Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

JUMADAN JUMAGACHA

5.10.2018   3178   4 min.
JUMADAN JUMAGACHA

 O‘zbekiston «Islom mamlakatlarining standartlar Ustavi»ni ratifikatsiya qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari 27 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisda 3 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ko‘rib chiqdilar.

Xususan, “Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti Ustavi va Tartib-qoidalarini (Istanbul, 1999 yil 7 noyabr, 2017 yil 7 may holatidagi o‘zgartirishlar bilan) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Islom hamkorlik tashkiloti Ustaviga kiritilgan tuzatishni (Abidjan, 2017 yil 10-11 iyul) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlari senatorlar tomonidan ma’qullandi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Agraga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 30 sentyabr kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga keldi. 

Davlatimiz rahbari dastlab Agra shahriga tashrif buyurdi. O‘zbekiston delegatsiyasi aeroportda tantanali kutib olindi.

Prezidentimiz bu yerda jahonga mashhur Toj mahal obidasini borib ko‘radi.

 

Andijonda "Eng ma’rifatli imom" tanlovi o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 10 sentyabrdagi 01A/092-sonli buyrug‘iga asosan Andijon viloyati imom xatiblar va imom noiblari o‘rtasida “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining shahar va tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Hakamlar hay’atining yakuni xulosasiga ko‘ra Andijon viloyatidagi barcha shahar va tumanlaridan har biridan bittadan g‘olib aniqlandi va “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining Andijon viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.

Ushbu ko‘rik tanlovda viloyat bo‘yicha jami 181 nafar imom xatib va 62 nafar imom noiblari o‘zaro bellashdilar. 

 

Madinadagi Qur’on musobaqasida ishtirok etuvchi qorilarimiz safarga otlandi

3 oktyabr kuni, soat 08:20da qorilarimiz Madina shahrida bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun jo‘nab ketdilar. Ushbu musobaqa Muhammad sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida 40 yildan beri ilk bor o‘tkazilmoqda. Ushbu nufuzli musobaqada yurtimizdan ikki nafar ishtirokchi va bir nafar baholovchi hakam ishtirok etadi.

- Toshkent Islom instituti «Tahfizul-Qur’on» kafedrasi mudiri katta ustoz Jahongir qori Ne’matov (baholovchi hakam);

- Toshkent Islom instituti talabasi, «O‘zbekiston Qur’on musobaqasi 2018» mutlaq g‘olibi Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov (30 porani yoddan o‘qish yo‘nalishi ishtirokchisi);

- Ko‘kaldosh o‘rta maxsus Islom bilim yurti talabasi Abdurrahmon qori So‘fiyev (15 porani yoddan o‘qish yo‘nalishi ishtirokchisi).

 

Taniqli ulamo Abdurazzoq hoji Yunusov vafot etdi

4-oktyabr kuni, yurtimiz musulmonlari ulkan musibatga, og‘ir judolikka uchradi. Ko‘p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, muhtaram ustoz, taniqli ulamo Abdurazzoq hoji Yunusov tabarruk 70 yoshda vafot etdi.

 

Surxondaryoda yirik islomiy tadqiqot markazi qurilmoqda

Prezidentimizning 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Termiz shahrida Imom at-Termiziy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi, 2500 o‘ringa mo‘ljallangan masjid, 138 o‘rinli mehmonxona hamda otalar choyxonasi, shuningdek,imomlar uchun 5 ta ikki qavatli turar joylar va boshqa bir necha xizmat ko‘rsatish inshootlari bunyod etilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.

 

"Turizm Ipak yo‘lida” xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazilmoqda

Jahon xalqaro maydonlarida O‘zbekiston Respublikasining turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida, Toshkent shahrida 2018 yil 3-5 oktyabr kunlari o‘tkazilayotgan “Turizm Ipak yo‘lida” 24-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Toshkent shahrining turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish va jahon maydonida munosib ishtirok etish uchun «Tashkent City» stendi bilan Toshkent shahar xokimiyati ishtirok etmoqda. 

 

Madinada o‘ttiz yilda yozilgan Qur’on namoyish etildi

Madinadagi Muqaddas Qur’on muzeyida Qur’oni karimning ajoyib nusxasi namoyish etildi. Bu haqda IslamTodayga tayanib Azon internet nashri xabar berdi.

Pokiston Islom Respublikasidan olib kelingan bu Qur’on kitobining o‘ziga xosligi shundaki, u tamomila matoga tikib yozilgan. Kitobni 1987 yilda pokistonlik Nasim Axtar “yoza” boshlagan va ishni joriy yildagina tamomlay oldi.

 

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5004   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.