Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

Ustozlarga ehtirom (fotolavha)

30.09.2018   5451   5 min.
Ustozlarga ehtirom (fotolavha)

Inson yashar ekan, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi.

Buxoroning buyuk imomlaridan biri, dars majlisida o‘tirganlarida, dars orasida ba’zan turib o‘tirar ekan. Shu haqda undan so‘rashibdi. Ul zot: “Ustozimning o‘g‘li bolalar bilan ko‘chada uynab yuribdi. Ahyonda masjid eshigiga kelib ketar edi. Uni har ko‘rganimda ustozimning ta’zimi uchun unga o‘rnimdan turar edim”, debdilar.

Mana tarbiya, mana ustozga bo‘lgan hurmat. Ustoz ota kabi, ulug‘ zot deydi xalqimiz.

Bir kishidan:

   – Nima uchun ustozingni otangdan afzalroq hurmat qilasan? – deb so‘radilar.

   – Chunki, otam meni o‘tkinchi dunyoga olib keldi, ustozim esa boqiy hayot bag‘ishladi, – deb javob berdi.

Ko‘z  nuri va qalb qo‘rini ustozdek mashaqqatli va fidokorona kasbga bag‘ishlagan azizlarimizni samimiy qutlab, minnatdorchilik bildirish biz shogirdlar uchun ham qarz, ham farzdir!

Shunga asosan bugun Toshkent islom institutida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ustozlar sizga ta’zim” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais maslahatchisi Abdulhamid domla TursunovDin ishlari bo‘yicha qo‘mita “Diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi” boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘MI Ta’lim bo‘limi mutaxassisi Salohiddin Sherxonov, TII sobiq rektori Abduqayum domla Azimov, faxriy imom Rahmatulloh qori Obidov, faxriy o‘qituvchilar Ilhomjon domla Eshonjonov, Ahmadjon domla Bobomurodzoda, Zokirjon domla Sharipov hamda institutmizning o‘qituvchi-murabbiylari va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan  ochib, o‘qituvchilik kasbi, uning mashaqqatlari haqida gapirdi. So‘ngra, O‘MI raisi muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining o‘qituvchilarga yo‘llagan tabrigini e’tirof etib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar barchani qutlug‘ ayyom – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etdilar.

Shuningdek tadbirda “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Toshkent islom instituti faoliyatida fidokorona mehnati, institut faoliyatini rivojlantirish, diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi, jamoat tadbirlarida faol ishtirok etgani, yosh avlodni tarbiyalashda yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi ko‘rsatgan beqiyos xizmatlari uchun bir guruh ustoz murabbiylar institut tomonidan faxriy yorliq va tashakkurnomalar shuningdek, faxriy o‘qituvchi va ustozlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Aziz ustozlar, mo‘tabar murabbiylar!!!

Barcha ustozlarimizni institutimiz jamoasi nomidan – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan samimiy muborakbod etamiz. Ustozlik maqomi – oliy saodat. Kamolot yo‘lida bizga saboq, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizga ko‘mak bergan muxtaram ustozu muallimlarimiz oldida bir umr qarzdormiz. Alloh sharafli va mas’uliyatli kasbda sobitqadam bo‘lgan aziz ustoz-muallimlarimizga tuganmas kuch-quvvat, mehr-muhabbat bersin, ilmu bilimlarini yanada ziyoda qilsin, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!

Farzand va shogirdlaringiz baxti va kamolini ko‘rish doimo sizlarga nasib etsin. Mashaqqatli va sharafli kasbingizda ulkan yutuqlar, xonadoningizga doimiy xotirjamlik va sihat-salomatlik tilaymiz.

 

 

manba

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umaviylar davri

13.01.2025   4636   7 min.
Umaviylar davri

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar», dedilar (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hanbal rivoyat qilishgan).

Musulmon ummati tarixidagi eng yaxshi davr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari yashab o‘tgan asr bo‘lib, u tarix zarvaraqlaridan «Saodat asri» degan nom bilan joy oldi. Keyingi asr to‘rt buyuk sahoba boshchiligida olib borilgan asrlarga tatigulik ishlar sababli «Roshid xalifalar davri» degan nom bilan tarix sahifalariga bitib qo‘yildi. Keyingi asr «Umaviylar asri» deya atalib, mana shu davrdan pog‘onama-pog‘ona pastlash holati kuzatildi.

Umaviylar davlati Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanofga nisbat beriladi.

Umayya ismli ushbu shaxs johiliyat davrida Quraysh urug‘laridan birining boshlig‘i bo‘lib, amakisi Hoshim ibn Abdumanof bilan har doim Qurayshning rahbarligini talashib kelar edi. Islom kelgach, mazkur talashuv ochiq-oydin dushmanlikka aylandi: Banu Umayya qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning da’vatlariga qarshi turdi; Banu Hoshim qabilasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga barcha ishlarda ko‘makdosh bo‘ldi, u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlarning yomonliklaridan himoya qildi.

Banu Umayya odamlari Makka fathi davrida boshqa ilojlari qolmaganidan keyingina Islomni qabul qilishdi. Dastlabki asrlarda Islomda peshqadam bo‘lgan urug‘larning eng katta bobosi Abdumanof hisoblanadi.

Banu Umayya (umaviylar) tarixini buzish

Banu Umayyaning tarixi tafsilotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning buzib ko‘rsatilganligi, ularni ko‘proq qoralash holatlarini kuzatamiz. Bu ishlarning ko‘pchiligi ularning asosiy siyosiy xusumatchilari – abbosiylar tomonidan qilingan, chunki tarixga oid kitoblarning ko‘p qismi aynan abbosiylarning hukmdorlik davrida yozilgan. Shuningdek, shiy’alar, xavorijlar, tarixni yaxshi bilmay turib og‘zaki so‘zlab yuradigan omi kishilar ham Banu ­Umayyaning siyosiy dushmanlari hisoblanib, ular ushbu qabilaning juda ko‘p tuhmatlarga qolishiga ham sabab bo‘lgan.

Bu tuhmat va qoralashlar turli-tuman bo‘lib, asosiy e’tibor Banu Umayyaning obro‘sini to‘kadigan tarixiy hodisalarga qaratilgan, ular bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ushbu hodisalarni nishon qilib, ularning qadrini tushirishga olib boradigan gaplar aytilgan:

1. Banu Umayyaning ilk davrda Islomga qarshi turganlari, Islomni kechikib qabul qilganlari juda ko‘p takrorlanadi, lekin ularning Islomga kirganlaridan keyingi buyuk ishlari, jumladan, ko‘plab yurtlarni fath etishda ko‘rsatgan xizmatlari mutlaqo eslanmaydi.

2. Banu Umayya davrida sodir etilgan musibatlar bo‘rttirib gapiriladi. Karbalo voqeasi, imom Husayn va u kishining oilalarining qatl etilishi, Harra voqeasi, Madinadagi Haramni e’tiborsiz qo‘yish, manjaniq bilan Makkaga tosh otish masalalari shular jumlasidandir.

3. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning qatl qilinishi, Zayd ibn Aliy ibn Husaynning qo‘zg‘aloni va u kishining qatl qilinishi, shuningdek, boshqa taraflarda sodir bo‘lgan xatolarni e’tiborga olmaslik, xalifaga qarshi chiqish, toatni buzish kabi ishlarni Banu Umayyaga katta ayb qilib, ularga qarshi keng targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.

4. Banu Umayyaning dushmanlari tomonidan ularning insoniy nafsidagi zaiflik nuqtalariga alohida e’tibor beriladi, Banu umayyalik ba’zi kishilardan sodir bo‘lgan xatolar bo‘rttirib gapiriladi, biroq yaxshiliklari berkitiladi. Xususan, hazrati Usmon roziyallohu anhu haqlarida bu ochiq-oydin ko‘rinadi.

5. Abu Sufyon va Muoviya roziyallohu anhumo haqlarida ham bu kabi noo‘rin gaplar nihoyatda ko‘paygan. Banu umayyalik ba’zi voliylar botil ishlarni qiluvchi mutaassiblar deya sifatlanadi. Bu Hajjoj ibn Yusuf va Ziyod ibn Abiyhlar misolida ko‘rinadi.

6. Yazid ibn Muoviya hamda Valid ibn Yazid kabi xalifalar haqida ham ularga qarshi juda bo‘lmag‘ur mish-mishlar to‘planib tarqatilgan. Aslida esa musulmonchilik odobi bo‘yicha Banu Umayya davrida roshid xalifalar davridagidan ko‘ra bir oz pastlash – sustlashish bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xatoga yo‘l qo‘yish ham asta-sekin ko‘payib borgan. Banu Umayya davridagi musulmonlar jamiyati har jihatdan roshid xalifalar jamiyatiga yaqin bo‘lgan. Lekin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, mol-mulkning ko‘payishi natijasida katta-katta uylar, qasrlar qurish, shuningdek, cho‘ri tutishning ommalashganligi bor. Shu bilan birga, Banu Umayyaning juda ko‘p yaxshi fazilatlari ham bo‘lganligi bor haqiqat, lekin ularga qarshi bo‘lgan tarixchilar bu fazilatlarni e’tiborga olmaganlar, balki unutib qo‘yganlar.

Ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:

1. Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu katta sahoba bo‘lib, u kishi Xalifa Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi masalalarda ijtihod qilgan, faqat ijtihodi unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan. Lekin baribir u zot odil kishilar safida qolgan. Zotan, barcha sahobalar roziyallohu anhum adolatlidirlar.

Banu Umayyaning eng katta arboblaridan biri sanalgan Marvon ibn Hakam tobe’inlarning birinchi tabaqasidan bo‘lgan. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Usmon roziyallohu anhu va boshqa katta sahobalardan hadislar rivoyat qilgan.

Yana bir Banu umayyalik Abdulloh ibn Marvon xalifa bo‘lishidan oldin ahli ilm va ahli fiqh bo‘lgan. Madinai munavvaraning katta olimlaridan hisoblangan.

Umar ibn Abdulaziz esa mujtahid imomlardan bo‘lgan. Ko‘pchilik u kishini roshid xalifalar qatorida sanaydi.

Banu Umayya qabilasining a’zolari qozilik ishlariga aralashmas edilar. Ular ko‘p joylarda ahli ilm va ahli fazllarning oldingi saflarida bo‘lganlar.

2. Banu Umayya davrida juda ko‘p buyuk islomiy fathlar bo‘lgan. Ular sharqda Xitoygacha, g‘arbda Fransiya va Andalus yurtlarigacha yetib borganlar.

3. Banu Umayya davrida Islom davlati tarixlar davomida misli ko‘rilmagan eng katta kengayishni boshidan kechirdi.

4. Banu Umayya davrida juda ko‘p qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, ular bog‘-rog‘larga aylantirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurilib, obodonchilik ishlari olib borildi, atrof gullab-yashnadi, taraqqiy etdi.

Shu o‘rinda ta’kidlab aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar» degan hadislari bejiz aytilmagan. Zero, Banu Umayya qabilasining a’zolari, rahbarlari va davlat boshliqlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlariga yaqin asrda yashab o‘tganlar.

«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi