O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida, yurtimizga tashrif buyurgan Malayziyaning Perlis shtati muftiysi boshchiligidagi diniy delegatsiya Buxoro shahrini ziyorat qildi.
Mehmonlar dastlab “Mir Arab” madrasasiga tashif buyurdilar. Madrasada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, dars jarayonlari va kutubxona bilan yaqindan tanishdilar. Madarasaning qadim tarixi, uning o‘ziga xosligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng Malayziya delegatsiyasi Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Jumladan, “Somoniylar bog‘i”, “Buxoro Ark”i, “Bahouddin Naqshband” ziyoratgohi, “Mir Arab” Oliy madrasasi va boshqa qadamjolarda bo‘ldilar.
Ziyorat so‘ngida mehmonlar tarixiy shahar ularning xotirasida uzoq yillar qolishini ta’kidladilar va Toshkent shahriga qaytib keldilar.
Mehmonlarning tashrifi davom etmoqda.
O‘MI Matbuot xizmati
Alloh taolo bizga bir sadaqamizni yetti yuz barobar ko‘paytirib berishini va’da qildi. Shunday ekan, nega endi muhtojlarga ehson qilishga ikkilanamiz?!
Rivoyatlarda kelishicha, Muhallabiy degan bir vazir o‘tgan bo‘lib, avvalboshda kambag‘al bo‘lgan ekan. Dunyo matohlaridan biror narsasi bo‘lmagan ham ekan. Shu holida u safar qiladi. Borgan joyida ham yeyishga biror narsa topa olmaydi. Go‘sht yeyishni qattiq ishtaha qilsa-da, go‘shtga yetgulik pul topa olmaydi va:
Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu,
Bul maiyshat xayrsiz bo‘ldi manga,
Vooh, bu hayotdin o‘lim totli bo‘lurmu,
Bu xushsiz hayotdin kelib mani xalos etsa…
U kishining hamsafari bo‘lib, ismi Abu Abdulloh So‘fiy edi. U baytni eshitib, bir dirhamga go‘sht sotib olib, pishirib Muhallabiyning qo‘liga tutqazadi. Keyin esa ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ajralib ketishadi.
Kunlar o‘tib Muhallabiy Bag‘dodda vazir darajasiga ko‘tariladi. Bu yoqda Abu Abdulloh So‘fiyning sharoiti og‘irlashib, qiynalib qoladi. U vazirning huzuriga boradi va bir parcha qog‘oz berib, uni soqchidan kirgizib yuboradi. Qog‘ozda quyidagilar yozilgan edi:
Ayo vaziringga yetkaz, unga jonimni fido ayladim,
Yigit hech zamon gapin yoddan chiqarmas.
Yodingdamu yo‘qchilikdan qiynalib aytgan gaping,
“Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu” deganing…
Vazir Muhallabiy xatni o‘qigach, o‘tgan kunlari yodiga tushib, go‘sht yegisi kelganida go‘sht olib pishirib bergan hamsafarini eslaydi. Ko‘zlari yoshga to‘lib, Allohning ne’matlari ichida yayrab yashayotganini, qanday qilib bu martabalarga erishib, xalifaning vaziri bo‘lib qolgani haqida tafakkur qiladi. Keyin esa: “Bu xatni yozgan kishiga yetti yuz dirham berib yuboringlar”, deb buyuradi va xat ostiga javob tariqasida mana bu oyatni yozib qo‘yadi:
«Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchi kishilarning (savobining) misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi...»[1] (ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda).
Bu orqali vazir hamsafariga “Menga bir dirham evaziga olib bergan go‘shting haqqini Alloh taolo yetmish barobar ko‘paytirib berdi”, demoqchi edi.
Shoir aytadi:
Yaxshilik o‘gurganning mukofoti yo‘qolmagay hech,
Xoliqu xalq orasindagi sunnat zoil o‘lmagay hech.
Hech bir kishidan minnatdorchilik kutmang!
Hakimlardan biri aytadi: “Kim qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik, rahmat kutsa, shubhasiz, u oxirat savobini dunyoda olishga shoshilibdi”.
Yaxshilik qilish maqtovga arzirli xarajatdir
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: “Har narsada isrof bor, illoki husni xulqni qo‘lga kiritishda, yaxshilik qilishda, odamgarchilikni yuzaga chiqarishda isrof yo‘q”.
Bir hakim zotning gapini doimo yodingizda tuting: “Yaxshilik qiluvchi kishi hech chohga tushmaydi. Mabodo tushgan taqdirda ham, bir tirgak topadi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 261-oyat.