Hamisha kambag‘allikdan shikoyat qilib yurganlarni yoki boylik, pul topish orzusida halovatini yo‘qotganlarni ko‘rganda beixtiyor, «Payg‘ambar alayhissalomning hayotlaridan ibrat oling, u zotning ahli bayti qanday kun kechirganiga nazar soling, sahobiylarning, tobe’inlarning turmushlarini o‘rganing», deging kelaveradi. Bunga Islom tarixida misollar to‘lib-toshib yotibdi: Abu Hurayradan keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kunlarning birida yoki kechalarning birida ko‘chaga chiqqanlarida, Abu Bakr va Umarni (roziyallohu anhumo) uchratdilar. Ularga: «Sizlarni bu soatda uyingizdan nima yetaklab olib chiqdi?», deganlarida, ikkovlari:
«Ochlik, ey Allohning Rasuli», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga qasam, meni ham sizlarni olib chiqqan narsa olib chiqdi, yuringlar», dedilar. Sahobalar u zot bilan ansoriylardan bir kishinikiga borishdi. Borishsa, u uyida yo‘q ekan. Uning xotini bularni ko‘rib: «Xush kelibsizlar, marhabo», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Falon kishi (ya’ni, ering) qayerda?» dedilar. U ayol: «Bizga ichimlik suvi olgani ketdi», dedi. Shu payt haligi ansoriy kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ikki birodarlarini ko‘rib: «Allohga hamd bo‘lsin, bugun mehmon jihatidan mendan ko‘ra hurmatliroq kishi yo‘q», dedi. Va borib, xurmosi bor bir novda ko‘tarib keldi. Unda pishmagan, quritilgan va ho‘l xurmo bor edi. U: «Yenglar», deb iltifot qildi. So‘ng qo‘liga pichoq oluvdi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Qo‘y, sut berib turgan jonivorni so‘yma», dedilar. Keyin xonadon sohibi bir qo‘y so‘ydi. Ular bu qo‘ydanva haligi novdadagi xurmodan yeb, ichimliklar ichishdi. Qorinlari to‘yib va tashnaliklari qonganidankeyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam AbuBakr va Umarga: «Allohga qasam, Qiyomat kuni bune’matlar haqida so‘roqqa tutilasizlar. Sizlarni ochlik uylaringizdan chiqargan edi, sizlar esa bune’matlarga erishib qaytmoqdasiz», dedilar (ImomMuslim rivoyati). Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlarida ortlaridan na bir dinor yo dirham pul, na bir qul, na bir cho‘ri qoldirmay, balki sovutlarini bir yahudiyga o‘ttiz so’ (bir so’ 2,176 kiloga teng) taomga garovda qoldirib dunyodan o‘tdilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Mo‘minlar onasi Oisha binti Abu Bakrdan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yostiqlari teridan bo‘lib, ichiga xurmo qipig‘i solingan edi” (Imom Ahmad, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja rivoyati). Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Dinor va dirhamga hamda baxmal va kimxobga (ya’ni boylik va kiyimga) qul bo‘lganlar halok bo‘lishdi. Agar ularga bersang, (sendan) rozi bo‘lishadi, bermasang, rozi bo‘lishmaydi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Sahl ibn Sa’d So’idiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Agar Alloh huzurida dunyoning pashsha qanotichalik qadri bo‘lganida edi, kofirlarga undan bir ho‘plam suvcha narsani ham bermas edi», deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Ka’b ibn Iyozdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «O‘ar bir ummatning fitnasi bor. Mening ummatimning fitnasi mol-dunyodir», deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Payg‘ambar alayhissalom suyumli qizlari Fotimai Zahroni Hazrati Aliga turmushga uzatishga qaror qilganlaridan keyin undan: «Mahrga biror narsang bormi?», deb so‘radilar. Hazrati Ali: «Yo‘q, ey Allohning Rasuli», dedi. «Hutamiyya sovuting qani?», dedilar Payg‘ambarimiz. «O‘zimda, ey Allohning Rasuli», dedi Hazrati Ali. «O‘shani ber, bo‘lmasa», dedilar. Sovut Usmon ibn Affonga 470 dirhamga «sotildi». Ana shu pulga atir- xushbo‘yliklar, kelinga bir sidirg‘a (!) sarpo xarid qilindi. To‘y ziyofati qilishga mablag‘ yo‘q edi. Sa’d ibn Muoz qo‘y olib keldi. Sahobalar jo‘xori va boshqa yeguliklar topishdi. Payg‘ambarning suyumli qizlari Hazrati Ali xonadoniga kelin bo‘ldi (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Hannod ad-Dinavriy Sha’biydan bunday rivoyatni keltiradi: «Hazrati Ali aytadilar: «Muhammad alayhissalom qizlari Fotimaga uylanganimda mening ham, uning ham bir qo‘y terisidan (po‘stak) boshqa to‘shagimiz yo‘q edi. Kechasi ustida uxlar edik, kunduzi unda suvchi tuyaga yem berardik.
Mening undan (Fotimadan) boshqa xizmatchim yo‘q edi». Rasululloh alayhissalom qizlari Fotimani Hazrati Aliga nikohlab berganlarida u bilan birga teridan bo‘lgan to‘shak, ichiga xurmo qipig‘i solingan bolish, tosh tegirmon, suv idishi va ikkita meshcha yuborgan ekanlar. Tarixchilar bunday hikoya qilishadi: Bir kuni Hazrati Ali Fotimai Zahroga: «Quduqdan suv tortaverib ko‘kragim og‘rib ketdi. Otangizga Alloh ko‘p asirlarni bergan, birorta xizmatchi so‘rasang qandoq bo‘larkin?», dedi. Fotima ham: «Men esa tegirmon aylantiraverib qo‘llarim qavarib ketdi, borib xizmatchi so‘rayman», dedi.
Fotima birinchi gal otalaridan hayo qilib so‘rolmay qaytdilar. Keyin er-xotin ikkovlashib xizmatchi so‘ragani borishdi. Suv tortaverib, tegirmon aylantiraverib qiynalib ketishganidan arzi hol qilib, xizmatchi berilishini so‘rashdi.
Endi Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) suyumli qiz va kuyovlariga qilgan javoblarini tinglang: «Allohga qasam, sizlarga berib ahli suffani och qoldirolmayman. Hozir mablag‘ topa olmay asirlarni sotib, tushgan mablag‘ni ahli suffaga sarflamoqchiman». Ular noiloj orqaga qaytishdi.
Keyin Rasululloh xizmatchi o‘rniga qizlari va kuyovlariga namozdan so‘ng o‘ttiz uch martadan tasbeh, tahmid, takbir aytishni maslahat berdilar. Rasulullohning xonadonlari haddan ziyod kamtarona, faqirona yashar edi. Tobe’inlardan Urva ibn Zubayrning rivoyat qilishicha, Hazrati Oisha jiyani Urvaga Hujrai saodatda qanday yashaganlari haqida shunday degan: «Oydan-oyga qarab turardik. Rasul alayhissalom uylarida ko‘pincha qozon osilmasdi. Yemagimiz asosan xurmo va suv bo‘lardi. Rasulullohning ansoriy qo‘shnilari ba’zan bizga sut keltirib berishardi. Biz shuni ichardik». Payg‘ambar alayhissalom Madinada zavjai mutohharalari bilan masjidga yonma-yon qurilgan hujralarda yashar edilar. Hasan ibn Ali (r.a.)
aytadiki: «Usmon xalifaligi davrida Nabiy alayhissalom zavjalari yashagan hujralarga kirsam, qo‘lim shiftlariga tegar edi». Valid ibn Abdulmalik zamonida bu hujralar masjidga qo‘shib yuborilgan edi. Said ibn Musayyib aytadi: «Agar bu hujralar shu holida buzmasdan qoldirilganida edi, dunyoning xazina kalitlari qo‘llarida bo‘laturib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) rozi bo‘lgan narsalarni odamlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishar edi».
Allohning suyukli payg‘ambari, butun Islom olamining rahbari va yo‘lboshchisi, Alloh taolo «agar xohlasangiz, tog‘larni oltinga aylantirib beraman», deya va’da qilib turgan zot eng suyumli qizlariga qo‘sha-qo‘sha ko‘rpa-to‘shaklar, ko‘plab chorva mollari, keragicha uy jihozlari, son-sanoqsiz kiyim-kechaklarni sep qilib berishlari mumkin edi. Butun Madina ahlini, hatto boshqa o‘lkalardan mehmonlarni chorlab shohona to‘ylar qilib berishlari mumkin edi.
Ammo u zot bunday qilmadilar. Chunki, bunga axloqlari yo‘l qo‘ymas edi, dinlari, diyonatlari ijozat bermas edi. Aksincha qizlari va kuyovlarini kamtarlikka chaqirdilar, buyuk qanoatga yo‘lladilar. Muhammad alayhissalomning ummatlari bo‘lgan bizlar bugun nima qilyapmiz? Nega u zotdan, Payg‘ambar oilasidan o‘rnak olmaymiz, ibratlanmaymiz? Aksincha, qizimizni uzatsak, qo‘sha-qo‘sha jihozlar, behisob kiyim-kechaklardan iborat sep qilishga urinamiz.
O‘g‘limizni uylasak, buncha mebel qilasan, falondaqa uy olib berasan, buncha odamga ziyofat berasan, to‘yga falon artistni chaqirasan, degan shartlar qo‘yamiz. Nikoh to‘ylarini serhasham, dabdabali qilib o‘tkazishda kimo‘zarga musobaqalashamiz. Farzandlarimizning baxt-saodatini, iymonini, insofini, diyonatini o‘ylamaymiz. Bu mol-dunyo, hasham va dabdabalar ularga yaxshilik keltiradi, deb o‘ylaymizu bularning oxiratdagi hisob-kitobi haqida mutlaqo bosh qotirmaymiz. Agar bu dabdabayu- as’asalar dinimizga, axloqimizga, oxiratdagi ahvolimizga foyda berganida Alloh ham, Uning Rasuli ham bunga buyurgan bo‘lur edi. Yo‘q, aksincha Rasululloh alayhissalom hayotda buning butunlay ziddiga targ‘ib qilgalar.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom bilim yurti
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.
Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.
Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmidingiz?!” – debdi.
Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.
Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.
Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan boshqasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2] Shuro surasi, 40-oyat.