Ulamolar, ustozlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar. Ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar. Ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan omonlik qirg‘og‘iga yetadilar. Binobarin, olimlarni risoladagidek hurmat qilmay turib, haqlarini munosib ravishda ado qilmay turib, farzandlarimizni el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyo uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslar, olimu ziyoli, shifokoru muhandis, tadbirkor insonlar etib ulg‘aytirish mumkin emas. Bu – bamisoli urug‘ni yerga qadamasdan turib hosil kutishdek gap.
Hurmat ibodatdan yaxshi, degan o‘z o‘rnida haq so‘z bor. Alloh aziz qilgan insonlarning hurmatini joyiga qo‘yish ibodat. Haj surasining 30-oyatida bunday marhamat qilinadi: «(Gap) shudir. Kimki Alloh harom etgan narsalarni katta ish deb bilsa (rioya qilsa), bas, bu Parvardigori nazdida o‘zi uchun yaxshidir».
Alloh darajasini baland qilgan narsalarni e’zozlash va ulug‘lash qalbdagi taqvodan dalolat ekani Qur’oni karimda ta’kidlanadi. Ustoz va muallimlar kabi ilm sohiblari ham aynan Rabbi qadrlarini baland qilgan toifaga mansubdirlar. Qur’oni karimda bunday deyiladi: «(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) qalblarning taqvosidandir» (Haj surasi, 32-oyat). Oyatda “shiorlar” deya tarjima qilingan so‘z “sha’aairolloh” kalimasi bilan kelgan. Aslida buni bir so‘z bilan boshqa tilga o‘girish mumkin emas. Tafsir kitoblarida aytilishicha, “sha’aairolloh” deb Alloh tomonidan fazilati bildirilgan barcha narsa tushuniladi. Ustoz va ilm muallimlari ilm sharafi tufayli ulug‘lanadilar. Ilm ahllarining qadri naqadar ulug‘ ekani quyidagi oyatda ham bayon etiladi: «…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodila surasi, 32-oyat). Ilm va olimlarning fazilatlari, ikki dunyoda erishadigan daraja va martabalariga doir oyat va hadislar juda ko‘p uchraydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan olim kishining bir kunlik ibodati ilmsiz obidning qirq yillik ibodatiga teng ekani, qiyomatda shafoat qilishi, agar u ta’lim ham bersa, Yer va osmonlardagi barcha jonzot Allohdan unga mag‘firat so‘rashi va boshqa ko‘p bashoratlar sahih hadislar orqali rivoyat qilingan.
Sulaymon (alayhissalom)ga Alloh taolo ilm, boylik va podshohlikdan birini tanlashni buyurganida u ilmni tanlaydi. Ilmning sharofatidan unga boylik va podshohlik ham qo‘shib beriladi.
O‘tgan ulug‘ zotlar, ustozlar, ulamolarning haqlarini to‘liq ado etib, ularning qadrlari nechog‘li baland ekanini his etishgan. Bu borada Hazrat Alisher Navoiy aytadi: “Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila. Aylamak bo‘lmas ado oning haqin ming ganj ila”. Imomi A’zam Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) aytadi: “Ustozim Imom Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uylarimizning orasida yettita ko‘cha bor edi. Har namozda ota-onamning qatorida u zotga mag‘firat so‘rayman. Shuningdek, boshqa barcha ustozlarimning haqlariga duo qilaman”. Imom Ahmad ibn Hanbal (rahmatullohi alayh): “O‘ttiz yildan buyon biror kechada ustozim Imom Shofi’iyning haqiga duo qilmay uxlamaganman”, deydi.
Ulamolarga kibr qilish, uni mensimaslik yomon xulqdir. Nabiy (alayhissalom): “Yo Alloh, olimga ergashilmaydigan, oqildan hayo qilinmaydigan zamon kelib qolmasin!”, deya ulamolar hurmat qilinmaydigan zamon kelishidan panoh so‘raganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Bular ulamolarga ko‘rsatiladigan odoblar ummonidan ayrim tomchilar xolos. Muxtasar qilib aytsak, inson olimlarning roziligini topishga intilishi va ularni norozi va xafa qiladigan, ko‘nglini og‘ritadigan ishlardan saqlanmog‘i lozim.
Uyg‘un G‘OFUROV,
Toshkent islom instituti rektori
Baqara surasining: «Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormi?..» 245-oyati karimasi nozil bo‘lgach, Abu Dahdah roziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli! Alloh qarzdan behojat bo‘lgani holda, bizning qarz berishimizni xohlaydimi?” – dedilar.
Nabiy alayhissalom: “O‘sha sababli sizlarni jannatga kiritishni xohlaydi”, deya javob berdilar. “Agar men Robbimga qarz bersam, uning evaziga men va bolalarimni ham jannatga kiritadimi?” – dedilar Abu Dahdah.
Nabiy alayhissalom: “Ha”, dedilar. Shunda Abu Dahdah: “Unday bo‘lsa, qo‘lingizni uzating!” – dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini uzatgan edilar, Abu Dahdah: “Mening ikkita bog‘im bor, ularning biri Madinaning past tarafida, boshqasi tepa tarafida joylashgan. Xudo haqqi, menda shulardan boshqa narsa yo‘q, ularni Allohga qarz berdim”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bittasini Allohga berib, boshqasini o‘zing va oilang tirikchiligi uchun olib qo‘yavergin”, dedilar.
Abu Dahdah: “Yo Allohning Rasuli, siz guvoh bo‘lingki, men ikkisidan eng yaxshisini, ichida 600 tup xurmosi borini berdim”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unday bo‘lsa, Alloh u sababli seni jannat ila mukofotlaydi”, dedilar.
Abu Dahdah bog‘ tomon yurdilar va ayoli hamda bolalarini chaqirib: “Chiqing, men bu yerni Allohga qarz berdim”, dedilar.
Ummu Dahdah: “Yo‘g‘-e, nimaga bunday qildingiz, axir bu bog‘ni orqangizdan qoladigan bolalaringizga tashlab ketganingiz yaxshi emasmi? Choraginimi yo yarminimi berib, qolganini o‘zimizga olib qolmabsiz-da!” demadilar.
Aksincha, Ummu Dahdah: “Yaxshi savdo bo‘libdi, Alloh sizga baraka bersin”, dedilar. Keyin bolalariga o‘girilib, ularning etaklaridagi xurmolarni qoqib tashladilar va og‘zida chaynab turganlarini ham chiqartirib yubordilar. Shu zahoti bolalari bilan u yerdan chiqib, ikkinchi bog‘ga kirib joylashdilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Abu Dahdah uchun mevalari mo‘l qanchadan-qancha xurmo daraxtlari tayyorlab qo‘yilgan”, dedilar.
Ey Abu Dahdah, mukofotingizni Alloh bersin! Qanday qilib Allohning amriga bu darajada tezlik ila labbay deya javob berdingiz-a?! Qanday qilib ajabtovur, mevalari ko‘pligidan shoxlari egilib qolgan bu xurmozorni
Allohning jannatidan umid qilib, O‘zining yo‘lida sadaqa qildingiz?! Buni qanday uddaladingiz?!
Hozirgi kunda oldiga ishonchli kishilar kelib masjid qurilishi uchun yordam so‘rashganida yoki musulmonlarga foyda keltiradigan biror-bir ishga homiylik qilish iltimosi bo‘lganda ikkilanadigan ba’zi boylarga o‘xshab Abu Dahdah roziyallohu anhu uzoq o‘ylanmadilar. Yoki bo‘lmasa maqtov, o‘zlarining haqlariga madhiya so‘ramadilar. Yo‘q, Allohga qasamki, u zot bu ishlarni Alloh O‘zining muxlis bandalariga tayyorlab qo‘ygan jannatiga talabgor bo‘lib qildilar, bundan boshqa narsaning talabida bo‘lganlari yo‘q.
Ey Abu Dahdah, qilgan ishingiz muborak bo‘lsin! Yana sizga bundayin soliha ayol muborak! Bunday ulkan martabada tura olish qutlug‘ bo‘lsin! Ey Ummu Dahdah! Musulmonlarning ayollari sizdayin zotlarga ergashsinlar...
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.