Yangi ilmiy tadqiqot markaz, 2500 o‘rinli masjid, imomlar uchun 5 ta ko‘p qavatli turarjoy barpo etiladi.
Prezidentimizning 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Termiz shahrida Imom at-Termiziy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi, 2500 o‘ringa mo‘ljallangan masjid, 138 o‘rinli mehmonxona hamda otalar choyxonasi, shuningdek,imomlar uchun 5 ta ikki qavatli turar joylar va boshqa bir necha xizmat ko‘rsatish inshootlari bunyod etilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.
“Majmua hududidagi masjid binosi sharq me’morchiligining noyob an’analarini o‘zida mujassam etgan. Inshootdagi bitta yirik gumbaz hamda unga yondosh 2 ta 42 metr balandlikdagi minora masjidga ko‘rkamlik va o‘ziga xos salobat baxsh etadi. Yopiq bino ichida bir vaqtning o‘zida 2500 namozxon ibodat amallarini bajarishi mumkin”, - deydi “Prof guruh” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Murod Abdullayev.
Abu Iso Muhammad at-Termiziy Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida milodiy 824 yilda tavallud topgan. Umrini ilmu ma’rifat, xususan, islom dini ta’limotini o‘rganish va tadqiq etishga bag‘ishlagan alloma eng ishonchli hadislardan iborat “Sunani Termiziy” kitobining muallifi sifatida butun dunyoga shuhrat qozondi. Bu asar to hanuz muqaddas Qur’oni karimdan keyingi manba — “Kutubi sitta”, ya’ni eng ishonchli oltita hadis kitobidan biri sifatida tan olinadi.
Qurilish ishlari tugagach markaz shunday ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Imom Termiziy mangu qo‘nim topgan yodgorlik majmuasida o‘tgan yili ulkan hajmdagi qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Alloma qabri ustiga yangi marmartosh o‘rnatilib, mavjud maqbara qayta ta’mirlandi, maqbaraga yondosh yangi inshoot qurildi. Shu bilan birga, majmua hududida milliy me’morchilik asosidagi yangi masjid barpo etilib, eng nodir asarlar jamlangan kutubxona, turli ilmiy anjumanlar o‘tkazishga mo‘ljallangan alohida xonalar tashkil etildi. 2,5 gektarni tashkil etuvchi hudud devor bilan o‘ralib, sharqona ayvonlar qad rostladi, umumiy ovqatlanish, savdo va turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yodgorlik majmuasiga ko‘rk bag‘ishlashi barobarida ziyoratchilar hamda sayyohlar uchun qulaylik yaratmoqda.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan