Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Faxriy ustozlar davrasida

30.09.2018   3154   1 min.
Faxriy ustozlar davrasida

Hozirda yurtimiz bo‘ylab "1-oktyabr ­- O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan Ustozlarga alohida ehtirom ko‘rsatilmoqda. Ustozni otadan ulug‘ deb bilgan xalqimiz ushbu kunda ma’rifat yo‘lboshchilariga o‘zgacha ehtimom ila munosabatda bo‘lmoqdalar.

Kecha, 29 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi tomonidan viloyatimiz musulmonlariga ko‘p yillar davomida ta’lim-tarbiya bergan, masjidu-madrasalarda ishlab ko‘plab shogirdlar chiqargan bir qator ustoz domlalar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir davomida ustozlardan pandu nasihatlar tinglandi, ko‘p yillik mehnatlari nitajasi o‘laroq piru-badavlat bo‘lib yurgan bu ulug‘ zotlarning hayotiy tajribalari, chuqur ilmlaridan yana bir bor istifoda olindi. Ularning sha’nlariga ilig‘ fikrlar, tashakkurlar aytilib ko‘ngillarini ko‘tarishga harakat qilindi, sovg‘a-salomlar ulashildi.

Ustoz va muallim xayot bo‘stonidagi niholning daraxtga aylanishi uchun beminnat xizmat qiladilar. Yoshlarni ma’naviy yetuk va barkamol inson bo‘lib tarbiyalashda tabarruk ustoz va murabbiylarimizni o‘rni beqiyosdir. Ustozu muallimlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, qaysiki, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan omonlik qirg‘og‘iga yetishadilar. Chunonchi, Abdurahmon Jomiy aytganlaridek:

Jahonda bo‘lmasa muallim agar,
Xayot xam bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5042   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.