(Davomi, boshi o‘tgan sonda)
Bu o‘lkaga Islomni Saodat asridan boshlaboq musulmon savdogarlar, diplomatlar olib kira boshlagan. Keyinchalik Islom musulmonlarning harbiy yurishlari davomida yoyila boshlandi. Jumladan, VII asr oxirida Iroqning qudratli hokimi Hajjoj ibn Yusuf nevarasi Muhammad ibn al-Qosim Hind vodiysining Mo‘ltongacha bo‘lgan butun pastki qismini bosib oldi. U Hindistonda uzoq qolmadi, lekin shundan buyon Sindni va hatto janubi-g‘arbiy Panjobni arablar xalifaligining bir qismiga aylantirgan edi. Shundan so‘ng Hindistonga ko‘plab musulmon sarkardalar hujumlar uyushtirgan va ushbu hududdagi eng yirik davlatlarni ko‘pincha musulmonlar boshqarib kelgan.
Va nihoyat 1526 yili Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonga bostirib keldi. Bu mamlakat 500 yil mobaynida, Sind va Mo‘lton esa 800 yil musulmon mamlakati bo‘lib turdi. Hindiston keng musulmon dunyosining bir qismi sifatida xalifalikning ruhiy ta’sirida bo‘ldi. Unga barcha osiyoliklar Dar ul-Islom (Islom qarorgohi) deb qarashardi. Butun Islom dunyosidan bu yerga oqib kelgan musulmon ruhoniylari, faylasuflari, fozillari va shoirlari, ma’rifatparvarlari va mutafakkirlari o‘zlarini uylaridagidek his qilardilar. Bu yerda hamma joyda dorilfununlar va bilimlarning katta muxlislari mavjud edi. Kashmir hokimi Iskandar But Shikan va Iskandar Lo‘diydan boshqa musulmon hukmdorlari hindlarning diniy va madaniy an’analariga hech qachon aralashmaganlar, ularga hurmat bilan qarab, davlat faoliyatiga jalb qilganlar, yuksak lavozimlarni ishonib topshirganlar, harbiy xizmatga olib, lashkarboshilikka tayinlaganlar, xullas, begona bilmaganlar. Xalqqa oddiy dunyoviy va majburiy islomiy ma’naviy ma’rifat berish sohasidagi ishlarni Laxo‘rlik Data Ganj Bahsh, ajmerlik Xo‘ja Mo‘yniddin, dehlilik Xo‘ja Baxtiyor Qoqiy, pakpattanlik Bobo Farid, mo‘ltonlik Shayx Bahovuddin Zakariya, bahovalpurlik Mahtum Jahoniyan Jahongasht, dehlilik Shayx Nizomiddin Avliyo, birlashgan viloyatlar vakili Ahmad Sobir Qalyariy, bengallik Jaloliddin Tabriziy va dekanlik Xo‘ja Gesuv singari musulmon ruhoniylari boshqarib borishardi. O‘zlari bo‘lgan hamma joyda bilim ziyosini sochadigan bu yirik din arboblariga musulmonlar ham, hindlar ham birdek quloq solardilar. Ma’rifatchilik faoliyati tufayli Islom dinini qabul qilganlarning aksariyati shunday ish tutishardi. Bu ruhoniylarning hammasi ma’rifat tarqatish bilan shug‘ullandilar. Nizomiddin Avliyo xoljiylar saltanatida, Xo‘ja Gesuv Daroz esa XV asr boshida shunday faoliyat ko‘rsatishdi. Ular Alloh marhamatiga oddiy ishonchni, halollikdan, hamdardlikdan, Parvardigorga yaqinlikdan rohatlanishni, kishilarning o‘zaro bir-birlari oldidagi burchi va mas’uliyatini, toat-ibodatning kuchi, e’tiqodning go‘zalligini o‘rgatib bordilar. Lekin o‘z fikrlarini hech qachon zo‘rlik bilan tiqishtirishmas va ko‘plab tarafdorlarga ega edilar. Ular bu mamlakatda Islom dinini ommalashtirdilar.
Ularning oddiy ta’limotlari har doim kam sonli va imtiyozli tabaqalar dini bo‘lib kelgan hindlar e’tiqodiga asta-sekin ta’sir eta boshladi. Bu din to XIX asrda Hindistondagi bxagatlar guruhi (xalq avliyolari), ya’ni Panjobda Guru Nanak, markaziy Hindistonda – Ramanand va Kabir, Bengalda – Chaytaniya, Rajputan hamda Nanadevada – Dadu va Maxararashtrada boshqa guruhlar isyon ko‘targanlariga qadar shunday mavqeni saqlab qoldi. Bu avliyolarning hammasi sevgi-muhabbat, yaxshilik, saxovat, oddiy e’tiqod va muxlislik, insonga hamdardlik va mehr tuyg‘ularini singdira boshladilar. Ular ta’limoti tezda ommalashib, tarafdorlar orttira bordi, bxagatlarning har biri pans (diniy ta’limot) boshchisiga aylanib, xalqni uyg‘otishga hissa qo‘shdi. Hindlar ularning o‘tmishini o‘rganib, mavjud shart-sharoitlarni yaxshilashga kirishdilar. Yana yuz yil o‘tgach, bu harakat o‘zgarib ketdi: u hindlar orasida adabiy jonlanishni, yana ikki yuz yildan keyin esa ijtimoiy-siyosiy uyg‘onishni keltirib chiqardi. XVIII asrga kelib harbiy doiralarda, Panjobda siqhlar, G‘arbiy Hindistonda maxrattanlar orasida to‘la-to‘kis shakllangan mazkur harakat bengallarni madaniyatga oshna qildi, xalqqa ma’rifat tarqatdi. Hindlarda milliy ruh tug‘ilishiga, ularning musulmonlardan qo‘rquvi barham topishiga va britaniyaliklarga nisbatan nafrat uyg‘onishiga asosiy sabab bo‘ldi. Shu jihatdan, hindlar milliy ruhining ildizlari juda qadimiydir.
Hozirgi vaqtda Hindistonda Islom diniga e’tiqod qiluvchilar son jihatdan hindulik diniga e’tiqod qiluvchilardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Hindiston musulmonlari 176 milliondan ortiq, umumiy aholining 14,4 foizi.
Hindiston musulmonlari son jihatidan Indoneziya va Pokiston aholisiga yeta olgani yo‘q hozircha, biroq ularning soni yildan yilda ortishda davom etmoqda.
Bir ayol Lays ibn Sa’ddan ozroq asal berishini iltimos qildi. Lays unga bir mesh asal olib kelishlarini buyurdi. Atrofidagilardan biri: “Nima uchun bu ayolga buncha asal beryapsiz? Axir u sizdan ozgina asal so‘radi, xolos”, dedi. Laysning javobi mana shunday bo‘ldi: “U bizdan o‘ziga keragini so‘radi, biz esa unga Alloh taolo bizga bergan ne’matlari miqdoricha beramiz”.
Lays ibn Sa’d har kuni uch yuz oltmish bechoraholga sadaqa ulashmasidan burun birov bilan gaplashmas ekan. Biz-chi, biz?! Har kuni yarimta xurmo bo‘lsa-da, sadaqa qilyapmizmi?! Agar mol-dunyoingiz yetarli bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Mol-dunyo sadaqa sababli kamaymaydi”[1] degan gaplarini esingizdan chiqarmang!
Aliy roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladilar. U kishidan: “Yig‘ingizning boisi ne?” – deb so‘rashganida, “Mening oldimga mana yetti kundirki mehmonning qadami yetmadi. Alloh meni xor qilyaptimikan deb xavfsirab qoldim”, degan ekanlar.
Birovga ehson berar ekansiz, chehrangiz ochiq bo‘lsin. Yaxshilik qilayotgan kishingizning qarshisida qovog‘ingizni uymang.
Shoir aytadi:
Faqir dargohiga har dam chehrang ochib bor,
O‘zingni past tutib, kibru havodan qochib bor.
Bergan narsalaringizni minnat qilishdan saqlaning, yo‘qsa amallaringiz chippakka chiqadi. Alloh taolo aytadi: «Yaxshi so‘z va kechirish ortidan ozor keladigan sadaqadan ko‘ra yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir»[2]. Yana Alloh taolo minnatchilikdan ogohlantirib, shunday deydi: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..”[3].
Bir kishi do‘stining oldiga keldi. Do‘sti unga: “Nima gap, tinchlikmi? Biror ishing bo‘lsa ayt”, dedi. U: “Mening to‘rt yuz dirham qarzim bor, beray desam bir dirham ham pulim yo‘q”, dedi. Do‘sti unga to‘rt yuz dirham berdi-da, ko‘zlarida yosh ila uyiga kirdi. Ayoli: “Axir yig‘lar ekansiz, nimaga berdingiz?” – dedi. Shunda u: “Xudo haqqi, men bu uchun yig‘layotganim yo‘q. Meni yig‘latgan narsa, nahot yaqin do‘stimning bu holidan bexabar qoldim, axir do‘stim eshigimgacha kelibdi. Shuning xijolatidan yig‘layapman”, debdi.
Yaqinlarimiz, qarindosh-urug‘, do‘stlarimiz holidan xabar olayapmizmi?!
Ularga biror narsa bergudek bo‘lsak, ularning hojatlari miqdoricha berayapmizmi yoki bizga ato qilingan ne’matlar qadarmi?!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[2] Baqara surasi, 263-oyat.
[3] Baqara surasi, 264-oyat.