O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 10 sentyabrdagi 01A/092-sonli buyrug‘iga asosan Andijon viloyati masjidlarida faoliyat ko‘rsatayotgan imom xatiblar va imom noiblari o‘rtasida “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining shahar va tuman bosqichi yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda tashkil qilindi. Ushbu ko‘rik tanlovda viloyat bo‘yicha jami 181 nafar imom xatib va 62 nafar imom noiblari o‘zaro bellashdilar. Bu haqda O‘MIning Andijon viloyati vakilligi xabar berdi.
Tanlov shartlariga ko‘ra ishtirokchilar to‘rt yo‘nalish bo‘yicha hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Hakamlar hay’atining yakuni xulosasiga ko‘ra Andijon viloyatidagi barcha shahar va tumanlaridan har biridan bittadan g‘olib aniqlandi va “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining Andijon viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
Musobaqa ishtirokchilari va g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
“Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovining shahar va tuman bosqichi g‘oliblari ro‘yxati
1. Andijon shahridan – “Bobotavakkul” jome masjidi imom-xatibi Kenjayev Nodirbek;
2. Andijon tumanidan – “Dovudxonto‘ra” jome masjidi imom-xatibi Madraximov Abduvahob;
3. Asaka tumanidan – “Muhiddin Saxxof” jome masjidi imom-xatibi Zohidov Muhammadali;
4. Baliqchi tumanidan – “Imomi A’zam” jome masjidi imom-xatibi Akbarov Saidolimxon;
5. Oltinko‘l tumanidan — “Dalvarzin” jome masjidi imom-xatibi Ortiqov Iskandarbek;
6. Bo‘z tumanidan — “Yunusobod” jome masjidi imom-xatibi Usmonov Umidjon;
7. Ulug‘nor tumanidan -“Ovulmat” jome masjidi imom-xatibi Abduraximov Ixtiyorjon;
8. Marhamat tumanidan -“O‘qchi” jome masjidi imom-xatibi Minxojiddinov Qamariddin;
9. Qo‘rg‘ontepa tumani, Xonobod, Qorasuv shahridan – Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “R.Boboxonov” jome masjidi imom-xatibi To‘lanov Abdulxamid;
10. Xo‘jaobod tumanidan -“Yusufchek” masjidi imom-xatibi Uraimov Inomiddin;
11. Shahrixon tumanidan – “Muhammad Roziqboy” jome masjidi imom-xatibi Karimov Olimjon;
12. Paxtaobod tumanidan – “Muhammad Sharif Hisoriy” jome masjidi imom-xatibi Akbarov Lochinbek;
13. Izboskan tumanidan – “No‘monjon xoji” jome masjidi imom-xatibi Karimov Esonboy.
14. Jalaquduq tumanidan – “Kapa” jome masjidi imom-xatibi Turdiyev Qobiljon;
15. Buloqboshi tumanidan – “Kulla” jome masjidi imom-xatibi Ashurov Mirxomid.
O‘MI Matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.