Quyida keltiriladigan fikrlar ijtimoiy tarmoqlardagi “Tarix muxrlagan so‘zlar” sahifasidan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarning bir qator fikrlari ham berilgan.
Bolakay usti sochiq bilan yopilgan idishda nimadir olib ketayotgan edi. Yoshi kattaroq kishi undan «Idishda nima olib ketyapsan?» deb so‘radi. Shunda bola «Agar idishda nima borligini boshqalar ham bilishi kerak bo‘lganida, ustini sochiq bilan berkitib olmagan bo‘lardim» dedi.
Allohdan boshqa hech kim komillik sifati bilan ajralib turmaydi (ya’ni komillik sifatiga ega emas). Shuning uchun boshqalarning ayblarini qidirishdan tiyiling!
«Tarix muxrlagan so‘zlar»
Muvaffaqiyatsizlik - doim o‘tirvolib, muvaffaqiyat o‘zi kelishini kutadiganlarga yetadi.
Ibrohim Fiqiy
Agar senda bitta olma, menda ham bitta olma bo‘lsa, ularni o‘zaro almashsak, olma senda ham, menda ham bittaligicha qoladi. Lekin senda bitta fikr, menda bitta fikr bo‘lsa, ularni o‘zaro almashsak, senda ham, menda ham ikkitadan fikr yuzaga keladi.
Jorj Bernard Shou
Davomi bor...
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.