Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446

Qalblarni ezgu niyatlar bilan bog‘laylik

03.10.2018   5420   5 min.
Qalblarni ezgu niyatlar bilan bog‘laylik

Yaxshi niyat va ezgu amallar sohibini jannat sari yetaklovchi ishlar ekani ma’lum. Inson niyatini to‘g‘ri qilsa, nafsini turli yomonliklardan poklasa, albatta, u dunyo va oxiratda baxtlilar qatorida bo‘ladi. Alloh taolo: “(Qasamyod etaman), haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur”, deydi (Shams, 9). Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ushbu mazmunli oyatni tilovat qilganlaridan so‘ng, Alloh taologa bunday duo qilar ekanlar: «Yo Alloh, nafsimga taqvo ato et, O‘zing uning Xojasisan va eng yaxshi Poklaguvchisan».
Nafsni poklash Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rqib gunohlardan tiyilish, imonni quvvatlantiradigan amallarda davomli bo‘lish va Undan mag‘firat so‘rab, ixlos bilan tavba qilish bilan bo‘ladi. Gunohlardan tiyilmagan bandaning qalbi xotirjam bo‘lolmaydi va ibodati ham halovatsiz kechadi. Hazrat Ali (roziyallohu anhu) bunday nasihat qiladi: «Dunyoga hirs qo‘yishdan qalbda zulmat paydo bo‘ldi. Alloh taolo g‘azabidan qo‘rquv, qanoat, Qur’oni karimga amal qilish va oxiratga tayyorgarlik ko‘rish kabi amallar u (zulmat)ni tarqatib yuboradi».
Shubhasiz, Alloh taologa muhabbat, qo‘rquv insonni kamtarin, sabrli, amallarda, Yaratganni ko‘rmasa ham, U ko‘rib turganini his etadigan qilib qo‘yadi. Hadisda: «Alloh taoloni ko‘rib turganingdek ibodat qil. Garchi sen Uni ko‘rmasang ham U seni ko‘radi» (Imom Muslim rivoyati), deyilgan. Donishmandlar, Haq taolodan qo‘rqqan inson nafsini har soniyada nazorat qilib, xuddi tijoratdagi sherigi bilan hisob-kitob qilganidek, u bilan hisoblashadi, deyishgan.
Gunohlardan saqlanib, yaxshilik qiluvchilarga jannat va’da qilingan. Unga erishish yo‘li esa oson kechmaydi. Qur’oni karimda: «Alloh taqvoli bo‘lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir» (Nahl, 128),deyilgan.
Shu bois mo‘min kishi dunyoga mukkasidan ketmagan, qo‘li va tili bilan boshqalarga zararsiz, yomon so‘z va ishlarni qilmaydigan, ibodatlarda g‘ayratli bo‘lmog‘i lozim. Qiyinchilik va kenglik kunlarida ham saxiy, qalbi keng bo‘lish qo‘rquvning belgisi, deb bayon qilingan. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) kishilarning hurmatlisi kim, deb so‘rashganida, u zot: «Ulardan eng taqvolisi», deb aytganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Qur’oni karimda taqvodorlar uchun tayyorlangan kengligi osmonu yerga teng jannatga shoshilishga buyurilgan. Mufassirlar, jannatga shoshilish bu ibodatlarni vaqtida ado etish, jamoatni tark etmaslik, tavba va ixlosda davomli bo‘lish kabi amallardir (Nasafiy tafsiri, 1 jild, 182 bet), deydi. Demak, jannatga erishishning eng oson yo‘li ezgu niyat va yaxshi amallar bo‘ladi. Shunda nafs ham poklanadi va inson najot topadi.
Katta-kichik, ahamiyatli-ahamiyatsiz demasdan har bir ishda, kundalik turmushimizda niyatimizni o‘nglab ish tutishimiz kerak bo‘ladi. Masalan, ko‘chaga chiqish oldidan o‘zingizga xushbo‘y atir sepmoqchi bo‘ldingiz. Agar  bundan odamlar sizdan ozorlanmasliklarini, balki xushbo‘ylikdan qalblari sururga to‘lishini niyat qilgan bo‘lsangiz, ana shu niyatingiz savobga sazovordir. Bordi-yu, uni boshqa g‘arazli niyatda yoki kibrlanish uchun sepgan bo‘lsangiz, mukofotga erishish tugul, gunohkor bo‘lasiz. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim Alloh roziligi yo‘lida xushbo‘y narsa surtsa, uning hidi qiyomat kuni mushk-anbar hididay bo‘lur, kim Allohdan o‘zganing roziligi niyatida xushbo‘ylansa, qiyomat kuni uning hidi o‘laksanikidan ham jirkanch bo‘lur”.
Niyatning makoni qalbdir. Shuning uchun amallarimiz qabul bo‘lishi uchun qalbdan niyat qilish, har bir ishni chin ixlos bilan kirishish zarur bo‘ladi. Ayni paytda niyatni til bilan izhor etish yanada yaxshidir. Niyat qilingan zahoti uni amalga oshirish lozim. Agar boshlashning vaqtini aniqlash qiyin bo‘lsa, imkon topilganda niyat qilinadi. Har bir narsaga alohida niyat qilgan ma’qul.
Shuning uchun mo‘minning niyatsiz amali savob kasb etmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlarki: “Niyatsiz bajarilgan amal uchun ajr yo‘qdir”.
Beniyat amal mashaqqatdir. Ixlossiz niyat riyodir, ro‘yobga chiqmagan ixlos bekordir. Sidq va ixlos bandaning najot topishi uchun vasiladir. Bu ikki narsa haqiqatini bilganidan keyin u amal bilan niyatni to‘g‘rilaydi.
Bir hadisi sharifda bunday deyilgan: “Mo‘minning niyati uning amalidan yaxshidir” Imom Bayhaqiy rivoyati.
O‘tmishdagi solihlardan biri: “Men har bir narsada niyatim bo‘lishini juda ham yaxshi ko‘raman. Hatto taom yeyish, suv ichish, uyquga ketishda niyatim bo‘lishini istayman”, degan. Kim taom tanovul etishdan ibodatga quvvat bo‘lishini, uylanishdan dinini mustahkamlashni va o‘zini gunohdan tiyishni hamda o‘zidan  keyin salohiyatlik farzand ato etilishini niyat qilsa, bu niyatlariga yarasha savob oladi. Harakatlaringiz, so‘zlaringizdan biror narsani kichik, arzimagan narsa deb hisoblamang. Hisob berishdan oldin hisob-kitobingizni ehtiyot qiling. Qiladigan amalingizdan oldin niyatingizni to‘g‘rilang. Xalqimizda “Niyatingni yaxshi qil”, degan hikmatli so‘z bor. O‘zingizdan keyin tark etadigan narsalar borasidagi niyatingizga ham e’tibor bering.
Shuning uchun ham yurtimizdagi har bir ota-ona yetuk va komil  farzandlar tarbiyalashni hayotdagi  eng ulug‘ niyat va muqaddas maqsad deb biladi. Boshlangan “Sog‘lom avlod” yilida yaratganning o‘zi ana shu ezgu niyat va  orzularimizga yetishishda hammamizga yoru-madadkor bo‘lsin. Yaxshi niyatli, yaxshi amalli va ixlosli bandalari jumlasidan aylasin!

A.Boboyev
Shovot tumani “Vayangan bobo” masjidi imom-xatibi

O‘MI matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   9754   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD