Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Mayxo‘rlikka qarshi kurashning noyob uslubi

18.09.2018   5566   15 min.
Mayxo‘rlikka qarshi kurashning noyob uslubi

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning  qisqa vaqt ichida jamiyatni ichkilikbozlikdek zararli odatdan qanday qilib poklagani, bunda foydalangan noyob uslubi bugungi kunda shu ishni uddalay olmayotgan olimlar e’tiborini tortmoqda.  U zoti sharif bunga qanday erishgan edilar? 

Keyingi yillarda ketma-ket e’lon qilinayotgan ayrim hisobotlar islom olamining ijtimoiy strukturasi ijobiy natija ko‘rsatmayotganini xabar qilmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 2010 yilda e’lon qilgan sog‘liqni saqlash statistikasida  qayd etilishicha, asosiy aholisi musulmonlar bo‘lgan Yaqin Sharq davlatlari va Turkiyada spirtli ichimliklar iste’mol qilish me’yori oshgan. The Economist jurnali turli manbalardan to‘plangan hisobotlarni yig‘ib quyidagicha xulosa qilgan: “Musulmon davlatlarida 2001-2011 yillar ichida spirtli ichimliklar iste’mol qilish 72 foizga ko‘paygan”.

Alloh taoloning Rasuli sollallohu alayhi vasallam bizga Allohning amrini yetkazib, hidoyat yo‘lini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lsa-da, nega biz shu holga kelib qoldik? Nima uchun gunohu ma’siyatni afzal hisoblamoqdamiz? Chunki qachon yoshlarimizga qarasak, ularning tashqi qiyofasidan tortib, insoniy muomalalarigacha – har bir harakatiga g‘arbona jamiyat nuqsi urib turganini ko‘ramiz. Chunki OAV yoshlar tarbiyasida juda katta rol o‘ynaydi. Bu borada eng ilg‘or texnika va texnologiyaga ega bo‘lgan g‘arb olami ana shu vositalar yordamida madaniy mahsulotlarini eksport qilmoqda hamda turmush tarzini o‘rgatmoqda. Buning oqibatida ayrim yoshlarimiz johiliyat davri odatlaridan bo‘lgan spirtli ichimliklarni zamonaviylik belgisi sifatida qabul qilmoqda. Holbuki, spirtli ichimliklar – johillik davrining urf-odatlaridan edi.

Xalifa Umar roziyallohu anhu: “Qachonki musulmonlar orasida johiliyat davri an’analarini qadrlovchi avlod paydo bo‘lsa, Islomning barcha arkonlari biri ikkinchisining ortidan uzilib boshlaydi”, degan ekanlar. Bugun biz aynan shu hodisaga shohid bo‘lmoqdamiz.  Islomning qanday joriy bo‘lganini, dunyoni qanday o‘zgartirib yuborganini bilmaydigan yosh avlod johillarning qadimgi odatini yangi moda deb hisoblamoqda. Aslida achitilgan uzum, xurmo, asal, bug‘doy, arpadan tayyorlanadigan mast qiluvchi ichimliklar ming yillar burun ma’lum edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak chehralari bilan dunyo yuzini yoritgan kezlarda mast qiluvchi ichimliklar butun dunyo bo‘ylab tarqalgan zamonlar edi. Qadimgi tamaddunda uzumni yig‘ib olish katta bayram sifatida nishonlanar va o‘sha kuni odamlar juda ham ko‘p vino, pivo ichib xursandchilik qilar edi. Isroil avlodlarining ravvinlari bu odatning ko‘p tarqalib ketgani natijasida o‘zlari ham uni ichishga majbur bo‘ldi va odamlarga uni mast bo‘lib qolmaguncha ichish mumkin deb fatvo chiqarib berdi. Iso alayhissalom olib kelgan yakkaxudolik dinining tez tarqalishi qoshida Rim imperiyasi ojiz qoldi, bu dinni yo‘qota olmasligini tushundi.  Vaqt o‘tishi bilan imperiya qadimiy mushriklar dini bilan yangi din o‘rtasida kelishuv shartnomasi tuzishga harakat qildi. Shuning uchun ularga olib kelingan dinga eski, butparastlik urf-odatlari kirib qoldi. Masalan, hosilni yig‘ib olish va Dionis bayramida vino ichish an’anasi mavjud. Yevxaristiya (nasroniylik cherkovidagi birodarlik rishtasi) yangi e’tiqodida ham uning o‘rni bor – marosim non va sharobga bag‘ishlangan.

Shu tariqa, sharob ishlab chiqarish va sotish diniy zaruratga aylanib qoldi. O‘sha davrning buyuk imperiyasi – Rimda ahvol shunday edi. Shu boisdan uning mustamlakasi bo‘lgan Yaqin Sharqda  sharob ichish an’anasi keng yoyilib ketdi. Sharob ishlab chiqarish va uni sotishning Saudiya Arabistoni hududida turli variantlari bo‘lgan: uzumzorlar va xurmozorla ko‘p bo‘lgan Madina, Toif, Xaybar shaharlarida uzum va xurmodan sharob tayyorlangan. Yaman aholisi arpa, bug‘doy, jo‘xori hamda asaldan  spirtli ichimliklar ajratib olgan. Johiliyat davri shoirlar yozgan she’rlarda sharobning yuzdan ortiq turi tilga olingan.

Payg‘ambar alayhissalom nafaqat amerikaliklar, balki shu vaqtga qadar ham hech kim bajara olmagan ishni bajargan edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam spirtli ichimliklar nima ekanini bilmaydigan jamiyatga kelmaganlar. U zot sharobxo‘rlik eng baland cho‘qqisiga chiqqan, tantanalar, katta-kichik ziyofatlar sharobsiz o‘tmaydigan, sharobxo‘rlik jamiyatning ommaviy madaniyatiga aylangan vaqtda dunyoga keldilar.                

Amerikaliklar o‘z xalqini zararli ichimlikdan himoya qilish uchun spirtli ichimliklar ichishni taqiqladi. Ammo bu ishning uddasidan chiqa olmadi – yashirin ishlab chiqarish va ichish avj oldi. 1933 yil taqiq bekor qilinganda amerikalik bir professor: “Muhammad payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Qur’on(i karim) vositasida ummatlarini nafaqat o‘zining zamonida, balki keyingi avlodlarni ham spirtli ichimliklardan himoya qilib kelmoqda. Shunga o‘xshagan natijaga XX yuzyillikda ilmiy asoslar va barcha targ‘ibot vositalari mavjud bo‘lgan holda ham Amerika erisha olmadi” (professor Yulius Xirsh: Uchebnik zdravooxraneniya. Stambul, № 34, str. 242), deb yozgan edi.

1983 yillarda sobiq SSSRda ham ichkilikbozlikka kurash kampaniyasi avj olgan edi. O‘shanda odamlar etik moyini buxanka nonga surib oftobga qo‘yib yeb, yana qandaydir qo‘lbola samogonlar tayyorlab ichib zaharlanganlari ko‘pchilikni yodida.

O‘shanda hukumat ichkilikbozlikka kurashning eng qat’iy choralarni qo‘llab ham ijobiy natijaga erishish u yoqda tursin, salbiy oqibatga sabab bo‘lgan edi.

Nega bunday bo‘lganini bilish uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom qanday qilib spirtli ichimlikdan insonlarni himoya qilish borasida hech kim erisha olmagan natijaga erishganini o‘rganish kerak.

Allohning Rasuli bir marta ham sharob ichmaganlar. U zot Islomning Makkada yoyilishi davrida spirtli ichimliklarga qarshi kurashmaganlar. Chunki u vaqtda musulmonlarning soni unchalik ko‘p emas edi. Boz ustiga Payg‘ambar alayhissalom, Abu Bakr Siddiq, Usmon, Ali roziyallohu anhular spirtli ichimliklar ichiladigan davralarga sira ham yaqinlashmaganlar. U zotlarning bunday go‘zal fazilatga ega bo‘lishlarining sababi quyidagicha bo‘lsa kerak: arablarda ilohiy vahiylar kelguniga qadar to‘g‘ri din (Dinun Xanif) haqidagi xotiralar saqlanib qolgan edi, xususan, jaranglab turgan bir qoida bor edi: "spirtli ichimliklar ichiladigan bayramlarda qatnashadigan kishilar yaxshi odamlar emas”. Sharob taqiqlanishidan oldin ham Payg‘ambar alayhissalom uni mutlaqo yoqtirmaganiga yorqin bir misol shuki, me’rojga chiqqanlarida  u zotga ikkita piyolada ichimlik tutganlar – birida sut, ikkinchisida sharob, u zot sutni olib ichganlar. Jabroil alayhissalom ushbu tanlovni maqtab: “Siz tabiiylikni tanladingiz, agar sharobni tanlaganingizda ummatingiz yo‘ldan adashib ketar edi, sutni olib tabiiylikni ixtiyor qildingiz, endi ummatingiz tabiiylikka yo‘naltirildi”  (Imom Buxoriy rivoyati), deganlar.

Allohning Rasuli ummatlarini mayxo‘rlikdan asta-sekinlik bilan uzoqlashtirdilar. Negaki, odamlarning ko‘p yillik odatiga aylanib qon-qoniga singib ketgan narsadan birdaniga voz kechishi oson bo‘lmas edi, Shu boisdan Alloh taolo insonning fe’lini hisobga olib uni taqiqlaydigan oyatni birdaniga nozil etmadi. Qur’oni karimda spirtli ichimliklar haqida to‘rtta oyat bor. Makkada nozil bo‘lgan birinchi oyatda:  

وَمِن ثَمَرَاتِ النَّخِيلِ وَالأَعْنَابِ تَتَّخِذُونَ مِنْهُ سَكَراً وَرِزْقاً حَسَناً إِنَّ فِي ذَلِكَ لآيَةً لِّقَوْمٍ يَعْقِلُونَ

Va xurmo va uzumlarning mevalaridan mast qiluvchi narsa va go‘zal rizq olursiz. Albatta, bunda aql yuritguvchilar uchun oyat-belgi bordir” (Nahl, 67), deyilgan. Ushbu oyatda mast qiluvchi ichimlik haqida hukm aytilmagan. Ammo uni go‘zal rizqqa qiyosan xunuk narsa ekani ishora bilan bildirilgan.

Bundan  mayparastlik Allohga xush kelmaydigan amal ekani ayon bo‘ladi. Bu ifoda hamda Payg‘ambarimiz solallohu alayhi va sallamning sharobni yoqtirmagani ichkilikbozlik yaxshi odat emasligini ko‘rsatadi. Payg‘ambar alayhissalom Madinaga kelib yashay boshlagan choqlarda ansorlar xurmodon tayyorlangan sharob ichar va mehmonlarga ham uzatar edilar. Ba’zida mast bo‘lib olgan mayxo‘rlar davrasi bema’ni bahslar va mushtlashuvlar bilan nihoyasiga yetardi. Shunday hodislarga bir necha bor guvoh bo‘lgan Umar va Muoz roziyallohu anhular Payg‘ambar alayhissalomning huzuriga kelib vazitni tushuntirar ekan “sharob odamni butkul aqlidan judo qilmoqda” dedilar. Shunga qaramasdan, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam oyat nozil bo‘lguniga qadar bir qarorga kelmadilar. Shundan so‘ng quyidagi oyati karima nozil bo‘ldi:  

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ قُلْ فِيهِمَا إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَا أَكْبَرُ مِن نَّفْعِهِمَا وَيَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلِ الْعَفْوَ كَذَلِكَ يُبيِّنُ اللّهُ لَكُمُ الآيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَتَفَكَّرُونَ

Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen:«Ortiqchasini», deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki tafakkur qilsangiz” (Baqara surasining 219-oyati).

Oyati karimada spirtli ichimliklar sababli sodir bo‘ladigan gunoh uning yaxshi jihatidan ko‘pligi aytilmoqda. Uning foydasi nima o‘zi? Ichganda bir oz bosh aylanishi, oldi-sottidan olinadigan daromadi bo‘lsa kerak-da. Ammo zarari haqida jild-jild kitoblar yozish mumkin, anchasi yozilgan ham. Ana shu ogohlantirishdan so‘ng ko‘pchilik musulmonlar sharob ichmay qo‘ydilar. Keyin esa mana bu oyat nozil bo‘ldi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تَقْرَبُواْ الصَّلاَةَ وَأَنتُمْ سُكَارَى حَتَّىَ تَعْلَمُواْ مَا تَقُولُونَ وَلاَ جُنُباً إِلاَّ عَابِرِي سَبِيلٍ حَتَّىَ تَغْتَسِلُواْ وَإِن كُنتُم مَّرْضَى أَوْ عَلَى سَفَرٍ أَوْ جَاء أَحَدٌ مِّنكُم مِّن الْغَآئِطِ أَوْ لاَمَسْتُمُ النِّسَاء فَلَمْ تَجِدُواْ مَاء فَتَيَمَّمُواْ صَعِيداً طَيِّباً فَامْسَحُواْ بِوُجُوهِكُمْ وَأَيْدِيكُمْ إِنَّ اللّهَ كَانَ عَفُوّاً غَفُوراً

Ey iymon keltirganlar! Mast holingizda to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang va junub holingizda ham to g‘usl qilmaguningizcha. Magar yo‘ldan o‘tuvchi bo‘lsa, mayli. Agar bemor yoki safarda bo‘lsangiz yoki sizdan biringiz tahoratxonadan kelsa yoxud ayollarga yaqinlashgan bo‘lsangiz-u, suv topa olmasangiz, pokiza tuproq-la tayammum qiling. Bas, yuzingizga va qo‘llaringizga mas'h torting. Albatta, Alloh afv va mag‘firat qiluvchi zotdir” (Niso surasining 43-oyati).

Oyati karimada musulmonlarga mast holida namoz o‘qish taqiqlandi. Musulmonlarga esa besh vaqt namoz farz qilingan. Demak, tongdan tunga qadar aslo aroq ichib bo‘lmaydi. Nihoyat sharobni mutlaqo taqiqlagan oyat nozil bo‘ldi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz (Moida surasining 90-oyati).

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytgan ekanlar: “Biz ziyofatda edik. Men soqiylik qilayotgandim. Bir kishi kelib sharob taqiqlanganini xabar qildi. Davrada o‘tirgan birodarlarim bu xabarni eshitib,  “Sharob solingan hamma idishni to‘nkaringlar”, deyishdi. Shundan so‘ng biror kishi mast qiluvchi ichimlikni og‘ziga olmadi” (Imom Nasaiy rivoyati).

O‘sha tunda shahardagi sharob solingan barcha idishlar to‘nkarildi va Madina ko‘chalaridan sharob daryo bo‘lib oqdi. Shu voqeada sahobalarning Allohning amriga qanchalik sidqidildan itoat etishi, Payg‘ambar alayhissalomga qalban bog‘langani yaqqol namoyon bo‘lgan. Chunki ular  Payg‘ambar alayhissalom aytgan har bir so‘zga itoat qilar ekan, u zot buyurgan amallar Alloh vahiy orqali yuborgan amrlar ekaniga qat’iyan ishonar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning amerikaliklar yetisha olmayotgan yutuqlari ana shu edi. Sahobalar ichkilikni sog‘ligiga zarar bo‘lgani uchun emas, Alloh taolo taqiqlagani uchun tashlagan edilar. Shuning uchun oshkora ham, yashirincha ham ichmay qo‘ygan edilar.  

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning yutug‘ini ta’minlagan yana bir hodisa – u zot sharobning o‘zini harom deyish bilan cheklanmasdan, uni tayyorlovchi, sotuvchi, olib keluvchi, quyib beruvchi, ichuvchilar davrasida o‘tirishni harom deb e’lon qildilar. 

Bugun esa davlat bir tarafdan ichkilikbozlikka qarshi kurashyapti, ikkinchi tomondan – uni sotish uchun ishlab chiqaryapti. Spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish davom etar ekan – taqiqdan hech qanday foyda yo‘q.  “Payg‘ambarimizning huzuriga uzoq o‘lkalarning biridan vakillar kelib, “Biz spirtli ichimliklardan davolash maqsadida foydalanamiz” yoki “Biz sovuqda muzlab qolmaslik uchun aroq ichishga majburmiz”, dedilar.  Bu bahonaga u zot: “Sharob davolash vositasi emas, kasallik manbaidir”, deb javob berdilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam sharobxo‘rlikka kurashning jazolash uslubini ham qo‘llaganlar. Chunki sharob ichgan kishi jazolansa, boshqalar sharob ichish gunoh ish ekanini yanada teranroq his etar edilar. Ayniqsa, sharob ichgan yoshlarga qattiqqo‘llik bilan jazo tayin qilar edilarki, ular bu kasofatni qaytib og‘ziga olmas edilar. Abu Hurayro roziyallohu anhu aytganlar: “Payg‘ambar alayhissalomning oldiga shirakayf odamni olib keldilar. U zot “Uni uringlar!” deb amr qildilar. Kim qo‘li bilan, kim oyoq kiyimi bilan, yana biri boshqa narsa bilan uni ura ketdi”.

Payg‘ambarimiz ichgan odamni yomon ko‘rganidan bu jazoni tayinlamagan, balki uni mayxo‘rlikdan xalos bo‘lib, o‘zini sharobga qaramlikdan qutqarsin va yana ichuvchilarning  bu qilig‘i boshqalarni ham o‘ziga jalb qilmasin degan maqsadda bo‘lganlar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu xalifalik qilgan davrda musulmonlar ko‘p yurtlarni ishg‘ol qildi va dinni yoyish uchun har tarafga tarqalib ketdi. Ular moddiy jihatdan ham boyib ketdi. O‘shanda ichkilikbozlik ko‘payib ketmasin degan maqsadda hazrati Umar aroq ichgan kishiga 80 darra jazo tayin qildilar.

Spirtli ichimlik va giyohvandlikka qarshi kurash islomning asosiy tamoyillaridan biri sanaladi: hayotni, mulkni, naslni va dinni saqlash – musulmonning burchi. Sog‘likka zarar yetkazadigan, cho‘ntakni qoqlaydigan, aqlni zaiflashtiradigan, insonni dindan uzoqlashtiradigan va kelajak avlodni nobud qiladigan narsalar bilan har taraflama kurashish sog‘lom aqlli kishilarning muqaddas vazifasidir.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Abul Barakot Nasafiyning ilmiy merosi va “Tafsirun Nasafiy” asari

16.06.2025   6000   7 min.
Abul Barakot Nasafiyning ilmiy merosi va “Tafsirun Nasafiy” asari

Abul Barakot Nasafiyning ilmiy meroslari va xususan “Tafsirun Nasafiy” asari

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent Islom instituti talabasi

Hamidullayev No‘monxon

 

Annotatsiya: Mazkur maqolada mo‘g‘ullar istilosi davrida yashagan, hanafiy fiqh va moturidiy aqida yo‘nalishining yetuk vakillaridan biri bo‘lgan alloma Abul Barakot an-Nasafiyning ilmiy merosi o‘rganiladi. Uning kalom, fiqh va tafsir sohalariga oid muhim asarlari, xususan “Madorik at-Tanzil va Haqoiq at-Ta’vil” nomli tafsiri alohida tahlil qilinadi. Ushbu tafsir asari hanafiylik va ahli sunna ta’limotiga asoslangan bo‘lib, unda Zamaxshariyning “Kashshof” va Bayzoviy tafsirlaridan tanlab olingan jihatlar, ammo mo‘taziliy yondashuvlardan holi uslub qo‘llanilgan.

Muallif Qur’on oyatlarini fiqhiy, tilshunoslik va kalomiy jihatdan izohlab, tafsirni mo‘tadil, ixcham, isroiliylardan pok va ilmiy yondashuvga asoslangan holda yozgan. Shuningdek, maqolada Abul Barakot Nasafiyning boshqa mashhur asarlari va ulamolar tomonidan berilgan ta’riflar ham bayon etilgan. Bu maqola tafsir ilmi rivojiga qo‘shilgan boy ilmiy merosni ochib berish barobarida, hanafiy tafsir maktabining o‘ziga xos jihatlarini ham yoritadi.

Kalit so‘zlar: Abul Barakot an-Nasafiy, Madorik at-Tanzil, Tafsir an-Nasafiy, hanafiy mazhabi, moturidiy aqida, tafsir ilmi, Kashshof, Bayzoviy, ahli sunna val jamoa, fiqh, kalom, Qur’on tafsiri, mo‘g‘ullar davri, isroiliyat, qiroatlar, tafsir uslubi.

Nasafdan yetishib chiqqan ulug‘ olimlardan biri Abul Barakot Nasafiy o‘zining tafsir, fiqh, aqida sohalariga oid asarlari bilan mashhur bo‘lgan. U tug‘ilib, yashagan payt mo‘gullar hukmronligi davri bo‘lganligi uchun Movarounnahrda ilmiy, madaniy va iqtisodiy holat tanazzulga tushib qolgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Abul Barakot Nasafiy kabi fidoiy olimlar ilmni jonlantirishga va qayta tiklashga harakat qilganlar[1]. Abul Barakot Nasafiyning turli sohalardagi asarlari;

“Al-Musaffo fi sharh al-manzuma an-Nasafiya” (“an-Nasafiy nazmining musaffo sharhi ”) – ilmi kalomga oid;

“Al-Mustasfo fi sharh al-fiqh an-nofi” (“Tanlangan foydali fiqh sharhi”) – islom huquqshunosligiga oid;

“Umdat al-aqoid” (“Aqidalar asosi”) – kalom ilmiga oid.

Abul Barakot Nasafiyning tafsir ilmi bo‘yicha ahli ilm orasida “Tafsir an-Nasafiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan va hanafiy mazhabiga muvofiq bitilgan “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” (Qur’on ma’nolari va ta’vil haqiqatlari) kitobi boshqa asarlar orasida eng qimmatlilaridan biri desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki boshqa tafsir kitoblari orasida katta shuhrat qozongan “Tafsir an-Nasafiy” kitobi dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan hanafiy mazhabiga binoan yozilgan, undagi oyatlar aynan moturidiya ta’limotiga binoan bayon etilib, o‘sha davrning ilm markazlari Buxoro va Samarqandning olimlari fikrlari bilan boyitilgandir. Bu asarni yozishda Nasafiy Zamaxshariyning “al-Kashshof an haqoiqi-t tanzil”, Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil” va boshqa  tafsirlardan foydalangan[2].

Alloma Laknaviy Abul Barakot Nasafiy 1310 yilda Bag‘dodga kelgani, mudarrislik qilgani va shu yerda vafot qilganlini aytib o‘tgan[3]. 1310 yili rabi al-avval oyining juma kuni kechasi Bag‘dodda vafot etgan hamda Isfahon yaqinidagi Izaj shahrida (Xuziston va Isfahon oralig‘ida) dafn qilingan.

Quyida ushbu buyuk imom haqida ba’zi ulamolarning fikrlari keltiramiz: Imom Laknaviy uni shunday ta’riflagan: “Komil imom, zamonasining ziyrak olimlaridan, fiqhda asosiy manbalarga amal qilgan, hadis va uning ma’nolarida yetuk olim”[4].

Imom Ibn Hajar uni “dunyoning allomasi”[5] deb atagan.

Ibn Kamol Pasha uning yuksak ilmiy maqomi haqida shunday degan: “U mutaqaddim faqihlar va muhaqqiqlar qatorida yuqori mavqega ega bo‘lib, zaif va mavzu' hadislarni o‘z asarlarida keltirmagan, balki mustahkam dalillarga tayangan”.

Shuningdek, u shunday degan: “Ijtihod eshigi u kishi bilan yopilgan, undan keyin hech bir mazhabda yangi mujtahid kelmagan”[6].

Abul Barakot Nasafiyning bir qator asarlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Nasafiy tafsiri ta’rifi va muallifining undagi uslubi.

Bu tafsirni Imom Nasafiy rohimahulloh “Tafsirul Bayzoviy” va Zamaxshariyning “Kashshof” tafsirlaidan muxtasar qilib olgan. Lekin u Kashshofdagi mo‘tazila e’tiqodidagi fikrlarni tashlab, Ahli sunna val Jamoa mazhabiga ko‘ra ta’lif qilgan. Bu tafsir uzun tafsirlar bilan qisqa tafsirlar orasidagi o‘rtacha tafsirdir. Bu tafsirda Imom Nasafiy rohimahulloh qiroat va tarkib qoidalari o‘rtasidagi vajhlarni jamlagan. Bunga Kashshofda kelgan balog‘at qoidalari va yashirin nozik ma’nolarni kashf etishdan iborat bo‘lgan bir qancha narsalarni ham kiritgan.

Shu bilan birga, Zamaxshariy o‘z tafsirida qo‘llagan savol va javoblarni ham keltirgan. Lekin imom Nasafiy rahmatullohi alayh o‘zining bu tafsirida oyatlarni asos qilib olgan. Shuning uchun “Kashshof”ning sohibi suralarning fazilati haqida mavzu' hadislarni keltirganidek u kishi mavzu' hadislarni keltirmagan.

Imom Nasafiy rohimahulloh grammatik qoidalarga chuqur kirmay, balki yengil to‘xtalib o‘tgan. Mutavotir yetti qiroatni lozim tutib, har bir qiroatni o‘z qorisiga nisbatini bergan. Hukm oyatlarning tafsirida fiqhiy mazhablarga qisqacha to‘xtalib o‘tgan. Har bir mazhab keltirgan fikrlarni qisqacha bayon qilib, asosan, ko‘pincha o‘zining hanafiy mazhabini qo‘llab-quvvatlagan. Mazhabiga muxolif kelganlarga raddiyalar bergan. Bu tafsirda Isroiliyot rivoyatlarining zikri kamdan-kam uchraydi. Shunda ham bunday rivoyatlarni keltirib turib, so‘ngra rad qiladi.

Darhaqiqat, imom Nasafiy rohimahulloh o‘z tafsirining avvalida qisqa bir iborani keltirib, unda o‘zining bu tafsirini yozishdagi yo‘nalishi va uslubini bayon qilib, jumladan, shunday deydi: “Tafsir ilmida qiroat va tarkib vajhlarini jamlagan, «Badi' va ishorat” ilmining nozik jihatlarini o‘z ichiga olgan, Ahli sunnat val jamoatning so‘zlari bilan bezalgan, bid’at va zalolat ahlining botil fikrlaridan xoli bo‘lgan, malol keladigan darajada juda uzun bo‘lmagan va xalal beradigan darajada juda qisqa bo‘lmagan, o‘rtacha bir kitobni yozdim».

 

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YHATI

  1. Uvatov U. Yurtimiz allomalari. – Toshkent: Nihol, 2014. – B. 98.
  2. Abul Barakot an-Nasafiy. Kanz ad-daqoiq. – Madina: Dorus siroj, 2001 – B. 29.
  3. Abul Barakot an-Nasafiy. Kanz ad-daqoiq. – Madina: Dorus siroj, 2001 – B. 13.
  4. Abdulhay Laknaviy. Favoidul bahiyya. – Bayrut: Matba’atus sa’oda, 1998. – B. 101.
  5. Ibn Xajar Asqaloniy. Durarul kamina. – Haydarobod: Maorifil Usmoniya, 1994, – J. 1. – B. 17.
  6. Abdulhay Laknaviy. Favoidul bahiyya. – Bayrut: Matba’atus sa’oda, 1998 – B. 101-102.