarlaridan ta’lim beramiz. Shuningdek, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning kitoblarini ham tadqiq etamiz. Men o‘zim ham Ibn Sino falsafasi bo‘yicha mutaxassisman.
Al-Azhar universitetida O‘zbekistondan juda ko‘p yoshlar ilm olishgan. Ayni damda 150 dan ziyod o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olishmoqda. Men bu yerda “Azharu sharifda o‘qiganmiz” degan insonlarni ko‘rib, o‘zimni juda ham baxtiyor his qilyabman. Men bilan birga al-Azhar universiteti rektori, doktor Muhammad Husayn janoblari ham tashrif buyurgan. Safarimiz davomida O‘zbekistondagi ta’lim muassasalari va al-Azhar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va kelajakda hamkorlikda ulkan ishlarni amalga oshirish maqsadida shartnoma va memorandumlar imzolashga erishdik. Kelishuvlar natijasi o‘laroq yaqin vaqt ichida o‘zbekistonlik imomlarni al-Azharu sharif qoshida ochilgan imomlar malakasini oshirish kurslarida malaka oshirib, bugungi zamonaviy muammo va masalalarga ham yechim topa oladigan mutaxassis bo‘lib qaytishlariga ishonaman. Men sizlarning ochiq chehrangiz va mehmondo‘stligingiz uchun minnatdorlik bildiraman.
Shayx hazratlarining diyorimizga tashriflari davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

16.05.2025   4559   3 min.
Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.

Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.

Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.

Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.

Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.

Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.

Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.

 

Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.

Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.