Har bir inson qo‘llarini baland ko‘taribmi yoki g‘oyibona bo‘lsa ham duo qilganida barcha yaxshi tilaklar dilidan o‘tadi, ayniqsa, Alloh taolodan ikki dunyo hotirjamligini so‘rab, qalblariga ofiyat so‘raydi. Aslida hotirjamlik insonga yo‘ldosh qilib berilgan bo‘ladi, odamzod esa dunyo ziynatiga bo‘lgan muhabbati tufayli o‘zidan xotirjamlikni qochiradi.
Insonga xos orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarish, uning ongli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy olam o‘zaro bog‘lanib, bu ikki olamda yuz beradigan o‘zgarishlarni muvozanatda saqlay bilish bu katta mahoratdir. Insonning belgilangan umrini bosib o‘tadigan davrida moddiy va ma’naviy muvozanatni saqlay bilishi uchun hotirjamlik ne’matini o‘zidan uzoqlashtirmasdan, uni mahkam tuta bilishlik kerak.
Hozirda hotirjamlik atalmish ulug‘ ne’matga qarama-qarshi turib uni yemirayotgan qarzdorlik ko‘prigi vujudga kelgan bo‘lib, uning kengayishi toboro ortib bormoqda. Bunga sabab, orzu-havasga berilib, farzandlarining kamolini yanada balandda ko‘ray deb, dunyo ziynatlariga uchib, moddiy ehtiyojlarini ustun qo‘yib, ruhiy olamiga qarama-qarshi turib qarzsiz yashay olmayotgan kishilarning oramizda kundan — kunga ko‘payib ketayotganini ko‘rib turibmiz. Albatta qarz olayotgan kishilarning ba’zilari o‘zlarining imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ba’zilari ko‘r-ko‘rona, ayrimlari esa kimningdir mablag‘i evaziga o‘z-o‘zini moddiy boyliklarga qondirib olganidan xursanddek qarz ko‘prigidan yurishda davom etaveradilar. Bunday qarz oluvchilar “Qarz qachondir uziladi, kerak narsa yonga qoladi” iborasini ko‘p qo‘llashlarini eshitib ham qolamiz. Nasiyaga narsa olish, kimdandir qarzdorligini doim eslab va bunday qarzdorlik hissi qon-qonga singib ketgan insonning iymoni yemirilishi turgan gap. Ahir insonning belgilab qo‘yilgan rizqi ziyoda ham, kam ham bo‘lmaydi. Bu haqda, Qur’oni karimda “Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz taqsimlaganmiz” (Zuxruf surasining 32-oyati) deyilmoqda. Xo‘sh, qarzdorlikdan qochish o‘rniga, o‘zining belgilab qo‘yilgan rizqini boshqa bir mo‘min birodarining evaziga qondirishi iymonli-mo‘minning ishimi? Hech kim kimdir qarz so‘rab qolsa berib turarman deb mablag‘ to‘plamaydi. Lekin qarz olish ilinjida yurgan odamlarni naqadar yolg‘onchilikka berilganini, o‘zini yo‘qchilikka tushib qolgandek tutishlari ajablantiradi. Boshqalarga zarar keltirish evaziga, o‘zining ishlarini uddalagan insonlar yana qancha? Boridan qanoatlanib, sabr-matonat bilan, qarzdorliksiz farzandlarini oliy ma’lumotli, hunarmand qilib iymon-insofli qilib tarbiyalab, halol rizq bilan yashab kelayotgan oilalar ham borku.
Ota-onalarimizning turmushda qiynalib qolishganlarida biror bir burda nonchalik qiymatga ega bo‘lgan buyumdan ham qarz bo‘lib qolganligi va ana shu qarzdorlikdan o‘zlarini xijolatda sezishib yurgan holatlari xali-hanuzgacha hech hayolimdan chiqmaydi. Ularda “Qarz qarzni chaqiradi” degan iboralarni ishlatishlari yoki olgan qarzlari evaziga ayanchli holatga tushishlari, go‘yoki Alloh taolodan qattiq uyalgandek o‘zlarini tutishlari va bizlarga ham “qarzsiz yashay olishni bil” va “rizq-nasibangda sabrli bo‘l” deb uqtirishlari hamon hayolimda. Ahir Alloh taolo sabr ulkan hislatlardan ekanligini “Sabr qilinglar, albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” – deb, (Anfol surasi 46-oyati) uqtirib, mo‘minlar shu sifatni o‘zlashtirib olishlari shartligini ta’kidlaydi. Aslidachi, o‘zida yo‘q mablag‘ evaziga oldindan moddiy manfa’at ko‘rishni xoxlovchilar ortib bormoqda. O‘sha qiyinchilik davrlarini boshidan kechirgan ota-onalarimizning o‘gitlarini hozirda sarobga aylantirib, qarz deb atalmish ummonga cho‘kib, oiladagi farzandlariga ham qarzdorlik kasalligini yuqtirib, hotirjamlik ne’matini yo‘qotib qo‘yayotganlar hozirda oz emas. Qarzdorlik natijasida uyquning ravonligi yo‘qolib bundan tashqari o‘zining salomatligiga, ruhiyatiga, oilaviy sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni zimmasiga olib, qarzdorlik ko‘prigida yurish shartmi? Hotirjamlikning qadr-qimmatini barchamiz juda yaxshi bilsakda uni o‘zimiz yo‘qotamiz. Inson dunyo ziynatlari deb, o‘z-o‘zini qiynash bilan kun ko‘radigan bo‘lib qolgandek go‘yo.
Hadisi shariflarda ham tinchlik va hotirjamlik mavzusi alohida muhim o‘rin egallagan. Rosulullox s.a.v. aytadilarki: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar mahrumdirlar” (Imom Buhoriy rivoyati).
Salmjon Yunusov,
Izboskan tuman bosh imom-xatibi
O‘MI matbuot xizmati
Cavol: Men jamoat namoziga borishni endi boshladim. Men namozni sekin o‘qiyman. Gap shundaki, ko‘pincha men salavotni o‘qiyotganimda imom ikki tarafga salom berayotgan bo‘ladi. Shu holada men salavotni tugatib, keyin duo o‘qib so‘ng salom berishim kerakmi yoki imom bilan barobar salom berishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu holatda imom bilan birgalikda salom berasiz. Zero, salavot o‘qish sunnat, imomga ergashish esa vojib amal sanaladi. Vojib amal sunnat amaldan yuqori bo‘lgani sababli siz vojib bo‘lgan amalni bajarasiz. Agar tashahhud (“At-tahiyyot...”) duosini o‘qiyotganingizda imom salom berib qolsa, siz tashahhud duosini tugatib, keyin salom berasiz. Chunki tashahhud duosini o‘qish vojib amal hisoblanadi.
Alloma ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar: “Farz va vojib amallarda kechiktirmasdan imomga ergashish vojib sanaladi. Ammo imomga ergashish bilan boshqa vojib amal teng kelib qolsa, “imomga ergashish kerak” deb vojibni tark qilmaydi, balki avval vojibni bajarib, keyin imomga ergashadi. Masalan, imomga iqtido qilgan kishi tashahhudni tugatishdan avval imom uchinchi rakatga tursa, iqtido qilgan kishi avval tashahhudni tugatib, keyin o‘rnidan turib, imomga ergashadi (Chunki ikkisi ham vojib bo‘lib, birini bajaraman deb boshqasini tark qilmaydi).
Agar imomga ergashish bilan sunnat amal teng kelib qolsa, yuqoridagidek qilmaydi. Masalan, (sajda yoki rukuda) imomga iqtido qilgan kishi tasbihni uch marta aytishidan avval imom boshini ko‘tarsa – fuqaholarimiz eng to‘g‘risi deya aytgan gapga ko‘ra - imomga ergashadi. Chunki sunnatni tark qilish vojibni kechiktirishdan ko‘ra ustundir” (“Raddul muhtor” kitobi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi