Saudiya Arabistonining “Al Hidaya Global Company LTD” kompaniyasi boshqaruv kengashi vakili shayx Solih Bahvayniy boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatida bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad bugungi kunda viloyatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish, shuningdek, baliqchilik, yirik chorvachilik komplekslari, ishlab chiqarish sexi hamda xorijiy sayyohlar uchun ixtisoslashgan yovvoyi hayvonlarni yetishtiruvchi majmua va boshqa tegishli infrastruktura qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni muhokama qilishdan iborat ekanligi aytilmoqda.
“Al Hidaya Global Company LTD” kompaniyasi boshqaruv kengashi vakili loyihaning umumiy qiymati 150 millon dollar ekanligi hamda uni amalga oshirish uchun viloyat hududidan 2 ming 500 gektar yer maydoni zarurligini ta’kidlab o‘tgan.
Muzokaradan so‘ng delegatsiya a’zolari viloyatning diqqatga sazovor joylarini hamda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyiha uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan hududni ko‘zdan kechirishdi, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
O‘MI Matbuot xizmati
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov