Shirk – kechirilmas gunoh
Muhtaram azizlar! Bugungi mavzumiz har bir musulmon kishi uchun o‘ta muhim bo‘lib, mo‘min kishi e’tiqodining asosi bo‘lmish imonning kushandasi hisoblangan shirk va uning turlari haqidadir.
Arab tilida shirk so‘zi “ikki narsani tenglashtirish”, “tengdosh qilish”, “sherik qilish” degan ma’nolarni bildiradi. Uning shar’iy ma’nosi: Alloh ta’ologa zoti, fe’llari, ibodati va go‘zal ismu sifatlarida maxluqlarni tengdosh qilish, sherik qilish tushuniladi. Qur’oni karimda shirk va uning o‘zagidan yasalgan so‘zlar 34 marta zikr qilingan bo‘lib, ularning barchasida ushbu gunoh qoralangan va undan qaytarilgan.
shariatimizga ko‘ra, shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi. Undan qaytarish jamiki anbiyo alayhimussalomlar da’vatining asosi va samoviy shariatlarning mag‘zidir. Chunki, har bir nabiy va rasul albatta o‘z qavmiga:
يَا قَوْمِ اعْبُدُوا اللَّهَ مَا لَكُم مِّنْ إِلَٰهٍ غَيْرُهُ
(سورة الأعراف/59)
ya’ni: “Ey, qavmim! Allohga sig‘iningiz! Sizlarga Undan o‘zga iloh yo‘qdir”, – degandir (A’rof surasi, 59-oyat).
Alloh taolo O‘ziga shirk keltirishdan Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida qaytargan. Jumladan, Nahl surasining 51-54 oyatlarida shunday degan:
وَقَالَ اللَّهُ لاَ تَتَّخِذُواْ إِلـهَيْنِ اثْنَيْنِ إِنَّمَا هُوَ إِلهٌ وَاحِدٌ فَإيَّايَ فَارْهَبُونِ وَلَهُ مَا فِي الْسَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَلَهُ الدِّينُ وَاصِباً أَفَغَيْرَ اللّهِ تَتَّقُونَ وَمَا بِكُم مِّن نِّعْمَةٍ فَمِنَ اللّهِ ثُمَّ إِذَا مَسَّكُمُ الضُّرُّ فَإِلَيْهِ تَجْأَرُونَ ثُمَّ إِذَا كَشَفَ الضُّرَّ عَنكُمْ إِذَا فَرِيقٌ مِّنكُم بِرَبِّهِمْ يُشْرِكُونَ
(سورة النحل/51-54)
ya’ni: “Alloh: “Ikki (soxta) ilohni ma’bud qilib olmangiz! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo‘rqingiz!” – dedi. Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo‘lishi) vojibdir. Allohdan o‘zgasidan qo‘rqasizmi?! Sizlarda qaysi bir ne’mat bor bo‘lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolvorasizlar. So‘ngra (U) sizlardan (o‘sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to‘da (kimsalar chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar” (Nahl surasi, 51-54-oyat).
Muhtaram jamoat! Ulamolar shirk asosan ikki turga: katta shirk va kichik shirkka bo‘linadi deganlar. Katta shirk – Allohga biror-bir narsani sherik qilish, teng bilish va u zot bilan birga boshqa narsalarga ibodat qilishdir. U gunohi kabiralarning eng kattasidir. Allohning O‘zi saqlasin. Bu borada Haq taolo O‘zining kalomida shunday degan:
إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ وَمَنْ يُشْرِكْ بِاللَّهِ فَقَدِ افْتَرَى إِثْمًا عَظِيمًا
(سورة النساء/48).
ya’ni: “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to‘qib chiqaribdi” (Niso surasi, 48-oyat).
Ikkinchisi, kichik shirk bo‘lib, u kishini Islom millatidan chiqarmasada unda bardavom bo‘lish katta shirkka olib borishi mumkin. Bunda kishi o‘sha ishdan darhol qaytishi va tavba qilishi lozim bo‘ladi.
قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا هَذَا الشِّرْكَ، فَإِنَّهُ أَخْفَى مِنْ دَبِيبِ النَّمْلِ، فَقَالَ لَهُ مَنْ شَاءَ اللهُ أَنْ يَقُولَ: وَكَيْفَ نَتَّقِيْهِ وَهُوَ أَخْفَى مِنْ دَبِيْبِ النَّمْلِ يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: قُولُوا: اللَّهُمَّ إِنَّا نَعُوذُ بِكَ أَنْ نُشْرِكَ بِكَ شَيْئاً نَعْلَمُهُ، وَنَسْتَغْفِرُكَ لِمَا لَا نَعْلَمُهُ"
(رَوَاهُ الإمَامُ أَحْمَدُ وَالإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ)
ya’ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar, ushbu shirkdan saqlaninglar, chunki, u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir”, –dedilar. u zotga Allohning irodasi ila bir kishi: “Ey Allohning rasuli, agar u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroq bo‘lsa, qanday qilib undan saqlanamiz?”, – dedi. Shunda u zot sallallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh, biz bilib turib, senga shirk keltirishimizdan panoh so‘raymiz, bilmaganimizga istig‘for aytamiz”, – denglar, deb javob berdilar (Imom Ahmad va Imom Tabaroniy rivoyat qilishgan).
Demak, shirk chumolining o‘rmalashidan ham maxfiy tarzda mo‘min kishi amallariga kirib qolishi mumkin ekan. Ulamolarimiz ushbu hadisni izohlab, shirk keltirish barcha solih amallarda, jumladan, duo, sajda, nazr, sadaqa kabi jismoniy va moliyaviy ibodatlarda ham bo‘lishi mumkin, deganlar.
Musulmon kishi o‘zining imon va e’tiqodiga binoan barcha hojatlarini so‘rashda faqat yagona Alloh taolodan so‘rashi va Uning O‘zigagina ibodat qilishi shart. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
فمن كَانَ يَرْجُوا لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا
(سورة الكهف/110)
ya’ni: “...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasi, 110-oyat).
Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra qabrlarni ziyorat qilish sunnat amallardandir. Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "ﻛُﻨْﺖُ ﻧَﻬَﻴْﺘُﻜُﻢْ ﻋَﻦْ ﺯِﻳَﺎﺭَﺓِ ﺍﻟﻘُﺒُﻮﺭِ ﺃﻻَ ﻓَﺰُﻭﺭُﻭﻫَﺎ فَإِﻧَّﻬَﺎ ﺗُﺬَﻛّﺮُﻛُﻢْ الآﺧِﺮَﺓَ"
(رَوَاهُ الامَامُ التّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Mana, endi qabrlarni ziyorat etavering, zero u sizlarga oxiratni eslatadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, qabristonga borganda u yerda yotgan marhumlarning ahvolini o‘ylab, undan har kim o‘ziga o‘git va ibrat olishi lozim bo‘lar ekan. Shuningdek, aziz-avliyolarning maqbaralarini, yaqinlarimizni qabrlarini ziyorat qilib turish Islom dinida savobli ishlardan sanaladi. Ammo buning ham o‘ziga yarasha tartib-qoidalari bor. Bugungi kunda ayrim vatandoshlarimiz yurtimizdagi ba’zi ziyoratgohlardagi maqbaralar va u yerdagi daraxtlarni muqaddas sanab, uni tavof qilish va unga sig‘inish kabi shirk amallarni qilayotganlari sir emas. Tilaklar ijobat bo‘ladi, deya qabristondagi daraxtlarga latta bog‘lash, qabrlar yoniga sham yoqish, qabr toshlarini o‘pish bid’at va xurofot amallardir. hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga bog‘lab, hojatim ravo bo‘ladi, deyish mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchundir. Ammo qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, aziz avliyolar qabrlariga borib, hojatlarini so‘raydigan, baxt yoki farzand yohud ishiga rivoj tilab, istaklarini sohibi qabrlardan so‘raydiganlar ham bor. Vaholangki, har qanday istak, tilaklarni faqat yolg‘iz Allohdan so‘ralishi kerak. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَمَنْ أَضَلُّ مِمَّنْ يَدْعُو مِنْ دُونِ اللَّهِ مَنْ لَا يَسْتَجِيبُ لَهُ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ وَهُمْ عَنْ دُعَائِهِمْ غَافِلُونَ
(سورة الأحقاف/5)
ya’ni: “Allohni qo‘yib, qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko‘ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o‘sha (mushrik)larning duolaridan g‘ofil (bexabar)dirlar” (Ahqof surasi, 5-oyat).
Hanafiy mazhabidagi mo‘tabar manbalardan biri “Raddul muhtor” kitobida shunday deyilgan: “Avom xalq tarafidan o‘liklarga atab nazr qilish, Allohning do‘stlari qabrlariga ularga yaqin bo‘lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir”.
Muhtaram jamoat! Sarvari koinot Muhammad sallallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida Islom dini aqidalari, ahkomu usullarini sahobai kiromlarga mukammal ravishda yetkazganlar. Sahobalar, tobeinlar, tabaa tobeinlardan tortib to bizning asrimizgacha o‘tgan Islom ummati ulamolari, musulmonlarga Alloh qodir qilguncha shariat ahkomlarini tushuntirish, Islomga kirib qolgan bid’at va xurofotlar hamda irim-sirimlarga qarshi jiddiy kurashishda zo‘r mahorat ko‘rsatib kelganlar. Lekin shunga qaramay, musulmon xalqi o‘rtasida hanuz dinga zarracha aloqasi bo‘lmagan ba’zi bir urf-odatlar, asossiz e’tiqodlar hukm surib kelayotganligi achinarli bir holdir.
Ba’zi odamlar ayrim oy, kun, joy va odamlardan shumlanishlari va ular haqida yomon gumonda bo‘lishlari nodonlik va islom shariati ta’limotlaridan bexabarliklariga dalolatdir. Islomdan oldingi johiliyat davrida ham safar oyidan shumlanish odati bor edi. Barcha noto‘g‘ri e’tiqodlar qatori dinimiz bu kabi xurofotdan iborat fikrlarni ham to‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu borada bir qancha hadislar aytdilar.
قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "لاَ عَدْوَى وَلاَ غُولَ وَلَا صَفَرَ"
(رَوَاهُ الإمَامُ مُسْلِمٌ وَالإِمَامُ أبُو دُاوُدَ)
ya’ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kasallikning yuqishi yo‘q, g‘ul yo‘q va safar yo‘q”, – dedilar” (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni, dunyodagi har bir narsa shu jumladan, xastalik yuqishi ham faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Hadisda zikr qilingan “G‘ul” johiliyat ahli tasavvuridagi bir jin bo‘lib, ular uni turli shakllarga kira oladi, odamlarni adashtirib ketib, turli balolarga uchratadi, degan e’tiqodni qilishar edi. Islom bu noto‘g‘ri e’tiqodni ham rad etdi. Shuningdek, johiliyat ahlining Safar oyi to‘g‘risida ham bid’at-xurofotdan iborat tushunchalari bor edi. Islom bunday asossiz e’tiqodlarni ham rad etib, oy-kunlarning hammasi Alloh taoloniki ekanini e’lon qildi.
Alloh taolo o‘zining kalomida biz ummati Muhammadga shirkning halokatga eltuvchi eng og‘ir gunoh ekanligi borasida hazrati Luqmoni hakimning o‘g‘illariga qilgan nasihatlarini ibrat qilib keltiradi.
وَإِذْ قَالَ لُقْمَانُ لِابْنِهِ وَهُوَ يَعِظُهُ يَا بُنَيَّ لَا تُشْرِكْ بِاللَّهِ إِنَّ الشِّرْكَ لَظُلْمٌ عَظِيمٌ
(سورة اللقمان/13)
ya’ni: “Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: “Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Demak, otalar farzandlariga dunyoni qanday to‘plashni emas, oldin shu nasihatlarni qilib, ularga to‘g‘ri e’tiqod va tushunchalarni o‘rgatsalar foydali bo‘ladi. E’tibor bersak Luqmoni hakim birinchi navbatda o‘g‘illariga shirkdan ehtiyot bo‘lishni nasihat qildilar. Demak biz va farzandlarimiz birinchi navbatda shirk amallardan uzoq turishimiz kerak. Chunki shirk eng xatarli, butun solih amallarni yo‘qqa chiqaradigan, jahannamda insonni abadiy qoldiradigan gunohdir.
Hurmatli jamoat! Mav’izaning davomida mo‘min-musulmonlarni kofirga chiqarishning og‘ir gunoh ekanligi haqida suhbatlashamiz.
“Takfir” masalasini chuqurroq o‘rganib chiqsak, bu ish dinimiz asoslarini puxta bilmaslikdan kelib chiqqanini bilib olamiz. Takfirchilar qilayotgan ishini haq ekanligiga mo‘min-musulmonlarning ba’zi shariat ahkomlarini bajarmayotgani va ular aytayotgan gaplarni aytmayotganini dalil qiladilar. Haqli savol tug‘iladi, dinimizda ba’zi shariat ahkomlarini bajarmayotganlar kofir bo‘ladimi? Yo‘q, balki, unday kishilar osiy va gunohkor bo‘ladilar. Chunki imonning rukni ikkita: qalb bilan tasdiqlash va til bilan iqror bo‘lish. Demak, mana shu ikki ruknni bajargan odam mo‘min bo‘ladi va uni kofir deyishga hech kimning haqqi yo‘q!
Ash’ariya aqidaviy mazhabida shariat arkonlariga amal qilishni imon ruknlaridan sanalsada, biror amalni tark qilgan odamni, modomiki farzni inkor qilmas ekan, kofir deyilmaydi.
Moturidiya aqiydaviy mazhabimizdagi mo‘tabar kitoblardan sanalmish “Aqidatut-Tahoviya”da shunday deyiladi: “Ahli qiblalardan birortasini gunohi tufayli kofir demaymiz. Modomiki, o‘sha gunohni halol hisoblamasa”. Bu yerda “ahli qibla”dan murod, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam keltirgan jami narsalarga imon keltirib, dinning asosiy ruknlaridan birortasini inkor qilmaganlar ko‘zda tutiladi va ularni gunohi kabira yoki gunoh tufayli kofir, deb hukm chiqarmaymiz.
Ba’zi oyat va hadislarda ma’lum bir gunohlarni qilganlarni kofir deb atalgan. Masalan, Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana o‘shalar kofirlardir” (Moida surasi, 44-oyat). Bu oyatning taqozosiga ko‘ra, oyatlarga muvofiq hukm chiqarmagan kishi go‘yo kofir sanaladi, deb o‘ylash mumkin. Lekin Ibn Abbosdan shu oyat xususida naql qilinadiki, Allohning hududi (hukmlari)dan birortasini inkor etmay iqror va tasdiq etgan holda ularga muvofiq hukm qilmasa kofir bo‘lmaydi, balki fosiq (gunohkor) bo‘ladi.
Ahli sunna val jamoa ulamolari gunohi kabira qilgan mo‘min butunlay millatdan chiqib ketadigan kofir bo‘lmasligiga ittifoq qilganlar. Chunki kufr ikkiga bo‘linadi. E’tiqodiy kufr va amaliy kufrga (yoki Islomdan chiqaradigan kufr va majoziy kufrga). Ba’zi bir gunohlarni oyat va hadislarda kufr deb atalishi mubolag‘a tariqasida bo‘lib, odamni dindan chiqarmaydigan majoziy kufrdir.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “La ilaha illalloh” degan kishidan tiyilish (uning moli, obro‘si va joniga talofat yetkazmaslik) imonning aslidir. Bunday kishini hech bir gunohi uchun kofir sanamaymiz, uni biror gunoh amal sababli Islomdan chiqarmaymiz...”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Ya’ni, imon kalimasini aytib, zohirida musulmonchilikka amal qilib turgan odamni gunohi tufayli Islom dinidan chiqarmaymiz.
Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Qachon kishi o‘z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o‘shanday bo‘ladi”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni, haligi odam kofir bo‘lmasa, uni kofir degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki musulmonni kofir deyishning hukmi shu. Birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi. Zero, bizning hozirgi zamonamizda musulmonlarni tafriqaga bo‘lib tashlash g‘arazi bilan gunoh amal qilganlarni kofirga chiqarish holatlari butun islom olamida ro‘y bermoqda.
Alloh taolo barchalarimizni o‘zi rozi bo‘ladigan solih amallarga muvaffaq etsin va O‘zi qaytargan katta-kichik gunohlardan panohida asrasin. O‘zimiz va oila a’zolarimizni sog‘lom e’tiqodda hayot kechirib borishimizni nasib aylasin! Omin!
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, yurtimizda diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ilk magistrlari tahsilni tamomladi
Donishmandlarning “Agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa — sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa — daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa — farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering” degan hikmatli gapi bor.
Jamiyat ravnaqiga, Vatan taraqqiyotiga, xalq farovonligiga ta’lim-tarbiyachalik xizmat qiladigan boshqa biror fenomen bo‘lmasa kerak. Har bir davrning o‘ziga yarasha sarmoyadorlari, tujjorlari bo‘lgan. Lekin ularning nomlari tarix sahifalarida juda kam uchraydi, ayrimlari izsiz yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin umrini sivilizatsiyalar taraqqiyotiga bag‘ishlagan mutafakkirlar, qomusiy allomalar, ma’rifat chirog‘i ostida elini buyuk orzular, nurafshon kunlar sari yetaklagan millat oydinlari, ulamolarning nomlari asrlar osha barhayotdir.
Prezidentimiz lavozimiga saylanishi bilanoq barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlarni boshlab berdi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu hujjatda qator ustuvor yo‘nalishlar, xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, diniy ta’lim muassasalari huzurida fuqarolarga Qur’oni karimni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish belgilangan.
Son emas, sifat muhim
Ilm dargohining ulug‘vorligi uning binolari yoki talabalari soni bilan emas, balki u yerdan yetishib chiqadigan ilmli, odobli, Vatani va millatiga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk va salohiyatli kadrlar bilan o‘lchanadi. Yuzlab uchqunlar birgina quyoshning ziyosini to‘sa olmagani singari chinakam qadr-qiymat sonda emas, sifatdadir. Yangi O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyatida ham asosiy mezon ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, ma’naviy tarbiya va jamiyatga munosib xizmat qiladigan mutaxassislarni voyaga yetkazishda.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Buxoro shahrida Mir Arab oliy madrasasi, 2018 yilda Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi, 2020 yilda Termiz shahrida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 2024 yilda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 4 ta oliy, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi (shundan ikkitasi ayol-qizlarga ixtisoslashgan) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda tahsil olayotgan ikki yarim mingdan ziyod talabaga 500 ga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.
Diniy soha xodimlarining asosiy qismini tashkil etadigan imom-xatiblarning bilim va malakalarini yanada oshirish, o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega imom-xatiblarni oliy diniy ma’lumotli kadrlar bilan almashtirish maqsadida 2019 yilda Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi joriy qilindi. Mazkur ta’lim tizimida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan imom-xatiblar tanlov asosida o‘qishga qabul qilinib, ishdan ajralmagan holda 3 yil davomida tahsil oladi. Bugungi kunga qadar bu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 600 dan ziyod imom-xatib oliy ma’lumotga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning 2023 yil iyun oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2024-2025 o‘quv yilida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, tor yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura mutaxassisligi tashkil etilgan edi.
Joriy yilda ilk 10 bitiruvchi “Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti” va “Hadis ilmlari” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi. Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasining katta majlislar zalida magistrlarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirlik va idoralar vakillari, taniqli ulamolar, imom-xatiblar, soha faxriylari, pedagog-o‘qituvchi va talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov ilk bitiruvchilarni samimiy qutlab, tegishli pul mukofoti sertifikatlarini har bir magistrga tantanali ravishda topshirdi. Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bitiruvchilarni o‘qishini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan muborakbod etib, katta tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Muftiy hazratlari ilk magistrlarning oylik ish haqiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildi. Bitiruvchi magistrlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy apparati, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ishga taqsimot qilindi.
Tarix takrorlanib turadi
O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar yurti sifatida e’zozlanadi, qadrlanadi. Tarixda yurtimiz allomalari butun dunyoga ustozlik qilgan, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
2024 yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh “Yurtingizning har qadamida ulug‘ allomalarning xoki bor. Bu zamin ilm va ulamolar yurtidir. Endi sizlarning vazifangiz ana shu buyuk merosni qayta tiriltirish va dunyoga tanitishdir”, degan edi. Haqiqatan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida butun dunyo O‘zbekistonga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiylarga qanday talpingan bo‘lsa, bugun ham Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yurtimizga dunyo afkor ommasining qiziqishi tobora ortib boryapti.
Xalqimizda “Tarix takrorlanib turadi”, “Oqqan daryo oqaveradi” kabi ajoyib maqollar, naqllar bor. Chindan ham IX-XII hamda XIV-XV asrlarda yuksak aqlu zakovati, teran tafakkuri, boy ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bilan butun dunyoni zabt etgan buyuk ajdodlarimiz singari bugun yangi O‘zbekistonda tahsil olayotgan yoshlar ham bobolarimizning munosib izdoshi sifatida tarixni takrorlashga astoydil kirishgan. Ular orasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishini tamomlagan o‘n nafar iqtidorli bitiruvchi ham bor. Ularni O‘zbekistonning yetuk mutaxassislari, Prezident kadrlari deya baralla ayta olamiz. Kelgusidagi faoliyatlariga Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Salohiddin ShЕRXONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i
"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2026 yil 6 avgust sonidan