Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Mart, 2026   |   17 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:50
Peshin
12:39
Asr
16:34
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
06 Mart, 2026, 17 Ramazon, 1447

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi "Xadichai Kubro" madrasasiga tashrif buyurdi

08.10.2018   6344   2 min.
O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi

Tashrif chog‘ida mehmonlar ta’lim muassasasi faoliyati, jumladan, o‘quv jarayonlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Shundan so‘ng, Tanzila Kamalovna  bilim yurti pedagog-o‘qituvchilari va talaba qizlari bilan samimiy suhbat olib bordi. Suhbat jarayonida jamiyatda, xususan, ayol-qizlar o‘rtasida dolzarb va muhim bo‘lgan muammolar, ular orasida yuzaga kelayotgan qiyin vaziyatlar haqida ma’lumotlar berib, bugungi kunda yechimini kutayotgan ko‘plab ijtimoiy masalalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida diniy va dunyoviy bilimlar beriladigan ushbu ta’lim muassasasining o‘qituvchi va murabbiylari hamda  talaba qizlarining  o‘rni juda muhim ekani, ular bilan birgalikda jamiyatdagi ayol-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yaratishga, oilalarda mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga, yosh qizlarni katta hayotga va oila qurishga tayyorlash  kabi masalalarni ta’kidlab o‘tdilar. Psixolog R.To‘raxo‘jayeva esa talaba qizlar bilan suhbatlashib, ularning dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan qiziqishi, kelajakdagi reja va maqsadlari, ularning jamiyatdagi o‘rni haqida savol-javob o‘tkazdi.

Suhbat so‘ngida, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Kamalovna Norboyeva va uning o‘rinbosari Mukarram Axmedovna Nurmatovalar, jamiyatdagi o‘z yechimini kutayotgan turli muammolar, xususan, ayollar orasida tarqalgan o‘z joniga qasd qilish, turli bid’at-xurofotlarga barham berish, yosh oilalar buzilishini, “ommaviy madaniyat” holatlarini oldini olish, ota-onaga bo‘ysunmaslik, vatanga xiyonat, ekstremizm va terrorizm hamda yot g‘oyalarga qarshi kurashish borasida bilim yurti bilan muntazam ravishda hamkorlikda ish olib borish, joylardagi ta’lim muassasalarida, ayniqsa, jamiyatning muhim bo‘g‘ini sanalgan mahallalarda bilim yurti mudarrisalari va talaba qizlari ishtirokida davra suhbatlari, seminar-treninglar, uchrashuvlar o‘tkazish, bunday ishlarning ham ma’nan ham diniy jihatdan to‘g‘ri emasligini tushuntirish, yoshlarda vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini shakllantirish zarurligini qayd etib o‘tdilar.

Tanzila Norboyevaning bilim yurtiga tashrifi talaba qizlarda katta taassurot uyg‘otdi. Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan bilim yurti talaba qizlariga yurtimiz ravnaqi va ilm-faniga o‘z hissalarini qo‘shish, kelajakda ulardan diniy sohada ulkan natijalar kutilayotgani haqida to‘xtalib, ularga katta ishonch bildirildi.

Shuningdek, T.Norboyevaga har qanday vaziyatda va mavjud muammolarni bartaraf etishda murojaat qilishlari mumkinligi, xotin-qizlar qo‘mitasi har doim yordamga tayyor ekanini,har qanday ijobiy fikr va takliflar, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab quvvatlash tarafdoriekanini aytib o‘tdi.

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Guvohligi ikki kishining guvohligiga o‘tadi

06.03.2026   1075   3 min.
Guvohligi ikki kishining guvohligiga o‘tadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madina bozorida bir a’robiydan ot sotib oldilar. Yonlarida pul yo‘q edi. Savdolashib bo‘lgach, pulni olib kelish uchun shoshib uylariga ketdilar. A’robiyga ortlaridan borishni tayinladilar. A’robiy sekin yurdi. Savdo pishganidan xabari yo‘q kishilar a’robiydan otning narxini so‘ray boshlashdi. Ulardan biri a’robiyga Nabiy alayhissalom bermoqchi bo‘lgan puldan ortiqroq pul taklif qildi. Shunda a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yangi narx bersalar sotishini, aks holda, boshqa kishiga berishini aytdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

- Men sendan otni sotib olgan edim-ku! – dedilar.

A’robiy aytdi:

- Allohga qasamki, men uni sizga sotganim yo‘q! Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

- Men sendan uni sotib oldim! - dedilar yana. Atrofga odam to‘plandi. A’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dedi:

- Meni otni sizga sotganimga guvohingiz bormi? Shunda Huzayma ibn Sobit roziyalloxu anhu o‘rtaga otilib chiqdi va:

- Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam otni sendan sotib olganlariga guvohman! dedi. Aslida, Huzayma savdoga guvoh bo‘lmagan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham undan ajablanib so‘radilar:

- Nima bilan guvohlik berasan?

Huzayma dedi:

- Ey Allohning Rasuli! Sizni tasdiqlaganim bilan guvohlik beraman. Samodan xabar keltirganingizni tasdiqlab, yerdagi xabaringizni yolg‘onga chiqaramanmi?!

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunda o‘sha mashhur gapini aytdilar:

Huzaymaning guvohligi ikki kishining guvohligiga tengdir!

Abu Bakr roziyallohu anhuning davrida Qur’on jamlandi. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu har bir oyatni kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlaridan eshitganiga ikkita guvoh keltirsagina yozib olar edi. Ahzob surasiga yetganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan, ammo unutgan bir oyatni bilib qoldi. Bu oyatni Huzayma kelib unga eslatdi. U oyat Quyidagi oyat edi:

«Mo‘minlardan Allohga bergan va’dalariga sodiq qolgan kishilar bordir. Bas, ulardan ba’zilari ajalini topdi. Ba’zilari esa kutib turibdi. Ular biror narsani almashtirmadilar» (Ahzob surasi, 23-oyat).

Zayd roziyallohu anhu: «Huzaymaning guvohligi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, ikki kishining guvohligiga o‘tadi», dedi va bu oyatni Mus'hafga kiritib qo‘ydi. Biz bu oyatni qiyomat kunigacha tilovat qilamiz!

Alloh taolo haqlarni himoya qilish uchun shartnomalarni yozib qo‘yishni amr qiladi. Xaridorning haqqini, sotuvchining haqqini, qarz beruvchining haqqini, qarz oluvchining haqqini, ishchining haqqini, ish beruvchining haqqini... Ammo shuni bilishimiz kerakki, gapiga javob bermaydigan kishini hech qanaqasiga eplab bo‘lmaydi. Insonlar dunyo epchilniki deb o‘ylashadi. Yuqoridagi ko‘proq beradigan kishini topgan va savdosini buzgan a’robiy kabi mol jamlash uni qanday yo‘l bilan topishingizdan qat’i nazar daholikni talab qiladi deb xayol qilishadi. Insonlar harom u yoqda tursin, hatto halolning ham kuni kelib ketishini unutishadi. Qolaversa, baraka degan narsa bor. Alloh taolo yolg‘on qasam bilan, xiyonat bilan, va’daga xilof qilish bilan topilgan moldan barakani tortib oladi. Qolaversa, bundan keyin o‘lim, oxirat va hisob-kitob degan narsalar ham bor. Unutmaylik!

 «Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar