Cavol: Ijtimoiy tarmoqlarda Shukr sajdasi va uni har namozdan keyin qilish haqida o'qib qoldim. Shu mavzuga munosabat bildirsangiz?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Shukr sajdasining fazilati” deb nomlangan bir xabar keng tarqalmoqda va bu xabarga to'qima rivoyatni dalil qilinmoqda. Alloh taolo va farishtalar o'rtasidagi suhbat shaklida keltirilgan ushbu to'qima rivoyat e'tiborli hadis kitoblaridan birortasida uchramaydi. Bunday ma'lumotlarni kishi o'z fikridan kelib chiqib tarqatishi uning johilligini bildirib, gunohkorlikka sabab bo'ladi.
Ko'pchilik ulamolar, biror ne'mat hosil bo'lganda yoki balo-ofat daf bo'lganda, shukr sajdasi qilish sunnatdir, deganlar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhular katta xushxabar eshitganlarida shukr sajdasi qilganlari rivoyat qilingan.
Bu haqda Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir xursandchilik ish bo'lsa yoki xushxabar kelsa, Allohga shukr qilib sajda qilar edilar”(Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Yana o'sha to'qima xabarda shukr sajdasini har namozdan keyin qilishni targ'ib qilgan. Vaholanki bu ishning makruhligi haqida “Raddul muhtor” kitobida bunday deyiladi: “Shukr sajdasi mustahabdir va shunga fatvo berilgan. Lekin namozdan keyin sajdai shukr qilish makruh, chunki bilmaydigan odamlar uni sunnat yoki vojib deb, e'tiqod qilib qoladilar. Har bir noto'g'ri e'tiqodga olib boruvchi muboh ish — makruhdir. Shukr sajdasida ham tahorat va qiblaga yuzlanish shart bo'ladi.
Hulosa shuki, diniy asosga ega bo'lmagan ma'lumotlarni tarqatish, tarqatishga targ'ib etish va bunga ko'maklashish mutlaqo joiz emas. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahridagi "To‘ra Buva" jome masjidi imom-xatibi Umidjon domla Sodiqovning otalari Anvar hoji otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Umidjon domla Sodiqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi