Bugun, 3 oktyabr kuni, soat 08:20da qorilarimiz Madina shahrida bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun jo‘nab ketdilar.
Ushbu musobaqa Muhammad sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida 40 yildan beri ilk bor o‘tkazilmoqda.
Ushbu nufuzli musobaqada yurtimizdan ikki nafar ishtirokchi va bir nafar baholovchi hakam ishtirok etadi.
Ular:
- Toshkent Islom instituti «Tahfizul-Qur’on» kafedrasi mudiri katta ustoz Jahongir qori Ne’matov (baholovchi hakam);
- Toshkent Islom instituti talabasi, «O‘zbekiston Qur’on musobaqasi 2018» mutlaq g‘olibi Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov (30 porani yoddan o‘qish yo‘nalishi ishtirokchisi);
- Ko‘kaldosh o‘rta maxsus Islom bilim yurti talabasi Abdurrahmon qori So‘fiyev (15 porani yoddan o‘qish yo‘nalishi ishtirokchisi).
Eslatib o‘tamiz, xalqaro musobaqada 82 davlatdan 115 kishi ishtirok etadi. Saudiya rasmiy OAV bergan ma’lumotga ko‘ra, Qur’on hifzi, tilovati va tafsiri yo‘nalishlari bo‘yicha qirol Abdul Aziz tanlovi 26 muharramda (6 oktyabr) boshlanib, safar oyining birinchi kunigacha (11 oktyabr) davom etadi.
Vakillarimizning ishtirok etish sanasi qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati