O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari 27 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisda 3 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ko‘rib chiqdilar.
Xususan, “Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti Ustavi va Tartib-qoidalarini (Istanbul, 1999 yil 7 noyabr, 2017 yil 7 may holatidagi o‘zgartirishlar bilan) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Islom hamkorlik tashkiloti Ustaviga kiritilgan tuzatishni (Abidjan, 2017 yil 10-11 iyul) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlari senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmatiga ko‘ra, o‘n oltinchi yalpi majlis davomida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlash va amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan 21 ta masala, shu jumladan 14 ta qonun ko‘rib chiqildi.
"Turon" axborot agentligining ma’lum qilishicha, shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunlangan.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati