Naqldurki, bir kuni shayx Hasan Basriy oldiga bir saxroyi arab kelib so‘radi: Ey shayx sabr degani qanday narsa? Shayx dedi:Sabr ikki hil bo‘ladi. Birinchisi baloga sabr etmoq, ikkinchisi qanoat etmoq va hech kimdan narsa tilamaslikdir. Arab dedi: men sendan ko‘ra zuhtsiz va sabrsiz kishini ko‘rmadim. Shayx dedi: rost aytasan, ilm kerak, ilmga amal va ixlos bilan birga qanoat kerak bo‘ladi. Shunda amallar qabul bo‘ladi.
Sabr doim kerak. Yaxshilik yetganida ham, yomonlik yetganida ham, zarar-kamchilik paytida ham, foyda-borchilik paytida ham. Yo‘qchilikka sabr qilish oson. Ammo borchilik, to‘qchilikka hamma ham sabr qila olmaydi. Aslida esa, banda og‘ir paytda bardosh bilan, ne’mat yetganida shukr va yaxshilik bilan sabr qilishi kerak. Ham yengil, ham og‘ir paytlarda:
«yaxshi amallarni qilganlar, ana o‘shalarga mag‘firat va katta ajr bor».
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, Alloh mo‘min banda uchun nimani qazo qilsa, o‘sha uning uchun yaxshi bo‘ladi. Agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi, unga yaxshi bo‘ladi. Agar unga xafachilik yetsa, sabr qiladi, unga yaxshi bo‘ladi. Bu faqat mo‘minlardagina bo‘ladi», deganlar. Ammo odamlarning ko‘plari bu haqiqatlarni tushunmaydiganlar, din yo‘liga yurmaganlar Payg‘ambarlik mohiyatini ham anglay olmaydilar. Shuning uchun bu haqda turli noto‘g‘ri tasavvurlar qiladilar.
Alloh taolo yana:«Ular Robbilari yuzini ko‘zlab, sabr qilarlar», degan (Ra’d, 22).
Ya’ni, aql sohibi bo‘lgan bandalar Allohning rizosini umid etib, sabr qiladilar. Ularning sabrlari faqat Allohning roziligi uchun bo‘ladi. Xo‘jako‘rsinga, riyo uchun bo‘lmaydi. O‘ziga-o‘zi maqtanib yurish uchun ham bo‘lmaydi.
Sabr turli xil bo‘ladi. Eng ulug‘i Iymon-Islom talablarini bajarish yo‘lidagi qiyinchiliklarga sabr qilish. Odamlarning noo‘rin tasarruflariga sabr qilish. Yetgan musibatlar va ne’matlarga sabr qilish va hokazolar. Alloh taolo yana:«Albatta, Biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng go‘zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz», degan (Nahl, 96).
Ya’ni, axdiga vafo qilib, qasamiga rioya etish yo‘lidagi mashaqqatlarga chidab, sabr qilgan odamlarni eng yaxshi ajrlar bilan mukofotlaymiz. Eng yaxshi amaliga tegishli ajru savobimizni umumlashtirib, hamma ishlariga beramiz.
Alloh taolo: «Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan 6oshqalarga juda katta ishdir», deya Baqara surasi 45 oyatda marhamat qilgan.
Yordam so‘rang, deb tarjima qilgan ibora arab tilida «ista’iynu» deb kelgan. Bu so‘zning ma’nosi bir ishga urinib turib, yana qo‘shimcha yordam so‘rashni anglatadi. Demak, musulmon kishi har bir ishga astoydil urinadi va shu urinish bilan birga, Allohdan yordam so‘raydi. Sabr ham, ko‘pchilik xayol qilganidek salbiy ma’noda, ya’ni, nima bo‘lsa ham sabr qilyapman, deb jim-harakatsiz turish emas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni yengishdagi sabrdir.
Eng bosh sabr havoi nafsni, rohat-farog‘atni, mansabni tark qilib, Allohning aytganiga yurishga chidamdir. Namoz esa, bandani Allohga bog‘lab turuvchi narsa bo‘lib, inson namoz orqali quvvat, matonat, chidam va bardoshga erishadi. Payg‘ambar alayhissalom qachon boshlariga qiyin ish tushsa, namoz o‘qishga shoshilar edilar.
Alloh taolo kalomida: «Ey iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so‘ranglar. Albatta, Alloh sabrlilar bilandir», degan (Baqara, 153).
Islom ummatiga Alloh taolo ulkan mas’uliyatni – butun dunyoni ilohiy yo‘lga da’vat etishni yuklagan. Bu juda ham mashaqqatli ish. Bunday ulkan mas’uliyatni ado etish uchun kamida shunday ulkan sabr kerak bo‘ladi. Shu bois Alloh ushbu oyatda mo‘min bandalarini sabr-toqatga chaqirmoqda.
Qur’oni Karimda sabrga da’vat ko‘p takrorlanadi. Chunki Allohga toatda ham, gunohdan saqlanish, yo‘ldagi to‘siqlarni yengish uchun ham, zaiflik kelib qolganda ham, havoi nafsni jilovlash uchun ham sabr kerak va hokazo. O‘tgan ulamolarimizdan birlari sabrni umumiy tarzda uchga bo‘lganlar: Birinchisi: Alloh harom qilgan narsalardan va gunohlardan saqlanishga sabr. Ikkinchisi: toat va qurbat hosil qilish uchun sabr. Uchinchisi: yetadigan musibat va qiyinchiliklarga sabr.
Demak, mo‘min-musulmon banda mazkur qiyinchiliklarni yengish uchun katta mikdordagi sabrga ega bo‘lishi kerak. Ammo hamma narsaning chegarasi bo‘lganidek, gohida sabr ham tugashi, susayishi mumkin, bunday holatda namoz yordamga keladi. Namoz bitmas-tuganmas yordamchi, kuchga kuch, quvvatga quvvat baxsh etuvchi, qalbga madad beruvchi, sabrga sabr qo‘shuvchi, sokinlik va xotirjamlik manbaidir. U ojiz, zaif odamni quvvat va yordamning asl manbai bo‘lmish Alloh taologa bog‘lovchi vositadir. Shu bois Alloh taolo qiyinchilik va mashaqqatlar ostonasida turgan Islom ummatini sabrga va namozga chaqirmoqda. Va ortidan: «Albatta, Alloh sabrlilar bilandir», deb ta’kidlamoqda. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hadislaridan birida: «Mo‘minning ishi ajoyib, Alloh unga nimani qazo qilsa ham, yaxshilik bo‘ladi. Xursandlik yetsa, shukr qiladi, yaxshi bo‘ladi. Musibat yetsa, sabr qiladi, yaxshi bo‘ladi», deganlar.
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o‘rta maxsus islom bilim yurti
M. Saidjalolova
O‘MI matbuot xizmati
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz