Tashrif chog‘ida mehmonlar ta’lim muassasasi faoliyati, jumladan, o‘quv jarayonlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Shundan so‘ng, Tanzila Kamalovna bilim yurti pedagog-o‘qituvchilari va talaba qizlari bilan samimiy suhbat olib bordi. Suhbat jarayonida jamiyatda, xususan, ayol-qizlar o‘rtasida dolzarb va muhim bo‘lgan muammolar, ular orasida yuzaga kelayotgan qiyin vaziyatlar haqida ma’lumotlar berib, bugungi kunda yechimini kutayotgan ko‘plab ijtimoiy masalalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida diniy va dunyoviy bilimlar beriladigan ushbu ta’lim muassasasining o‘qituvchi va murabbiylari hamda talaba qizlarining o‘rni juda muhim ekani, ular bilan birgalikda jamiyatdagi ayol-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yaratishga, oilalarda mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga, yosh qizlarni katta hayotga va oila qurishga tayyorlash kabi masalalarni ta’kidlab o‘tdilar. Psixolog R.To‘raxo‘jayeva esa talaba qizlar bilan suhbatlashib, ularning dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan qiziqishi, kelajakdagi reja va maqsadlari, ularning jamiyatdagi o‘rni haqida savol-javob o‘tkazdi.
Suhbat so‘ngida, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Kamalovna Norboyeva va uning o‘rinbosari Mukarram Axmedovna Nurmatovalar, jamiyatdagi o‘z yechimini kutayotgan turli muammolar, xususan, ayollar orasida tarqalgan o‘z joniga qasd qilish, turli bid’at-xurofotlarga barham berish, yosh oilalar buzilishini, “ommaviy madaniyat” holatlarini oldini olish, ota-onaga bo‘ysunmaslik, vatanga xiyonat, ekstremizm va terrorizm hamda yot g‘oyalarga qarshi kurashish borasida bilim yurti bilan muntazam ravishda hamkorlikda ish olib borish, joylardagi ta’lim muassasalarida, ayniqsa, jamiyatning muhim bo‘g‘ini sanalgan mahallalarda bilim yurti mudarrisalari va talaba qizlari ishtirokida davra suhbatlari, seminar-treninglar, uchrashuvlar o‘tkazish, bunday ishlarning ham ma’nan ham diniy jihatdan to‘g‘ri emasligini tushuntirish, yoshlarda vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini shakllantirish zarurligini qayd etib o‘tdilar.
Tanzila Norboyevaning bilim yurtiga tashrifi talaba qizlarda katta taassurot uyg‘otdi. Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan bilim yurti talaba qizlariga yurtimiz ravnaqi va ilm-faniga o‘z hissalarini qo‘shish, kelajakda ulardan diniy sohada ulkan natijalar kutilayotgani haqida to‘xtalib, ularga katta ishonch bildirildi.
Shuningdek, T.Norboyevaga har qanday vaziyatda va mavjud muammolarni bartaraf etishda murojaat qilishlari mumkinligi, xotin-qizlar qo‘mitasi har doim yordamga tayyor ekanini,har qanday ijobiy fikr va takliflar, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab quvvatlash tarafdoriekanini aytib o‘tdi.
Matbuot xizmati
Tushkunlik qondagi kortizol miqdorining kamayib ketishiga olib keladi, g‘azab esa qonda adrenalin va tiroksin miqdorining keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Agar inson qattiq g‘azablanish, tashvish, uyqusizlik va tushkunlik holatiga tushsa, u osongina oshqozon yarasi, diabet, ichaklarning qisqarishi, qalqonsimon bez kasalliklari va yurak xuruji kabi kasalliklarning qurboniga aylanadi. Bu kasalliklarning yagona davosi esa, mehr-muhabbat ko‘rsatish, xushhollik kayfiyatini uyg‘otish, kengbag‘rlik va sofdillikdir.
Mustafo Mahmud "Qur’oniy yangi psixologiya" kitobida bunday yozadi: "Islomda ruhiy muolajaning eng yuqori cho‘qqisi zikr bo‘ladi. Bu - qalb, til, a’zolar, xulq-atvor va amallar bilan Alloh taoloni zikr qilmoqdir.
U har so‘z va ishda, doimiy va uzoq vaqt Hazrati ilohiyni eslashdir.
Shifo, himoya, omonlik va xotirjamlik zikrdadir.
Chunki zikr banda bilan Parvardigor o‘rtasida uzilgan rishtalarni ulaydi. Nafsni ayrilib qolgan manbasiga bog‘laydi. Ishni Egasiga topshiradi.
Zero, bu borliqda nafsning ayblarini Yaratgandan ko‘ra biluvchiroq va muolajasiga qodirroq hech kim yo‘qdir".
Darhaqiqat, nafl namozlar, Qur’on tilovati va "Astag‘firulloh", "Subhanalloh", "Alhamdulillah", "Allohu akbar" kabi so‘zlarni aytish zikr deyiladi.
Yanada kengroq aytilsa, har amalni bajarishda Alloh taoloni yodda tutish - zikr.
Masalan, ovqatlanganda, yurganda, o‘tirganda, savdo qilganda Allohni yodga olinadigan turli zikrlar hadis kitoblarida keladi.
Mustafo Mahmudning mazkur so‘zlariga amal qilib ko‘ring, ruhiy tushkunlik qanday yo‘qolishiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Mustafo Mahmudning "Sirlar olami" kitobidan