Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Farosat – yarim karomat

08.10.2018   5116   4 min.
Farosat – yarim karomat

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil mo‘min kishilarga beriladigan karomatlardan birini shunday bayon qilganlar:

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo‘minning farosatidan ehtiyot bo‘linglar, chunki u Allohning nuri ila nazar soladi", – dedilar, so‘ngra "Albatta, bu (xodisa) da  farosatli kishilar uchun alomatlar bordir" oyatini o‘qidilar" ("Sunani Termiziy"da kelgan).

Sharh:  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil va muxlis bandaning Alloh taolo tomonidan izzat-ikrom qilinishini, unga haq bilan botil orasini ajratish  forosati berilishini xabar bermoqdalar. U zotning: "Mo‘minning farosatidan ehtiyot bo‘linglar", deya buyurishlaridan quyidagi ma’nolar iroda qilingan: ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar, ehtimol, mo‘min kishi xaloyiqdan yashirayotgan narsalaringizni bilib turar, natijada, uning oldida sharmanda bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min kishi sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taola charog‘on qilgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi. Farosat lug‘atda "fahmlash", "o‘tkir aql" ma’nolarini anglatadi. Shuning uchun ham xalqimizda "Farosat yarim karomat" degan hikmatli so‘z bor. "Tuhfatul aoliy" kitobida farosat turlarga ajratilib sharhlangan:

Farosatning turlari:

  1. Iymoniy farosat;
  2. Riyoziy farosat;
  3. Xolqiy farosat.

Iymoniy farosat – banda qalbiga solgan Alloh taoloning nuri bo‘lib, qalbni chulg‘ab oladigan idrokdan bo‘ladi. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shunchalik o‘tkir bo‘ladi.

Riyoziy frosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va o‘zini hilvatga olib yolg‘iz bo‘lish kabi ishlar bilan hosil bo‘ladi. Mazkur ishlarni qilish natijasida kishida farosat va atrofidagi narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushunchalar yuzaga keladi. Ushbu farosat faqatgina mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan kofir kishida ham hosil bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham valiylikka ham dalolat qilmaydi, shuningdek, haqiqatni ham, doimo to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.

Xolqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqazo qilgan bog‘liqliklardan hulosa chiqarish iste’dodi bo‘lib, mazkur bog‘liqliklarni ilg‘ay olgan kishilarda hosil bo‘ladi.

Karomat tushunchasining g‘ayrioddiy ishlarga qo‘llanilishi haqida quyidagi so‘zlar aytilgan: "Karomatning g‘ayrioddiy ishlarga nisbatan qo‘llanilishi majoziydir. Zero, Alloh taolo ana shunday g‘ayrioddiy ishlarni taqvodor mo‘min uchun izzat-ikrom sifatida zohir qiladi. Karomatning zohir bo‘lish hikmati esa valiyning dunyoda zuhdga bo‘lgan azmu qarorini kuchaytirish hamda uni nafsu havo chaqiriqlaridan ajratishdir".

Ushbu ta’riflardan ko‘rinib turibdiki, valiylar Alloh taoloning do‘stlari bo‘ladilar,  ular tarafidan sodir bo‘ladigan g‘ayrioddiy ishlar Alloh taoloning ularga bergan in’omi bo‘ladi. Ular bu mukofotlarga shariat hukmlarini yaxshi biladigan va ularga qat’iy amal qiladigan olim bo‘lganlari sababli erishganlar. Chunki shariat ahkomlarini yaxshi tushunmaslik va tushunishga jiddiy harakat qilmaslik Alloh taoloning do‘stlari sha’niga to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, jaholat bilan qilingan amallarda shariat ko‘rsatmalaridan chiqib ketish ko‘p uchraydi. Shariat ko‘rsatmalariga nomuvofiq holatda riyozat chekish esa toat bo‘lmaydi. So‘fi Olloyor bobomizni Alloh rahmat qilsin, bu masalani ikki og‘iz so‘z bilan qalbga naqshlab qo‘ygan

Shariat hukmidin tashqi riyozat

Emas toat, qabohatdur, qabohat

Ya’ni qanchalik mashaqqat bilan qilingan bo‘lmasin shariatga to‘g‘ri kelmagan riyozat ibodat sanalmaydi. Balki bema’ni hatti-harakatlar bo‘ladi. Toat ibodat uchun avvalo shariat hukmlarini o‘rganish lozim.

 

"E’tiqod Durdonalari" kitobi asosida
Nuriddin Akromov tayyorladi
 

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   9045   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.