“Haj”ga borish uchun fuqaro doimiy yashash joyidagi mahalla yig‘iniga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etadi.
“Haj”ga borishga nomzodlar navbatga qo‘yilishidan avval har oyning 5 sanasidan kech bo‘lmagan muddatda suhbatdan o‘tkaziladi va saralanadi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.
Nomzodlarga quyidagi talablar qo‘yiladi:
- moddiy va jismoniy jihatdan Hajga qodir bo‘lishi;
- Haj amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etishi uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi;
- oldin Hajga bormagan bo‘lishi;
- voyaga yetgan bo‘lishi;
- ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi;
- oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi;
- yo‘ldan adashganlarning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi;
- mahalladagi xayriya tadbirlarida ishtirok etishi.
45 yoshgacha bo‘lgan ayollarning Hajga faqat mahramlari (eri, otasi, o‘g‘li, akasi, ukasi va h.k.) bilan birga borishiga yo‘l qo‘yiladi.
Nomzodlar ro‘yxati tegishli hududdagi masjid va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarida e’lon qilinadi.
Ro‘yxat bo‘yicha navbati kelgan fuqarolar Hajga jo‘nashdan kamida bir oy oldin yozma shaklda pochta orqali xabardor qilinadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati