Inson yashar ekan, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi.
Buxoroning buyuk imomlaridan biri, dars majlisida o‘tirganlarida, dars orasida ba’zan turib o‘tirar ekan. Shu haqda undan so‘rashibdi. Ul zot: “Ustozimning o‘g‘li bolalar bilan ko‘chada uynab yuribdi. Ahyonda masjid eshigiga kelib ketar edi. Uni har ko‘rganimda ustozimning ta’zimi uchun unga o‘rnimdan turar edim”, debdilar.
Mana tarbiya, mana ustozga bo‘lgan hurmat. Ustoz ota kabi, ulug‘ zot deydi xalqimiz.
Bir kishidan:
– Nima uchun ustozingni otangdan afzalroq hurmat qilasan? – deb so‘radilar.
– Chunki, otam meni o‘tkinchi dunyoga olib keldi, ustozim esa boqiy hayot bag‘ishladi, – deb javob berdi.
Ko‘z nuri va qalb qo‘rini ustozdek mashaqqatli va fidokorona kasbga bag‘ishlagan azizlarimizni samimiy qutlab, minnatdorchilik bildirish biz shogirdlar uchun ham qarz, ham farzdir!
Shunga asosan bugun Toshkent islom institutida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ustozlar sizga ta’zim” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais maslahatchisi Abdulhamid domla Tursunov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita “Diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi” boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘MI Ta’lim bo‘limi mutaxassisi Salohiddin Sherxonov, TII sobiq rektori Abduqayum domla Azimov, faxriy imom Rahmatulloh qori Obidov, faxriy o‘qituvchilar Ilhomjon domla Eshonjonov, Ahmadjon domla Bobomurodzoda, Zokirjon domla Sharipov hamda institutmizning o‘qituvchi-murabbiylari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib, o‘qituvchilik kasbi, uning mashaqqatlari haqida gapirdi. So‘ngra, O‘MI raisi muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining o‘qituvchilarga yo‘llagan tabrigini e’tirof etib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar barchani qutlug‘ ayyom – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etdilar.
Shuningdek tadbirda “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Toshkent islom instituti faoliyatida fidokorona mehnati, institut faoliyatini rivojlantirish, diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi, jamoat tadbirlarida faol ishtirok etgani, yosh avlodni tarbiyalashda yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi ko‘rsatgan beqiyos xizmatlari uchun bir guruh ustoz murabbiylar institut tomonidan faxriy yorliq va tashakkurnomalar shuningdek, faxriy o‘qituvchi va ustozlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Aziz ustozlar, mo‘tabar murabbiylar!!!
Barcha ustozlarimizni institutimiz jamoasi nomidan – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan samimiy muborakbod etamiz. Ustozlik maqomi – oliy saodat. Kamolot yo‘lida bizga saboq, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizga ko‘mak bergan muxtaram ustozu muallimlarimiz oldida bir umr qarzdormiz. Alloh sharafli va mas’uliyatli kasbda sobitqadam bo‘lgan aziz ustoz-muallimlarimizga tuganmas kuch-quvvat, mehr-muhabbat bersin, ilmu bilimlarini yanada ziyoda qilsin, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Farzand va shogirdlaringiz baxti va kamolini ko‘rish doimo sizlarga nasib etsin. Mashaqqatli va sharafli kasbingizda ulkan yutuqlar, xonadoningizga doimiy xotirjamlik va sihat-salomatlik tilaymiz.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.