Islom dini insonni o‘z hayotida jamiyatdagi barcha kishilar bilan yaxshi munosabatda, muomalada va go‘zal odob-axloqda bo‘lib yashashga chorlaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bizlarni doimo chiroyli gumonda bo‘lishimiz zarurligi haqida qayg‘urib shunday deb ogohlantirganlar: “Badgumonlikdan saqlaninglar, zero yomon gumon so‘zlarning eng yolg‘onidir”.
Hazrat Umar roziyallohu anhuning o‘g‘li Abdulloh aytadi: «Men Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni Baytullohni tavof qilayotganlarini va quyidagi hadisni aytganlarini ko‘rdim». Ul zot shunday dedilar: «Ey Baytulloh! Sen qanday ham yaxshisan! Hiding bunchalar ham xushbo‘y! Sen qanday ham ulug‘san! Sening hurmating qancha ham buyuk! Muhammadning joni Uning izmida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh huzurida mo‘minning qoni va molu-dunyosi Sening hurmatingdan ham ulug‘roqdir. Mo‘min haqida faqat yaxshi gumonda bo‘linadi» (Imom Molik rivoyati).
Darhaqiqat mo‘min-musulmon kishi har doim o‘zgalarga ozor bermaslik va zulm qilib qo‘ymaslik uchun tilini, qo‘lini va qalbini yomon gumonda bo‘lishdan tiyadi. Yomon gumon, g‘iybat, bo‘hton, chaqimchilik, dinda g‘uluvga ketishlik jamiyat a’zolari o‘rtasidagi insonlar oromi va farog‘atiga zarar beradigan ijtimoiy illat va gunoh sanaladi.
Ulug‘ zohid Fuzayl ibn Iyoz aytadi: «Kim g‘iybatdan omonda bo‘lishni istasa, gumon eshiklarini mahkam berkitsin. Kim gumondan uzoqda bo‘lsa, do‘sti aybini axtarishdan omonda bo‘ladi. Kim birovning xatosini topishdan xoli bo‘lsa, u g‘iybatdan chetda bo‘ladi».
Imom Sufyon Savriy dedi: «Birodaring haqida yomon gumonda bo‘lishing uni zaharlab o‘ldirishing bilan tengdir».
Muslim ATAYEV,
Fatvo bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati