Avval xabar berganimizdek, 3 oktyabr O‘zbekiston qorilari – Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov, institutning 4 kurs talabasi “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi 2018” mutlaq g‘olibi Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov hamda “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi Abdurrahmon qori So‘fiyev Saudiya Arabistonining Madina shahrida bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun jo‘nab ketgan edilar.
Kecha, 5 oktyabr kuni saralash bosqichi amalga oshirilib, Jahongir qori Ne’matov ushbu musobaqada kuzatuvchi hakam sifatida ishtirok etmoqda.
Saralash natijasi bugun e’lon qilinib, unga ko‘ra qorilarimiz Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov, hamda Abdurrahmon qori So‘fiyev shu kun musobaqaga kirishishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqa Masjidun-Nabaviyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu musobaqa Muhammad sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida 40 yildan beri ilk bor o‘tkazilmoqda.
Musobaqa 6-11 oktyabr kunlari – olti kun mobaynida bo‘lib o‘tadi. Qori yurtdoshlarimizning ilmiga Allohdan baraka so‘rab duo qilishingizni so‘rab qolamiz.
Musobaqa tafsilotlari bilan ushbu sahifada tanishishingiz mumkin:
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati