Joriy yilning 28 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada haj va umra safarlari bo‘yicha Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbari Shayx Solim Solih Bahvayniy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmon Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akromov bilan muloqot olib bordi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov “al-Hidoya” shirkati bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelinayotgani, o‘tgan davr mobaynidagi juda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani, ayniqsa, Saudiya Arabistoni hukumatining mutasaddi tashkilotlari tomonidan har yili o‘zbekistonlik hojilar namunali degan maqtovga munosib ko‘rilayotgani barchani mamnun etganini bildirdi.
U so‘zida davom etib, O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha “al-Hidoya” shirkati tomonidan ijobiy harakatlar qilinayotgani yaxshi natijalarga olib kelishini ta’kidladi. Bu borada bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar ikki davlat manfaatlari, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini aytdi.
Muloqotda so‘z olgan Shayx Solim Solih Bahvayniy haj va umra safarlarini tashkil etish borasida O‘zbekiston hukumati tomonidan juda katta ishlar bajarilganini ta’kidladi. Jumladan, Saudiya Arabistoni podshohligi O‘zbekiston tomonidan muborak safarlarni tashkil etish ishlariga yuqori baho bergani, ayniqsa, joriy yilgi haj mavsumida ziyoratlarni tartibli va namunali tashkil etish, Haj va Umra vazirligi tomonidan qo‘yilgan talablarni to‘liq bajarish borasida O‘zbekiston qator davlatlardan o‘zib ketgani, aslida, haj va umra safarlari davlatning obro‘-e’tibori ekanini chuqur anglagan O‘zbekiston hukumati, bu borada, juda ko‘p amaliy sa’y-harakatlar qilayotgani tahsinga loyiqligini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvda Jasur Akramov mehmon tomonning iliq fikrlarini qo‘llab-quvvatlab: “Albatta, Siz yuqorida sanab o‘tgan yutuqlar – barchamizniki, butun xalqimizniki. Haj va umra safarlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, bu – o‘zaro hamkorligimizning ijobiy samarasidir”, dedi.
Shuningdek, Shayx Solim Solih Bahvayniy O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha o‘zining takliflarini taqdim etdi. Bu takliflar tomonlar ishtirokida muhokama qilindi va hamkorlik borasida yangi kelishuvlarga erishildi. Kelishuvga binoan, O‘zbekiston orqali Saudiya Arabistoniga umraga boradigan Indoneziyalik ziyoratchilar “Al-Hidoya” shirkati bilan kelishilgan holda, o‘zaro hamkorlik asosida tashkil etiladi. Bunda uzoq yillik hamkorlik, albatta, o‘zining ijobiy natijasini berishi, tomonlar bu borada tajribaga ega ekanini hisobga olsak, duch kelishi mumkin bo‘lgan ayrim kamchilik va muammolar joyida, hamkorlik asosida bartaraf etilishi mumkinligi uqtirildi.
Muloqot yakunida, Shayx Solim Solih Bahvayniy O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Diniy idora rahbarlariga yaqindan hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tgani ma’lum qilindi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati