Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Mart, 2025   |   17 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:13
Quyosh
06:32
Peshin
12:36
Asr
16:44
Shom
18:35
Xufton
19:48
Bismillah
17 Mart, 2025, 17 Ramazon, 1446

Abu Shakur as-Solimiy al-Keshiy – moturidiya ta’limotining buyuk namoyandasi

29.09.2018   5686   6 min.
Abu Shakur as-Solimiy al-Keshiy – moturidiya ta’limotining buyuk namoyandasi

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Alloh taolo bir kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”[1] deb, aytadilar.

Binobarin, Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “U O‘zi xohlagan kishilarga hikmat (payg‘ambarlik yoki Qur’on ilmi) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan bo‘lsa, demak, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar”[2].

Imom Abu Mansur al-Moturidiydan keyin moturidiya ta’limotini islom olamida keng tarqalishiga ulkan hissa qo‘shgan Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan ulamolardan biri keshlik Abu Shakur Muhammad ibn Abdulloh as-Said ibn Shuayb al-Keshiy al-Hanafiy as-Solimiy al-Makshifiydir.

Abu Shakur Solimiyning hayoti, tug‘ilgan sanasi, ustoz va shogirdlari hamda “at-Tamhid fi bayon at-tavhid” asari haqida biografik manbalarda ma’lumotlar kam uchraydi. Jumladan, “Kashf az-zunun” kitobi muallifi Hoji Xalifa Abu Shakur as-Solimiyning mazkur asari bor, deyish bilan kifoyalangan. Allomaga al-Keshiy nisbasi tug‘ilib o‘sgan joyi qadimgi Kesh (O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlari) shahri bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zi arab tilidagi manbalarda “al-Kashshiy” yoki “al-Kassiy” deb ham kelgan. “Al-Hanafiy” nisbasi esa, hanafiy mazhabi e’tiqodida bo‘lgani tufayli berilgan.

Ushbu mavzuda ilmiy izlanishlar olib borgan turk tadqiqotchisi Umar Turkmenning aytishicha, alloma qabilasiga ko‘ra “as-Solimiy” nisbasini olgan. Shuningdek, Abu Mansur al-Moturidiy “Imomul-hudo (to‘g‘ri yo‘l rahnomasi)” unvoniga sazovor bo‘lgani kabi Abu Shakur as-Solimiy “al-Muhtadiy (to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi)” nomi bilan tanilgan.

Abu Shakur as-Solimiy Movarounnahrning qadimiy Kesh vohasida V/XI asrning birinchi yarmida tug‘ilgan. Alloma o‘zining “at-Tamhid fi bayon at-tavhid” asarida hijriy 470 yillarda  Shayxul-islom, al-Imom, az-Zohid, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza al-Xatib as-Samarqandiydan ko‘pgina kitoblarni tahsil olgani va uning huzurida faqihlik darajasiga yetganini zikr qilingan. Bu esa allomaning tavalludi V/XI asrning birinchi yarmida bo‘lganini va Samarqand shahrida ta’lim olganini ko‘rsatadi.

Abu Shakur as-Solimiyning asosiy ustozi Shayx al-islom, al-Imom, az-Zohid, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza al-Xatib as-Samarqandiy o‘sha davrning Samarqanddagi yetuk ulamolaridan biri bo‘lgan. Najmiddin Umar an-Nasafiyning zikr qilishicha, o‘sha paytda uning hovlisi  talabalar uchun madrasa vazifasini o‘tagan. Talabalar u yerda qiroat va hadis kabi fanlardan ta’lim olishgan.

Abu Bakr Muhammad as-Samarqandiy ham o‘z navbatida hanafiy ulamolarning peshvosi ash-Shayx, al-Imom, Ruknul-aimma, Shamsul-aimma, Abu Muhammad ibn Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih al-Halvoniy al-Buxoriyning (vaf. 448/1056 y.) shogirdi bo‘lgan.

Abu Shakur as-Solimiy “at-Tamhid” asarida kalom ilmiga oid muhim masalalarni bayon qilgan hamda aqliy va naqliy dalillar asosida bahs yuritgan. Ushbu kitob o‘sha vaqtda va keyingi asrlarda ahli sunna val-jamoa aqoidini bayon qiluvchi muhim manbalardan biri bo‘lib kelgan.

“At-Tamhid” asarining qo‘lyozma va toshbosma nusxalari bizgacha yetib kelgan. O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti fondida ham “at-Tamhid” kitobining 2638, 8736, 4604, 8160  raqamli qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. O‘zRFA Hamid Sulaymonov nomidagi fondda “at-Tamhid” asarining 2418-raqam ostida qo‘lyozma nusxasi saqlanadi, lekin unda asarning faqat I bobiga tegishli avvalgi to‘rtta fasl mavjud, xolos.

Yevropa sharqshunoslaridan K.Brokkelman bergan ma’lumotga ko‘ra, “at-Tamhid” asarining qo‘lyozma nusxalari Turkiyaning “Ashir” kutubxonasida I. 524/5, 1222-raqamlari, “Selim Og‘a” kutubxonasida 587-raqamli, “Shehid” kutubxonasida 1153-raqamli va “Sulaymoniya” kutubxonasida mazkur asarning turli xattotlar tomonidan ko‘chirilgan uchta qo‘lyozma nusxalari 524, 525 va 2167 raqamlar ostida saqlanmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida esa “at-Tamhid” asarining 27-Ye, 105-Ye, 140-Ye, 313-Ye, 560-Ye raqamlari ostida saqlanuvchi beshta toshbosma nusxalari mavjud. Bularning barchasi 1326/1908-yilda Qozi Mullo Muhammad Iso Xoja Musaviy Rizoviy tomonidan tahrir qilinib, Mulla Avliyo tomonidan Samarqand shahridagi “Demurf” bosmaxonasida nashr ettirilgan. Bundan tashqari, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti fondida 14315 raqam ostida saqlanayotgan  bitta toshbosma nusxasi 1309/1891-92-yilda Dehli shahrida “Foruqiy” bosmaxonasida chop etilgan.

Bir qancha zamonaviy tadqiqotchi olimlar “at-Tamhid” asarining moturidiya ta’limotida tutgan o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirishgan. Jumladan, Yevropa sharqshunoslaridan Klaude Jillod bunday yozadi:

“Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Movarounnahrda V/XI asrning ikkinchi yarmiga qadar kalom ilmiga oid mukammal asarlar mavjud emas edi. Aynan shu davrga kelib, Abu Shakur as-Solimiy (hij. V asrning 2-yarmida yashagan) kalom ilmiga bag‘ishlangan mukammal asari “at-Tamhid fi bayon at-tavhid”ni yozdi. Bu kitob moturidiya ta’limotini yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi”.

Bundan tashqari, sharqshunos olim A.Muminov Abu Shakur as-Solimiyning yashagan davrini V/XI-asrning ikinchi yarmiga to‘g‘ri kelganini aytadi. Shu bilan birga “at-Tamhid” asari o‘sha davrda asosan o‘quv qo‘llanma sifatida istifoda etilganini ta’kidlab, o‘zining doktorlik dissertatsiyasida Abu Shakur as-Solimiy va uning “at-Tamhid” asari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tadi. 

Abu Shakur as-Solimiyning “at-Tamhid fi bayonit-tavhid” asarini ikkita toshbosma va yettita qo‘lyozmalari asosida arabcha matni va o‘zbek tilida tarjimasi nashr etildi.

Abu Shakur as-Solimiyning “at-Tamhid” asari qo‘lyozma va toshbosma nusxalari islom olamining turli hududlarida, xususan, hanafiy mazhabi yoyilgan mintaqalarda keng tarqalishi uning moturidiy ta’limoti e’tiqodini bayon etishda  naqadar ahamiyatli ekanidan xabar beradi. Bu esa o‘z navbatida Abu Shakur as-Solimiy moturidiya ta’limoti rivojida juda katta hissa qo‘shganiga dalolat qiladi.

Kalomshunoslik sho‘basi rahbari

A.Muhiddinov

 

[1] Muttafaqul alayh ya’ni, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.

[2] Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2004. Baqara surasi, 269-oyat. –B. 45.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imom Moturidiyning buyuk merosi jahonga tanitiladi

15.03.2025   5718   1 min.
Imom Moturidiyning buyuk merosi jahonga tanitiladi

Imom Moturidiy o‘zining ilmiy merosi bilan islom ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlardan biridir. U asos solgan moturidiylik ta’limoti aqidaviy yechimlari, bag‘rikenglik va mo‘tadillik qarashlari bilan musulmon dunyosining ma’naviy asoslaridan biriga aylangan. Shu ma’noda ulug‘ ayyom kunlarida e’lon qilingan Prezidentimizning "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori Imom Moturidiyning ulkan merosini jahonga tanitishda katta ahamiyat kasb etadi.


Ta’kidlash joizki, buyuk bobakalonimizning 1155 yillik tavallud sanasini keng nishonlash nafaqat ilmiy-ma’rifiy ahamiyatga, balki O‘zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.


Prezident qarorida Imom Moturidiyning ilm-fanga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga mazkur merosni o‘rganish va uni jamoatchilikka yetkazish borasida bir qator muhim vazifalar yuklatilgan. Jumladan, imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish orqali yosh avlodga allomaning ta’limotlari va ilmiy merosini yetkazish nazarda tutilgan.


Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatimiz bo‘ylab Imom Moturidiyning ta’limotiga bag‘ishlangan davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etadi. Bu tashabbus nafaqat yurtdoshlarimizning diniy-ma’rifiy bilimlarini boyitishga, balki moturidiylik ta’limotining jahon ilmiy doiralarida keng tarqalishiga hissa qo‘shadi.


Homidjon domla ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o‘rinbosari

Maqolalar