Ilmu ma’rifat tarqatish savobli amaldir. Borliqdagi hamma narsa yaxshilikni o‘rgatuvchining haqiga duo qilib turadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: «Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va baliq odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salavot aytadilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Ustozning shogird ustidagi haqi benihoya katta va ulug‘dir. Ustoz shogirdini o‘z farzandidek ko‘radi. Balki unga farzandiga ko‘rsatmagan tavajjuh bilan yuzlanadi. Uning yupun va sovuq bo‘lgan ma’naviy olamini o‘zining qalb qo‘ri bilan isitadi. Zimiston dunyosini ilm quyoshining ziyosi bilan munavvar etadi. Sabr va mehr bilan parvarishlaydi. Dunyoyu oxiratda ulug‘lik, manfaat va najot keltiradigan yo‘lga yo‘llab qo‘yadi. Bunga qo‘shimcha ravishda shogirdining salohiyati uchun tunu kun duoda bo‘ladi. Natijada uning qo‘liga nihol bo‘lib kelgan o‘quvchi va talaba sovuq urmasdan, zulmatlarda abgor bo‘lmasdan unib-o‘sadi.
Imomi A’zam Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)dan bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar, albatta, ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. (Nafaqat u) Balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.
Ustoz deganda faqatgina diniy bilimlarni ta’lim bergan kishilarni emas, balki har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs nazarda tutilishini ham unutmasligimiz lozim. Chunki muqaddas dinimiz ‒ Islomda insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm ardoqlanadi.
Yurtimiz ta’lim muassasalarida yoshlarga turli sohalardan ta’lim berayotgan ustozlarni izzat-ikrom qilish burchimizdir.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa, arziydi.
Odiljon NARZULLAYEV,
Yangiyo‘l tumani “Jome’”
masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan