Ustoz – muallimsiz qolganda zamon,
Nodonlikdan qaro bo‘lardi zamon.
Abdurahmon JOMIY
Muallimlik – buyuk maqom. Chunki payg‘ambarlar muallim bo‘lganlar. “Muallim” so‘zining ma’nosi ilm beruvchi, ta’lim beruvchi, o‘rgatuvchi demakdir. Payg‘ambarlar insoniyatga ezgulikni o‘rgatganlar. Ana shuning o‘ziyoq ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanini ko‘rsatadi.
Ilm – ruh ozig‘i. Insoniyat ilm bilan haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm ustozning sa’y-harakati bilan egallanadi. Ustozlar bejizga payg‘ambarlarning merosxo‘rlari deb e’zozlanmagan. Qur’oni karimda o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug‘ligi haqida bunday marhamat qilinadi: “...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni baland daraja (martaba) larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Ilmu ma’rifat ziyosini tarqatish savobli amal. Bu vazifaga mutasaddi bo‘lgan kishining darajasi ham mislsiz. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday marhamat qilganlar: "Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va hattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salavot aytadilar" (Imom Termiziy rivoyati).
Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir. Ustoz shogirdini o‘z farzandidek ko‘radi. Balki unga farzandiga ko‘rsatmagan tavajjuh bilan yuzlanadi. Uning yupun va sovuq bo‘lgan ma’naviy olamini o‘zining qalb ko‘zi bilan isitadi. Zimiston dunyosini ilm quyoshining mo‘jizakor ziyosi bilan munavvar etadi. Sabr va mehr bilan parvarishlaydi. Dunyoyu oxiratda ulug‘lik, manfaat va najot keltiradigan yo‘lga yo‘llab qo‘yadi. Bunga qo‘shimcha ravishda shogirdining salohiyati uchun tunu kun duoda bo‘ladi. Natijada uning qo‘liga nihol bo‘lib kelgan o‘quvchi va talaba sovuq urmasdan, zulmatlarda abgor bo‘lmasdan unib-o‘sadi va vaqti kelib bu nihol hayot bo‘stonidagi serbarg va muhtasham daraxtga aylanadi. Keyin u ham o‘z navbatida ma’naviyat bog‘iga o‘zining har xil mevalarini taqdim qiladi.
Ustozlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan yorug‘likka yetishadilar.
Binobarin, ustozu muallimlarni risoladagidek hurmatlamay, haqlarini munosib ravishda ado qilmay turib, farzandlarimizdan el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyo uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslarni kutish mumkin emas.
Musulmonlar qadim-qadimdan ustoz va murabbiylarga misli ko‘rilmagan hurmat ko‘rsatib kelgan. Chunki farzandlarining kamolotga yetib, dunyoyu oxirat saodatiga erishishlari uchun ustozning o‘rni benazir ekanini yaxshi anglagan. Bunga quyidagi rivoyatlarni keltirib o‘tish foydadan xoli bo‘lmas:
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy rahimahulloh bir muddat Makkai mukarramada dars berganlar. Bir ziyoratchi Imom hazratlariga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda Imom Buxoriy ziyoratchining ustozlar yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib kutib olganlar va cheksiz ehtirom ko‘rsatib mehmon qilganlar. Undan salom xabarini eshitganlarida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olganlar va tabarrukona maktubni ikki qo‘llab olib, ehtirom bilan tanishib chiqqanlar.
Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: "Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman".
Ustoz deganda faqat diniy bilmlarni ta’lim bergan kishilar emas, balki har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs nazarda tutilishini unutmaslik lozim. Chunki muqaddas dinimizda ilmlar diniy yoki dunyoviyga ajratilmaydi. Balki foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi.
Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan yaxshi ibora bor. Darhaqiqat, ota insonning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsa, ustoz unga hayotda yashashni ta’lim beradi. Shuning uchun ham mo‘min-musulmonlar namozlarining so‘ngida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salavot aytganlaridan keyin ota-onasi qatorida ustozlarining haklariga ham Allohdan mag‘firat so‘rab duo qiladilar.
O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir.
Yurtimizda har yili 1 oktyabr ustoz va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Albatta, bu bayram mustaqil Yurtimizda ustozlarga bo‘lgan hurmatning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida ustozlarga ehtirom ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan buyuk qadriyatlarimizdan sanaladi.
Ustozlarni qadrlash haqida so‘z borganda beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiyning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.
Jamiyat oldida katta mas’uliyat sohibi bo‘lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik tilab qolamiz.
Odiljon NARZULLAYEV,
Zangiota tumanidagi "Imomi A’zam" jome masjidi imom-xatibi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi