Alloh taolo quyidagi oyati karimasida kimlarga yaxshilik qilishimiz lozimligini uqtirgan:
“Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh taolo o‘zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko‘rmas” (Niso surasi, 36-oyat).
Agar e’tibor bersak, oyatda har bir toifa bir martadan, qo‘shni haqida esa uch marotaba qayta-qayta zikr qilinmoqda: “yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga”.
Demak, yaxshilik qilayotganimizda qo‘shnichilik haqqini esimizdan chiqarmasligimiz, ularning haqqi buyukligi, ota-onayu, aka-ukalik rishtalari kabi yaqin ekanligini unutmasligimiz, ularning qaysi din, qaysi millat, qaysi irqqa mansubligi bizni qiziqtirmasligi kerak.
Qo‘shnichilik haqlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham birma-bir aytib o‘tganlar: “Ey ummati Muhammad, qo‘shnilar haqqi ushbular: sizdan yordam so‘rasa, yordamlashing, qarz so‘rasa, qarz bering, kambag‘al bo‘lsa, ko‘maklashing, kasal bo‘lsa, borib ko‘ring, vafot etsa, janozasida ishtirok eting, shodonligida muborakbod eting, g‘amginligida ko‘ngil so‘rang, dalda bering. Uyingizning tomini ularning uyidan baland qurmang, shamolga monelik qilgan bo‘lasiz. Agar u ruxsat bersa mayli. Biror tansiq yesangiz yoki toza chiqqan mevalardan keltirsangiz, qo‘shningizga ham ilining. Chiqara olmasangiz, pinhona yeng. Bermoqchi bo‘lmasangiz uyingizga olib kelganingizni ko‘rmasin. Bolangizning qo‘liga biror meva berib tashqariga chiqarib yubormang, qo‘shnining bolasining havasini keltirmasin. Qo‘shnilarga oshxonangiz tutuni birla ozor bermang. Tutuni tarqalsa, o‘sha taomdan qo‘shniga ham berishni unutmang.
Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, faqat Allohning rahmatida bo‘lgan kishigina qo‘shnining haqqini ado qila oladi. Biling, qo‘shnichilik haqlaridan yana biri, behudaga devordan uning uyiga qaramang, mabodo ko‘zingiz tushib qolsa, sirini saqlang, oshkora qilmang. Eshitishingiz kerak bo‘lmagan narsalarga quloq tutmang. Qo‘shningizning mahrami va qizlariga nazar solmang. Mana shu musulmonchilik qoidalaridandir”.
Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, “Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Ey Rasululloh, men o‘zimning yaxshi yoki yomonligimni qanday bilsam bo‘ladi?” deb so‘radi. U zot: “Agar qo‘shnilaring sen haqingda yaxshi gaplarni gapirayotgan bo‘lsa, demak sen yaxshisan, ammo sen haqingda yomon so‘zlarni aytayotgan bo‘lsa, demak sen yomonsan”, deb javob berdilar” (Al-adab al-mufrad).
Hadisi shariflarning yana birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ey ahlim, namoz o‘qing, zakot bering, miskinlarga, yetimlarga, qo‘shnilarga yaxshilik qiling. Shoyad Alloh sizlarni jannatda birga qilsa, degan odamga Allohning rahmati bo‘lsin», deganlar.
Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Allohning huzurida do‘stlarning yaxshisi o‘z do‘stiga yaxshilik qilganidir. Allohning huzurida qo‘shnilarning yaxshisi o‘z qo‘shnisiga yaxshilik qilganidir», deganlar (Termiziy rivoyati).
Ha azizlar, qo‘shnilar bilan munosabatimizni yaxshilaylik, yaxshi kunimizda ham yomon kunimizda ham qo‘shni asqotadi. Ular bilan shunday ahil-inoq bo‘laylikki, boshqalar havas qilsin, o‘rnak olsin. Jannatda ham yaxshilar bilan qo‘shni bo‘lish nasib etsin.
Shirinov Abdulatif.
Romitan tuman “Xo‘ja Muhammad Boboyi Samosiy”
jome’ masjidi imom xatibi
O‘MI matbuot xizmati
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi