Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz

12.10.2018   7954   2 min.
Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz chin tavba qiling: “Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Chin tavba qanday bo‘ladi?

Chin tavba dildan pushaymon bo‘lish, til bilan mag‘firat so‘rash, gunohdan voz kechish va unga boshqa qaytmaslikka ahd qilish bilan bo‘ladi. 

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashing: Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

Nabiy alayhissalomga ergashish nima degani?

Nabiy alayhissalomga ergashish u zot keltirgan shariat ko‘rsatmalariga itoat etish deganidir. 

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz taqvo qiling: “Aslida esa, kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo‘lsa, albatta, Alloh (bu kabi) taqvodorlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

Taqvo nima?

Taqvo – tikanzorda yalang oyoq o‘zingizni tikandan saqlab yurganingizdek gunoh va ma’siyatlardan ham ehtiyot, uzoq bo‘lishingizdir. 

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz ezgulik qiling: “Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).

Ezgulik nima?

Ezgulik bu yaxshilikdir. Har bir savobli ish – yaxshilik.

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz adolatli bo‘ling: “Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi” (Moida surasi, 42-oyat). 

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz har bir ishni go‘zal tarzda bajaring: (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 195-oyat). 

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz sabrli bo‘ling: “Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron surasi, 146-oyat).

Sabr nima?

- Toat-ibodatlarni ado etishda sabr.

- Gunohlardan tiyilishda sabr.

- Musibatga sabr. 

Alloh sevgan banda bo‘lsam, desangiz tavakkul qiling: (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat). 

Alloh taolo barchamizni O‘zining muhabbatiga olib boruvchi amallarga muvaffaq etsin.

 

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Alloh bilan mening oramdagi sir

13.01.2025   3008   5 min.
Alloh bilan mening oramdagi sir

Bir savdogar boy odam oshqozon-ichak kasalligidan azob chekib, ko‘p muolaja olgan, bir necha marta jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazgan edi. Turli xil muolajalardan so‘ng ham ahvoli o‘nglanmadi. Bir kuni bu tashvishlardan juda zerikib ketdi va mashinasiga o‘tirib boshi oqqan tomonga qarab ketdi. Yo‘l-yo‘lakay, Nil daryosi bo‘yida joylashgan kichik bir qishloqcha yonida to‘xtadi. Uzoqdan bir dehqonni ko‘rib qoldi. Dehqon esa yerga to‘shalgan tuproqda o‘tirib, bir nima yeyish bilan band edi. Boy odam mashinasidan tushib, dehqonning ovqat yeyayotganini kuzata boshladi.

Dehqon uni ko‘rib qolib: "Mehmon bo‘ling, ovqatdan yeng, choy iching!" deb chaqirdi. Boy odam o‘zining ovqat yeya olmasligini tushuntirmoqchi bo‘ldi, ammo dehqon uning bahonasiga qaramay, uni taklif qilishda davom etdi. Axiri boy odam yerga to‘shalgan joyga o‘tirdi. Uning oldiga ovqat to‘la patnis qo‘yildi. Unda butun pomidorlar, bodring, ko‘katlar, salat bargi, pishirilgan bedana tuxumlari, non va ko‘mirda qaynatilgan choy bor edi.
Boy odam dehqonni xafa qilmaslik uchun bir dona pomidorni olib og‘ziga solmoqchi bo‘ldi. Dehqon unga: "Bismilloh" deb yegin, dedi. Boy "bismilloh"ni aytib pomidorni og‘ziga soldi. Biroq zum o‘tmay qornida qattiq og‘riq paydo bo‘lib, yerga yiqildi. Dehqon qo‘rqqanidan oilasi bilan uni uyiga olib kirib, yotoqxonaga yotqizishdi. Boy odam o‘zining dori-darmonlarini olib, og‘riqni bosishga urinish bilan ovora bo‘ldi. 
Shu kecha dehqon uyidagi namozxonada qoim bo‘lib, boy odam uchun Allohdan shifo so‘rab, tinmay duo qildi. Saharga yaqin, boy odam dehqonning “Allohim, echkining haqqi bilan!” deb qo‘llarini duoga ochganini ko‘rib qoldi. Hayratda qolgan boy, dehqondan so‘radi: "Bu "echkining haqqi" nima degani?".
Dehqon shunday javob berdi: "Bu Alloh bilan mening oramdagi bir sir".

Boy odam dehqondan bu sirni ochishni so‘radi va holi joniga qo‘ymaganidan keyin dehqon hikoya qila boshladi: "Yoshligimda ishchi bo‘lib ishlardim, olgan maoshimni to‘plab, uylanish uchun saqlardim. Uylanishim uchun menga 100 junayh miqdorida mablag‘ zarur edi. Bir kuni qo‘shnimning qizi ikki egizak bola tug‘ib, onasi vafot etib qoldi. Qo‘shnimning boshi qotgan, bolalarni emizadigan ona kerak. Ammo qishloqda esa, o‘zini bolasiga qo‘shib yana ikki bolani emizadigan ayol yo‘q. Bolalarning ochlikdan yig‘lashlari menga eshitilgan sari yurak-bag‘rim ezilib ketadi. Shundan keyin men to‘yim uchun yig‘ib yurgan 35 junayh pulni olib, bozorga bordim. Bolalar uchun kiyim-kechak va uy uchun kerakli buyumlar sotib oldim va qo‘shnimga sezdirmay narsalarni uning hovlisiga kiritib qo‘ydim. Qo‘shnim narsalarni ko‘rib xursand bo‘ldi, ammo yana bu bilan qo‘shnimning  muammosi hal bo‘lmasligini bilar edim.
Bir kecha tushimda bir shayx kelib: "Qo‘shningning hovlisiga echki bog‘la", dedi.

Ertalab turib, qolgan pulimga yangi bolalagan echki sotib oldim. Qo‘shnimning hovlisiga olib kirib bog‘ladim. Shundan keyin qo‘shnimning uyida bolalarning chinqirab yig‘lagan ovozi tindi. Qo‘shnim esa har kuni “Echkini olib kelgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin!” deb duo qilar edi. Men uchun bu echki Alloh bilan oramdagi bir sir bo‘lib qoldi. Har qachon shu duo bilan Allohdan so‘rasam, Alloh qabul qiladi. Bu kecha echkining haqqi bilan senga shifo so‘rab Allohga duo qildim. Inshaalloh, Alloh senga shifo beradi, dedi. Boy odam dehqonning hakoyasini eshitdiyu, ammo unga unchalik e’tibor qilmadi. 
Lekin shu voqeadan keyin yana bir marta shifokorning huzuriga tahlil uchun borganida shifokorning xulosasini eshitib hayratdan qotib qoldi. Chunki unga bir necha yillardan beri og‘riq azobini berib kelayotgan oshqozon va ichaklaridagi dardidan asar ham qolmagan edi.

Boy odam bu gapni eshitgach, shoshilgancha dehqonning huzuriga bordi va uning qo‘llarini o‘pib minnatdorchilik bildirdi va unga ham shunday savobli ishlar qilishni o‘rgatishini so‘radi. Dehqon esa uni qishloq bo‘ylab olib yurib, faqir va muhtojlarning uylarini ko‘rsatdi va har bir faqirning uyini oldida bir to‘xtab, unga: "Alloh bilan savdo qil!" dedi. Boy odam: - Qanday qilib Alloh bilan savdo qilish mumkin?  deb so‘radi. Shunda dehqon: "Alloh bilan savdo qilishning yo‘llari ko‘p. Eng muhimi ixlos bo‘lsin. Shunda bir og‘iz shirin so‘zing ham sadaqa hisobida bo‘ladi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV