O‘zbekiston – 7300 dan ortiq qadimiy-me’moriy va arxeologik obidalar mavjud dunyodagi yetakchi o‘n mamlakatdan biri hisoblanadi. Yurtimizning sanoqli mamlakatlargagina xos bo‘lgan yana bir jihati – bu yerda 200 dan ziyod tarixiy obida va qadamjolar YUNЕSKOning madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha keng imkoniyatlarga ega mamlakatlardan biridir. Shu haqiqatni teran anglagan holda, qolaversa, mavjud imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida 2018 yil 3 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Shuningdek, “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning chiqishi ham sohada ilg‘or tashabbuslarni ilgari surish va ijobiy qadamlar tashlashga turtki bo‘ldi.
Hisob-kitoblarga qaraganda, har yili O‘zbekistonga jahonning 70 ga yaqin mamlakatidan ikki milliondan ziyod sayyoh tashrif buyuradi. Ular, asosan, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirishadi. Hozirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK o‘zaro hamkorlikda ziyorat turizmi sohasida sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish maqsadida qator samarali ishlarni olib borishmoqda. Xususan, Malayziya, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan yurtimizdagi muqaddas qadamjolarga ziyorat turizmi yo‘nalishidagi sayyohlarni jalb qilish, bu borada kerakli reklama tadbirlarini o‘tkazish, logistika, charter reyslarni yo‘lga qo‘yish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Ushbu ijobiy harakatlarning samarasi o‘laroq joriy yilning 21 sentyabr kuni Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Moxd Asri Bin Zaynul Abidin boshchiligidagi diniy ulamolardan iborat delegatsiya a’zolari O‘zbekistonga yetib kelishdi.
Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda malayziyalik sayyohlarning ziyorat turizmi yo‘nalishida O‘zbekistonga tashriflarini yo‘lga qo‘yish. Ayni kunlarda, mazkur mutasaddi tashkilotlar tomonidan Malayziya diniy vakillaridan iborat delegatsiyaning yurtimizga tashrifini tashkil etish ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Kezi kelganda shuni ta’kidlash kerak-ki, mamlakatimizda ziyorat turizmni jadal rivojlantirish, mavjud ulkan turizm salohiyatini yanada to‘liq va samarali targ‘ib qilish hamda bu sohada idoralararo amaliy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu hamkorlik tashrifi, kelajakda sohaning rivojiga, albatta, o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi va ko‘plab malayziyalik sayyohlarning O‘zbekistonga kelishiga zamin yaratadi.
Tashrifga doir ma’lumotlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy sayt va sahifalarida yoritib boriladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.
Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati