Saudiya Arabistoni Haj ibodatini ado etish uchun hujjatlar tayyorlagan holda viza olmoqchi bo‘lgan Livandagi falastinliklarga mamlakatga kirishni ta’qiqladi. Bu haqda islam-today nashri xabar berdi.
Yaqin Sharqda faoliyat olib boruvchi OAVlarning ma’lum qilishicha, Saudiya tomoni Falastin pasportiga ega bo‘lmagan va Livan hududiga istiqomat qilayotgan falastinliklarga viza berishni to‘xtatgan. Bugungi kunda Livan hududida 300 mingdan ortiq falastinlik yashaydi.
Falastin inson huquqlari tashkilotlari viza bermaslik sababini so‘rab murojaat qilganlarida, Saudiya Arabistoni tomoni ushbu holatga izoh va tushuntirish bermagan.
Avvalroq, xuddi shunday muammo Iordaniya hududida yashaydigan falastinliklar bilan ham sodir bo‘lgan edi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati