Turkmaniston Respublikasi poytaxti Ashxobod shahrining “Tinchlik-7” mavzesida “Hazrat Umar” nomli yangi masjid ochildi. Uning ochilish marosimida mamlakat muftiysi, Ashxabod va viloyatlar imomlari, poytaxtliklar va poytaxt mehmonlari ishtirok etdi. Bu haqda “Neytral Turkmaniston” nashriga tayanib Azon xabar berdi..
Mazkur masjid Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning qarori va “Xoja Ahmad Yassviy” diniy tashkilotining buyurtmasiga ko‘ra barpo etilgan. Uning qurilishida zamonaviy texnologiyalar va o‘ziga xos me’moriy yechimlardan foydalanilgan.
Masjid jami 13 ming kvadrat metr maydonni egallagan, uning yonida avtomobillar uchun to‘xtash joyi ham tashkil etildi, atrof obodonlashtirildi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 30 iyul kuni poytaxtimizdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida Toshkent Islom institutining modul ta’lim tizimiga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.
Mazkur ta’lim yo‘nalishiga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, 4 yil va undan ortiq muddat davomida diniy sohada faoliyat yuritgan imom-xatib va imom noiblari hujjat topshirgan.
Imtihon oldi mutasaddilar tomonidan test imtihonini o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Asosiy e’tibor adolat va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, imtihon jarayoniga soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilotlar vakillari ham jalb etilgan.
Modul ta’lim tizimiga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar quyidagi ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi:
* Ixtisoslik fanlar majmuasi: Qur’oni karim va tajvid, hadis, fiqh, aqoid kabi muhim fanlar;
* Ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi: O‘zbekiston tarixi, Ma’naviyat asoslari, Milliy g‘oya kabi fanlar bo‘yicha.
Ma’lumot o‘rnida mandat natijalari barcha oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng 3 ish kunida e’lon qilinadi.
Imtihon jarayoniga oid tezkor yangiliklar @qabulmuslimuz telegram kanalida yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati