Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Alloh taolo bir kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”[1] deb, aytadilar.
Binobarin, Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “U O‘zi xohlagan kishilarga hikmat (payg‘ambarlik yoki Qur’on ilmi) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan bo‘lsa, demak, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar”[2].
Imom Abu Mansur al-Moturidiydan keyin moturidiya ta’limotini islom olamida keng tarqalishiga ulkan hissa qo‘shgan Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan ulamolardan biri keshlik Abu Shakur Muhammad ibn Abdulloh as-Said ibn Shuayb al-Keshiy al-Hanafiy as-Solimiy al-Makshifiydir.
Abu Shakur Solimiyning hayoti, tug‘ilgan sanasi, ustoz va shogirdlari hamda “at-Tamhid fi bayon at-tavhid” asari haqida biografik manbalarda ma’lumotlar kam uchraydi. Jumladan, “Kashf az-zunun” kitobi muallifi Hoji Xalifa Abu Shakur as-Solimiyning mazkur asari bor, deyish bilan kifoyalangan. Allomaga al-Keshiy nisbasi tug‘ilib o‘sgan joyi qadimgi Kesh (O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlari) shahri bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zi arab tilidagi manbalarda “al-Kashshiy” yoki “al-Kassiy” deb ham kelgan. “Al-Hanafiy” nisbasi esa, hanafiy mazhabi e’tiqodida bo‘lgani tufayli berilgan.
Ushbu mavzuda ilmiy izlanishlar olib borgan turk tadqiqotchisi Umar Turkmenning aytishicha, alloma qabilasiga ko‘ra “as-Solimiy” nisbasini olgan. Shuningdek, Abu Mansur al-Moturidiy “Imomul-hudo (to‘g‘ri yo‘l rahnomasi)” unvoniga sazovor bo‘lgani kabi Abu Shakur as-Solimiy “al-Muhtadiy (to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi)” nomi bilan tanilgan.
Abu Shakur as-Solimiy Movarounnahrning qadimiy Kesh vohasida V/XI asrning birinchi yarmida tug‘ilgan. Alloma o‘zining “at-Tamhid fi bayon at-tavhid” asarida hijriy 470 yillarda Shayxul-islom, al-Imom, az-Zohid, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza al-Xatib as-Samarqandiydan ko‘pgina kitoblarni tahsil olgani va uning huzurida faqihlik darajasiga yetganini zikr qilingan. Bu esa allomaning tavalludi V/XI asrning birinchi yarmida bo‘lganini va Samarqand shahrida ta’lim olganini ko‘rsatadi.
Abu Shakur as-Solimiyning asosiy ustozi Shayx al-islom, al-Imom, az-Zohid, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza al-Xatib as-Samarqandiy o‘sha davrning Samarqanddagi yetuk ulamolaridan biri bo‘lgan. Najmiddin Umar an-Nasafiyning zikr qilishicha, o‘sha paytda uning hovlisi talabalar uchun madrasa vazifasini o‘tagan. Talabalar u yerda qiroat va hadis kabi fanlardan ta’lim olishgan.
Abu Bakr Muhammad as-Samarqandiy ham o‘z navbatida hanafiy ulamolarning peshvosi ash-Shayx, al-Imom, Ruknul-aimma, Shamsul-aimma, Abu Muhammad ibn Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih al-Halvoniy al-Buxoriyning (vaf. 448/1056 y.) shogirdi bo‘lgan.
Abu Shakur as-Solimiy “at-Tamhid” asarida kalom ilmiga oid muhim masalalarni bayon qilgan hamda aqliy va naqliy dalillar asosida bahs yuritgan. Ushbu kitob o‘sha vaqtda va keyingi asrlarda ahli sunna val-jamoa aqoidini bayon qiluvchi muhim manbalardan biri bo‘lib kelgan.
“At-Tamhid” asarining qo‘lyozma va toshbosma nusxalari bizgacha yetib kelgan. O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti fondida ham “at-Tamhid” kitobining 2638, 8736, 4604, 8160 raqamli qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. O‘zRFA Hamid Sulaymonov nomidagi fondda “at-Tamhid” asarining 2418-raqam ostida qo‘lyozma nusxasi saqlanadi, lekin unda asarning faqat I bobiga tegishli avvalgi to‘rtta fasl mavjud, xolos.
Yevropa sharqshunoslaridan K.Brokkelman bergan ma’lumotga ko‘ra, “at-Tamhid” asarining qo‘lyozma nusxalari Turkiyaning “Ashir” kutubxonasida I. 524/5, 1222-raqamlari, “Selim Og‘a” kutubxonasida 587-raqamli, “Shehid” kutubxonasida 1153-raqamli va “Sulaymoniya” kutubxonasida mazkur asarning turli xattotlar tomonidan ko‘chirilgan uchta qo‘lyozma nusxalari 524, 525 va 2167 raqamlar ostida saqlanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida esa “at-Tamhid” asarining 27-Ye, 105-Ye, 140-Ye, 313-Ye, 560-Ye raqamlari ostida saqlanuvchi beshta toshbosma nusxalari mavjud. Bularning barchasi 1326/1908-yilda Qozi Mullo Muhammad Iso Xoja Musaviy Rizoviy tomonidan tahrir qilinib, Mulla Avliyo tomonidan Samarqand shahridagi “Demurf” bosmaxonasida nashr ettirilgan. Bundan tashqari, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti fondida 14315 raqam ostida saqlanayotgan bitta toshbosma nusxasi 1309/1891-92-yilda Dehli shahrida “Foruqiy” bosmaxonasida chop etilgan.
Bir qancha zamonaviy tadqiqotchi olimlar “at-Tamhid” asarining moturidiya ta’limotida tutgan o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirishgan. Jumladan, Yevropa sharqshunoslaridan Klaude Jillod bunday yozadi:
“Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Movarounnahrda V/XI asrning ikkinchi yarmiga qadar kalom ilmiga oid mukammal asarlar mavjud emas edi. Aynan shu davrga kelib, Abu Shakur as-Solimiy (hij. V asrning 2-yarmida yashagan) kalom ilmiga bag‘ishlangan mukammal asari “at-Tamhid fi bayon at-tavhid”ni yozdi. Bu kitob moturidiya ta’limotini yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi”.
Bundan tashqari, sharqshunos olim A.Muminov Abu Shakur as-Solimiyning yashagan davrini V/XI-asrning ikinchi yarmiga to‘g‘ri kelganini aytadi. Shu bilan birga “at-Tamhid” asari o‘sha davrda asosan o‘quv qo‘llanma sifatida istifoda etilganini ta’kidlab, o‘zining doktorlik dissertatsiyasida Abu Shakur as-Solimiy va uning “at-Tamhid” asari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tadi.
Abu Shakur as-Solimiyning “at-Tamhid fi bayonit-tavhid” asarini ikkita toshbosma va yettita qo‘lyozmalari asosida arabcha matni va o‘zbek tilida tarjimasi nashr etildi.
Abu Shakur as-Solimiyning “at-Tamhid” asari qo‘lyozma va toshbosma nusxalari islom olamining turli hududlarida, xususan, hanafiy mazhabi yoyilgan mintaqalarda keng tarqalishi uning moturidiy ta’limoti e’tiqodini bayon etishda naqadar ahamiyatli ekanidan xabar beradi. Bu esa o‘z navbatida Abu Shakur as-Solimiy moturidiya ta’limoti rivojida juda katta hissa qo‘shganiga dalolat qiladi.
Kalomshunoslik sho‘basi rahbari
A.Muhiddinov
[1] Muttafaqul alayh ya’ni, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
[2] Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2004. Baqara surasi, 269-oyat. –B. 45.
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi