Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil mo‘min kishilarga beriladigan karomatlardan birini shunday bayon qilganlar:
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo‘minning farosatidan ehtiyot bo‘linglar, chunki u Allohning nuri ila nazar soladi", – dedilar, so‘ngra "Albatta, bu (xodisa) da farosatli kishilar uchun alomatlar bordir" oyatini o‘qidilar" ("Sunani Termiziy"da kelgan).
Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil va muxlis bandaning Alloh taolo tomonidan izzat-ikrom qilinishini, unga haq bilan botil orasini ajratish forosati berilishini xabar bermoqdalar. U zotning: "Mo‘minning farosatidan ehtiyot bo‘linglar", deya buyurishlaridan quyidagi ma’nolar iroda qilingan: ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar, ehtimol, mo‘min kishi xaloyiqdan yashirayotgan narsalaringizni bilib turar, natijada, uning oldida sharmanda bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min kishi sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taola charog‘on qilgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi. Farosat lug‘atda "fahmlash", "o‘tkir aql" ma’nolarini anglatadi. Shuning uchun ham xalqimizda "Farosat yarim karomat" degan hikmatli so‘z bor. "Tuhfatul aoliy" kitobida farosat turlarga ajratilib sharhlangan:
Farosatning turlari:
Iymoniy farosat – banda qalbiga solgan Alloh taoloning nuri bo‘lib, qalbni chulg‘ab oladigan idrokdan bo‘ladi. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shunchalik o‘tkir bo‘ladi.
Riyoziy frosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va o‘zini hilvatga olib yolg‘iz bo‘lish kabi ishlar bilan hosil bo‘ladi. Mazkur ishlarni qilish natijasida kishida farosat va atrofidagi narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushunchalar yuzaga keladi. Ushbu farosat faqatgina mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan kofir kishida ham hosil bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham valiylikka ham dalolat qilmaydi, shuningdek, haqiqatni ham, doimo to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.
Xolqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqazo qilgan bog‘liqliklardan hulosa chiqarish iste’dodi bo‘lib, mazkur bog‘liqliklarni ilg‘ay olgan kishilarda hosil bo‘ladi.
Karomat tushunchasining g‘ayrioddiy ishlarga qo‘llanilishi haqida quyidagi so‘zlar aytilgan: "Karomatning g‘ayrioddiy ishlarga nisbatan qo‘llanilishi majoziydir. Zero, Alloh taolo ana shunday g‘ayrioddiy ishlarni taqvodor mo‘min uchun izzat-ikrom sifatida zohir qiladi. Karomatning zohir bo‘lish hikmati esa valiyning dunyoda zuhdga bo‘lgan azmu qarorini kuchaytirish hamda uni nafsu havo chaqiriqlaridan ajratishdir".
Ushbu ta’riflardan ko‘rinib turibdiki, valiylar Alloh taoloning do‘stlari bo‘ladilar, ular tarafidan sodir bo‘ladigan g‘ayrioddiy ishlar Alloh taoloning ularga bergan in’omi bo‘ladi. Ular bu mukofotlarga shariat hukmlarini yaxshi biladigan va ularga qat’iy amal qiladigan olim bo‘lganlari sababli erishganlar. Chunki shariat ahkomlarini yaxshi tushunmaslik va tushunishga jiddiy harakat qilmaslik Alloh taoloning do‘stlari sha’niga to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, jaholat bilan qilingan amallarda shariat ko‘rsatmalaridan chiqib ketish ko‘p uchraydi. Shariat ko‘rsatmalariga nomuvofiq holatda riyozat chekish esa toat bo‘lmaydi. So‘fi Olloyor bobomizni Alloh rahmat qilsin, bu masalani ikki og‘iz so‘z bilan qalbga naqshlab qo‘ygan
Shariat hukmidin tashqi riyozat
Emas toat, qabohatdur, qabohat
Ya’ni qanchalik mashaqqat bilan qilingan bo‘lmasin shariatga to‘g‘ri kelmagan riyozat ibodat sanalmaydi. Balki bema’ni hatti-harakatlar bo‘ladi. Toat ibodat uchun avvalo shariat hukmlarini o‘rganish lozim.
"E’tiqod Durdonalari" kitobi asosida
Nuriddin Akromov tayyorladi
O‘MI matbuot xizmati
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.