Avvalroq, Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Moxd Asri Bin Zaynul Abidin boshchiligidagi diniy ulamolardan iborat delegatsiya shu kunlarda Yurtimizda mehmon bo‘lib turibdilar hamda O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilayotgani haqida xabar bergan edik.
Ular O‘zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti, Minor jome masjidi, Chorsu dehqon bozori va boshqa ko‘plab manzillarga sayohat uyushtirdilar.
Malayziyalik mehmonlar Samarqand shahrini ziyorat qildilar. Dastavval mehmonlar Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdilar. Ularni Samarqand viloyati Bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov kutib olib, tashrifi bilan qutladi hamda majmuani ziyorat qildirdi. Ziyorat davomida mehmonlarga muhaddis olim Imom Buxriy hayoti, u kishining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan keyin mehmonlar Samarqand shahridagi boshqa diqqatga sazovor joylarni ziyorat qildilar. Registon maydoni, Shohi Zinda, Go‘ri Amir, Hazrati Hizr majumalari shular jumlasidandir.
Mehmonlar sayohat uchun minnatdorlik bildirib, ushbu qadamjolarga tashrif haqida mamnuniyat bilan so‘zladilar. Samarqand shahridagi qadamjolar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Milliy me’morchiligimiz, qadim obidalarimiz, taomlarimiz xorij delegatsiyasining alohida e’tiborini qozondi.
Mehmonlar Samarqand bo‘ylab ziyoratini yakunlab Buxoro shahriga jo‘nab ketdi.
Portalimizni kuzatishda davom eting.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi