Joriy yilning 21 oktyabr kuni Moskvadagi Crocus City Hall konsert zalida Qur’on bayrami o‘tkaziladi. U XIX xalqaro Qur’on qorilari musobaqasining final bosqichi bo‘lishi aytilmoqda. Bu haqda Islam-today nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uning tashkilotchisi Rossiya musulmonlari diniy idorasi va Rossiya muftiylari kengashidir. Musobaqaning final bosqichida butun dunyodan 30 nafardan ortiq qorilar ishtirok etadilar.
Shuningdek bayram mehmonlari turli ijodiy jamoalar chiqishlarini, mahorat darslarini, ko‘rgazmalarni, trening va bolalar shaharchalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘lishi qayd etilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.