Ustozu muallimlar jamiyat binosining binokorlari, ongu tafakkur muhandislari va ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir.
Ma’lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o‘rni beqiyos. Bizning dono xalqimiz: «Ustoz – otangdek ulug‘» deb bejiz aytishmagan. Mana yangi o‘quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug‘ va muqaddas bo‘lmish ilm tarqatuvchi o‘quv dargohlariga qadam bosishdi. Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg‘ayishida, ilm olib, bilimli bo‘lishlarida ko‘p jihatlariga e’tiborimizni berishimizda yuqoridagi purma’noli, sermazmunli tarafini ham e’tiborga olishimiz lozim bo‘ladi.
Ustozning mavqei shunchalik ulug‘ darajaga ko‘tarilgan. “Ustoz” deganda faqat ma’lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o‘rgatuvchini biz ustoz deb tushunishimiz lozim. Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e’zozlab «Ustoz» deydi. Ustoz deganda, uning ma’naviy nuri va bu nurdan yuzlab ko‘ngillar bahra olayotganligini tasavvur qilamiz.
Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm islomda ardoqlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida insoniyatni dunyoni obod qilish uchun yaratganini bayon qilgan va kishilarni borliq haqida tafakkur qilishga, uni o‘rganishga targ‘ib qilgan. Zero, Alloh ilm qadrini baland qildi va uning orqasidan ilmli kishilar va ustoz, murabbiylarning ham qadrini yuksak qilib qo‘ydi. Va: “Sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan kimsalarni Alloh baland daraja (martaba)larga ko‘tarur”, dedi” (Mujodala surasi).
Alloh hurmatlagan va darajasini baland qilgan narsalarni e’zozlash va ulug‘lash qalbdagi taqvodan dalolat ekanligi Qur’oni karimda juda ko‘p o‘rinlarda ta’kidlanadi.
Mazkur oyati karimada Alloh taolo ilm egallagan va uni boshqalarga yetkazishda xolis jiddiy sa’yi-xarakat qiladigan xolis ustozlarning obro‘-e’tiborlarini yanada yuqori ko‘tarib qo‘yishini va’da qilmoqda. Yosh avlodni teran bilimli va yetuk mutaxasis bo‘lib yetishishida ustoz va murubbiylarning ishlarida beminnat xizmatlari ulkan. Ular hurmatga, e’zozga, xalq iltifotiga sazovor bo‘lishgan. Ularning birortasi haligacha shogirdiga «Men otangdan ulug‘man», degan aqidani aytmaganlar. Albatta kamtarinlik ustozlarga xos odat.
Olimlik, ustozlik maqomi naqadar ulug‘ ekanligini xaqida Janobi Payg‘ambarimiz shunday marxamat qiladilar: “Olimning, ya’ni uning boshqalardan ortiqligi oydin kechada oyning boshqa yulduzlardan ziyoda nurli ekaniga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamo-ustozlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir.” (Imom Termiziy, Abu Dovud va Ibn Mojalar rivoyat qilishgan)
Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, xokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, ustozlar xaqida salafi solihinlar juda ko‘p ibratli so‘zlarni aytib o‘tganlar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu: "Men o‘zimga bir dona harf o‘rgatgan kishining quliman. Istasin, sotib yuborsin, istasin, qul qilib olsin!", degan ekanlar.
Mazhabboshimiz Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlari rivoyat qilinadi: "Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat ustozim balki, kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman".
“Hidoya” muallifi, shayxulislom Burhoniddin Marg‘inoniy hikoya qiladilar: “Buxoroi sharifning ulug‘ olimlaridan birlari dars xalqasida edilar. Dars asnosida goho tashqari tomonga qarab o‘rinlaridan turib qo‘yar edilar. Ziyrak toliblar buning sababini so‘rashdi. U zot kamoli ehtirom bilan: “Mehribon ustozimning farzandlari ko‘chada bolalar bilan o‘ynab yuribdilar. Gohida o‘yin bilan mashg‘ul holda eshik oldiga kelsalar, ustozim hurmatidan darhol o‘rnimdan turyapman”, deb javob qildilar.
Manbalarda muallimlarga nisbatan rioya qilish lozim bo‘lgan odoblar sanalganda ayrim diqqatni tortadigan joylariga duch kelamiz: "O‘quvchi agar muallimini bir to‘da insonlar ichida uchratib qolsa, jamoaga salom bergach, muallimiga alohida salom berib, mulozamat qilishi kerak". Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, tolibi ilm ustozining roziligini topishga intilishi va uni norozi qiladigan, xafa qiladigan, ko‘nglini og‘ritadigan ishlardan saqlanmog‘i lozim. Chunonchi, Abdurahmon Jomiy aytganlaridek:
Jahonda bo‘lmasa muallim agar,
Xayot xam bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.
Ustoz va muallim xayot bo‘stonidagi niholning daraxtga aylanishi uchun beminnat xizmat qiladilar. Yoshlarni ma’naviy yetuk va barkamol inson bo‘lib tarbiyalashda tabarruk ustoz va murabbiylarimizni o‘rni beqiyosdir. Ustozu muallimlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, qaysiki, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan omonlik qirg‘og‘iga yetishadilar. Faqat yaxshilik qilish va ilmning bebaholigini, odamiylikni har narsadan ustun qo‘yadilar. Bunday kishilar xalqning, Vatanning qalqonidirlar. Doimo sizga ta’zimdamiz aziz ustozlar.
Rahmatillo Madaminov.
Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani, “Eshonguzar” masjidi imom-noibi.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.